O‘zbekiston Milliy mediaini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi mamlakatda media iste’moli bo‘yicha ilk milliy tadqiqot natijalarini taqdim etdi. So‘rovnoma fuqarolarning yangiliklarga yuqori darajada qiziqishini, axborot manbalari sifatida Telegram va televideniyening yetakchilik qilayotganini, shuningdek, davlatning O‘zbekiston 24 telekanaliga yuqori ishonch bildirilishini ko‘rsatdi. Bu haqda Media jamoat fondi xabar berdi.
Mass-media fondi ta’kidlashicha, tadqiqot dastlabki o‘rganish xususiyatiga ega bo‘lib, mediadan foydalanish bo‘yicha ilk tahliliy manzarani taqdim etadi. Yanada chuqurroq ma’lumot olish uchun turli yo‘nalishlar bo‘yicha alohida tadqiqotlar o‘tkazish rejalashtirilgan.
Tadqiqot 2026 yil 8–19 sentyabr kunlari yashash joyida shaxsiy intervyu o‘tkazish usulida amalga oshirilgan Unda mamlakatning barcha 14 ta hududidan 18 yoshdan katta 1411 kishi ishtirok etdi: ularning 53,9 foizi shahar, 46,1 foizi qishloq aholisi. Fond ma’lum qilishicha, ko‘p bosqichli tanlanma gender, yosh va hududiy tafovutlarni hisobga olgan holda, ma’lumotlarning milliy darajada reprezentativligini ta’minlagan.
Natijalarga ko‘ra, so‘rovda qatnashganlarning 50,4 foizi mamlakatdagi voqealarni muntazam kuzatib boradi, yana 30,4 foizi esa ularga vaqti-vaqti bilan qiziqish bildiradi.
Tadqiqot ishtirokchilarini eng ko‘p qiziqtirgan mavzular qatoriga O‘zbekistondagi voqealar (56 foiz), xalqaro kun tartibi (40 foiz), mahalliy va viloyatlardagi voqealar (22 foiz), davlat boshqaruvi va siyosat (21,7 foiz), ta’lim va fan (20,7 foiz) kirgan.
Yangiliklarning asosiy manbalari sifatida Telegram kanallari (51,6 foiz), televideniye (44,6 foiz) va ijtimoiy tarmoqlar (41,6 foiz) ko‘rsatilgan.
Keyingi o‘rinlarda YouTube va videobloglar (31,3 foiz), internet nashrlari va yangiliklar saytlari (30 foiz) turadi. Respondentlar ushbu manbalarga murojaat qilishning asosiy sabablari sifatida axborotning tezkor taqdim etilishini (48,6 foiz), manbaga ishonchni (31,3 foiz), istalgan vaqtda foydalanish imkoniyatini (31 foiz), axborot taqdim etish shaklining qulayligini (30,9 foiz) va bepul foydalanish imkoniyatini (24,1 foiz) ko‘rsatgan.
Radio, shuningdek, bosma va onlayn matbuot yangiliklar manbai sifatida kamroq tilga olingan — ularni respondentlarning tegishlicha 21,9 va 28,3 foizi qayd etgan.
Yoshga qarab tafovut yaqqol ko‘zga tashlanadi: 18–24 yoshdagi yoshlar axborotni asosan Telegram (66,2 foiz) va ijtimoiy tarmoqlardan (54,4 foiz) oladi. 55 yoshdan katta respondentlar esa televideniyega sodiq qolmoqda (77,4 foiz). So‘rovda qatnashganlarning 67,5 foizi televizion kontent tomosha qiladi.
Biroq, ishonch darajasi bo‘yicha televideniye yetakchilik qilmoqda: respondentlarning 44,3 foizi unga ishonadi. Telegram kanallariga esa atigi 11,3 foiz, yangiliklar saytlariga 7,4 foiz ishonch bildiradi.
Televideniyega ishonch yosh o‘tgan sari ortib boradi: 18–24 yoshdagilar orasida bu ko‘rsatkich 23,1 foizni, 55 yoshdan kattalar orasida esa 70,6 foizni tashkil etadi. Aksincha, aksariyat raqamli manbalarga ishonch yosh o‘tgan sari pasayadi.
Telekanallar orasida eng yuqori ishonchga O‘zbekiston 24 sazovor bo‘lgan: tomoshabinlarning 41,7 foizi uni asosiy axborot manbai, 52,8 foizi esa eng ishonchli manba sifatida tanlagan.
