Turkiyada 15 yoshga to‘lmagan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlovchi qonun kuchga kirdi

Turkiyada 2026 yil 1 noyabrdan boshlab 15 yoshga to‘lmagan bolalarga ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochishni taqiqlovchi tartib kuchga kirdi. Avvaldan mavjud profillar davlat xizmatlari orqali tekshiriladi va yoshga oid talab buzilgan taqdirda bloklanadi. Kelgusi yilning 31 martigacha o‘tish davri belgilangan, deb xabar beradi Anadolu mamlakatning Oila va ijtimoiy xizmatlar vazirligiga tayanib.

Endi biror ijtimoiy tarmoqda ro‘yxatdan o‘tish uchun Turkiyaning e-Devlet davlat xizmatlari portali orqali shaxsni tasdiqlashdan o‘tish kerak. Shundan so‘ng foydalanuvchi yoshi ko‘rsatilgan raqamli tokenni oladi.

Shu bilan birga, internetdan foydalanishning yangi qoidalariga muvofiq, 15 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun ham cheklovlar joriy etilmoqda. Ularga ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochishga ruxsat beriladi, biroq notanishlar bilan yozishish (faqat do‘stlar bilan muloqot qilish mumkin), to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga chiqish, smartfon ekranining skrinshotini olish, «kattalar uchun» reklamalarni ko‘rish va boshqalar taqiqlanadi.

Bundan tashqari, vazirlik ma’lum qilishicha, bolalarning internetda bo‘lishini nazorat qilish bo‘yicha ota-onalarning vakolatlari kuchaytiriladi. Kattalar o‘smirning akkaunt sozlamalarini, onlayn xaridlari va pullik obunalarini, xarajatlar limitini, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish vaqtini hamda geolokatsiya ma’lumotlarini almashish mexanizmlarini boshqarishi mumkin bo‘ladi.

Qonun YouTube, TikTok, Facebook, Instagram va boshqa platformalarni o‘z ichiga olgan barcha ijtimoiy tarmoqlarga tatbiq etiladi.

Turkiyaga tashrif buyuruvchi xorijlik sayyohlar mamlakatga kirganidan so‘ng davlat portalida pasport ma’lumotlarini ko‘rsatib, mashhur internet resurslaridan foydalanishlari mumkin bo‘ladi.

Yangi tartibni buzganlarga nisbatan sanksiyalar qo‘llanadi. 15 yoshga to‘lmagan bolalar yoki ular uchun akkaunt ochgan shaxslarga qoidabuzarning yillik daromadining 3 foizi miqdorida jarima solinishi va reklama joylashtirish taqiqlanishi mumkin. Ayrim hollarda internet o‘tkazish qobiliyati 90 foizgacha cheklanadi.

15 yoshga to‘lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasini Turkiya parlamenti joriy yilning aprel oyida ma’qullagan edi. Bunga Qahramonmarash shahridagi maktablardan birida sodir bo‘lgan hodisa sabab bo‘lgandi: 14 yoshli o‘smir to‘qqiz nafar o‘quvchi va bir nafar o‘qituvchini otib o‘ldirgan edi. Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on fojiani voyaga yetmaganlar orasida ijtimoiy tarmoqlarning ommalashgani bilan bog‘lab, kontent almashishga mo‘ljallangan raqamli ilovalar bolalar ongini buzishini, ijtimoiy tarmoqlar esa axlatxonaga aylanganini aytgan edi.

Turkiya bunday cheklovlarni joriy etgan birinchi mamlakat emas. Fransiya, Ispaniya, Xitoy va AQSHda o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishiga nisbatan taqiqlar amal qiladi. Kelgusi yilda Gretsiyada ham shunday qoidalar kuchga kiradi.

Eng keskin yondashuv Avstraliyada qo‘llangan deb hisoblanadi. U yerda 16 yoshga to‘lmagan bolalar uchun ijtimoiy internet platformalaridan foydalanishni taqiqlovchi keng qamrovli qonun qabul qilingan. Biroq, o‘smirlar hukumat qaroridan norozi bo‘lib, uni bekor qilishni talab qilib Oliy sudga da’vo arizasi kiritishdi. Bu ish bo‘yicha sud jarayoni haliyam davom etmoqda.