Telekanallarga bo‘lgan qiziqish tarkibida Milliy TV, O‘zbekiston 24, Zo‘r TV va Sevimli TV yetakchi o‘rinlarni egallaydi. Tanlov jins va yoshga qarab farq qiladi: erkaklar sport kanallarini, ayollar esa Milliy TV va Sevimli TV kanallarini ko‘proq tanlaydi.
Telegram yangiliklarni tezkor olishning asosiy vositasi bo‘lib qolmoqda. Messenjerdan foydalanuvchilar ulushi 86,1 foizga yetadi, ularning 85,3 foizi unga kuniga bir necha marta kiradi. So‘rov ishtirokchilarining 55,2 foizi O‘zbekiston yangiliklari kanallariga, 27,1 foizi esa xalqaro yangiliklar kanallariga obuna bo‘lgan.
Ijtimoiy tarmoqlardan fuqarolarning 64,8 foizi, 18–24 yoshli yoshlarning esa 84 foizi foydalanadi. Bu borada Instagram yetakchilik qiladi: ushbu yosh guruhidagi respondentlarning 92,7 foizi undan foydalanadi.
Respondentlar media sohasidagi asosiy tahdid sifatida yolg‘on xabarlarni ko‘rsatgan. So‘rovda qatnashganlarning 46,6 foizi soxta yangiliklar tarqalishini zamonaviy OAVning eng dolzarb muammosi deb hisoblaydi. Ular noto‘g‘ri axborotga ko‘proq YouTube (50,1 foiz), Telegram (44 foiz) va ijtimoiy tarmoqlarda (38,4 foiz) duch kelishini bildirgan. Respondentlarning 77,4 foizi OAVning ishonchsiz ma’lumot tarqatgani uchun javobgarligini kuchaytirish tarafdori bo‘lgan.
Tadqiqot ishtirokchilarining fikricha, OAV faoliyatidagi dolzarb muammolar qatoriga obyektivlik va xolislikning yetarli emasligi (33,1 foiz), davlat organlari shaffofligining pastligi (30,6 foiz), jurnalistlarning axborot olish imkoniyatlari cheklangani (27,4 foiz), ularning kasbiy tayyorgarligi yetarli emasligi (20,4 foiz) va tahliliy materiallar kamligi (20,3 foiz) ham kiradi.
Respondentlarning 75,9 foizi axborotning ishonchliligini davlat tomonidan nazorat qilish tarafdori bo‘lgan. 18,2 foizi esa xavfsizlik va axloq masalalarida OAVni qisman davlat tomonidan tartibga solishni qo‘llab-quvvatlagan.
So‘rovda qatnashganlarning 49,7 foizi O‘zbekistonda so‘z erkinligi va OAV mustaqilligi darajasini ijobiy baholagan. Ular jurnalistlar o‘z fikrini erkin bildirishi va turli mavzularni yoritishi mumkinligini qayd etgan.
Respondentlar narxlar, bandlik va ijtimoiy yordam haqidagi ma’lumotlar (41,3 foiz), shuningdek, aholining kundalik muammolari to‘g‘risidagi axborot (40,6 foiz) yetishmasligini ta’kidlagan.
Mass-media fondi direktori Jahongir Azimovning ta’kidlashicha, tadqiqot «respublika media makonida kechayotgan jarayonlarning umumiy manzarasini televideniye, radio, bosma va onlayn OAVni qamrab olgan holda ko‘rsatdi». Uning so‘zlariga ko‘ra, yosh, jins va yashash joyi bo‘yicha olingan ko‘rsatkichlar «juda sinchkovlik bilan o‘rganishni talab qiladi». U, shuningdek, yanada chuqur va xolis ma’lumotlar olish uchun har bir yo‘nalish bo‘yicha alohida batafsil tadqiqotlar zarurligini ta’kidlab, fond bu ishni davom ettirishga tayyorligini bildirgan.
«Bugun taqdim etilgan natijalar barcha benefitsiarlar uchun amaliy manba bo‘ladi va yanada xabardor, barqaror hamda mediasavodxon jamiyat barpo etish yo‘lidagi hamkorlikni davom ettirishga xizmat qiladi, deb umid qilaman», — deb qayd etdi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi muvaqqat ishlar vakili Renata Vrubel.
Taqdim etilgan tadqiqot O‘zbekiston Milliy mediaini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, O‘zbekistondagi Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi hamda Prezident administratsiyasi huzuridagi OAV uchun kontent tayyorlash markazining qo‘shma tashabbusidir. Dala tadqiqotlarini «Ijtimoiy fikr» Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi o‘tkazgan. Loyihaning ikkinchi bosqichida O‘zbekistonning olti hududida jurnalistlar, matbuot xizmatlari xodimlari va blogerlar uchun treninglar tashkil etiladi.



