Mirziyoyev Buxoroda sayyohlar sonini ikki baravarga oshirib, har yili xorijiy sayyohlar oqimini 7 million nafarga yetkazish vazifasini qo‘ydi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Buxoroga xorijiy sayyohlar oqimini ikki baravarga oshirishni topshirdi. Agar joriy yil oxiriga qadar viloyatga 3,5 million nafar mehmon tashrif buyurishi kutilayotgan bo‘lsa, istiqbolda bu ko‘rsatkichni yiliga 7 million nafar xorijiy sayyohga yetkazish zarur. Davlat rahbari bu haqda Buxoro viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qildi, deb xabar beradi uning matbuot xizmati.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, belgilangan maqsadlarga erishish uchun yangi turistik paketlar ishlab chiqish, turli tadbirlar taklif etish, jozibador obyektlar barpo etish va xorijlik sayyohlar uchun maqsadli bozorlarni shakllantirish lozim.

Mirziyoyev bir qator loyihalarga batafsil to‘xtaldi. Jumladan, Eski shahar, Yetti pir, Chor-Bakr, Varaxsha va Vardonze tarixiy majmualari yagona konsepsiya asosida birlashtiriladi. Gulchorbog‘ mahallasida turistik markaz, Jalol Ikromi mahallasida esa xalqaro tadbirlarni o‘tkazish uchun kongress-xoll tashkil etiladi. Buxoro shahrida dunyoga mashhur brendlar mehmonxonalari quriladi, markazdagi sakkizta ko‘cha yangilanadi va oltita xiyobon barpo etiladi. Buxoro tumanida esa 1000 gektar maydonda qiymati 500 million dollarlik turistik klasterni ishga tushirish rejalashtirilgan.

Mirziyoyev turistik xizmatlar turlarini kengaytirish va ularning sifatini oshirish, shuningdek, sayyohlik mavsumini faqat yilning issiq davri bilan cheklamasdan, boshqa oylarga ham uzaytirish zarurligini ta’kidladi.

Turizmdan tashqari, viloyat hokimiyati oldida boshqa yo‘nalishlarni ham rivojlantirish vazifasi turibdi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilda viloyat iqtisodiyoti ilk bor 100 trillion so‘mlik (8,4 milliard dollar) chegaradan oshadi, o‘sish sur’ati esa 10,1 foizni tashkil etadi. Biroq bu ko‘rsatkichlar hanuz tabiiy resurslarga asoslangan sanoat va qishloq xo‘jaligiga bog‘liq. Ushbu tarmoqlarning iqtisodiyotdagi ulushi 43 foizga yetadi, xizmatlar sohasining ulushi esa so‘nggi 10 yilda atigi 33 foizdan 36 foizga oshgan.

Davlat rahbari iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, xomashyoni qayta ishlashni chuqurlashtirish va har bir tumanda o‘sish nuqtasini belgilash vazifasini qo‘ydi. Mutasaddilarga sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi ko‘rsatkichlarni 1,5 baravarga oshirish bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqish topshirildi.

Yig‘ilishda transport infratuzilmasi, xususan, avtomobil yo‘llarini ta’mirlash va qurish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Samarqand — Buxoro yo‘nalishida shaharlar o‘rtasidagi yo‘l vaqtini besh soatdan bir yarim soatgacha qisqartirish imkonini beradigan pullik avtomobil yo‘lini qurish, shuningdek, yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlar uchun yangi temir yo‘l liniyasi barpo etish rejalashtirilmoqda. Mirziyoyev har ikki loyihaning master-rejalarini ishlab chiqishni yakunlash va salohiyatli investorlar bilan muzokaralarni boshlash bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Prezident bir vaqtning o‘zida 20 ta samolyot va 1,2 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan yangi xalqaro aeroport qurilishi davom etayotganini eslatdi. Ushbu loyihaga 300 million dollar investitsiya kiritilmoqda. Aeroportni Buxoro markazi bilan bog‘laydigan magistral yo‘l qurilishi, unda avtobuslar uchun alohida yo‘lak tashkil etilishi kutilmoqda. Turkiyaning Pegasus aviakompaniyasi O‘zbekistonning ushbu hududiga to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yish niyatida ekani ham ma’lum. Kelgusi yili Malayziya, Indoneziya, Quvayt, Misr va Bahrayn bilan havo qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

Ijtimoiy soha haqida so‘z borganda, viloyatda xususiy maktablar va bog‘chalar sonini ko‘paytirish, umumta’lim muassasalari bitiruvchilarining 50 foizini texnikumlarga jalb qilish loyihalari qayd etildi. Shuningdek, 10 ta davlat va xususiy oliy ta’lim muassasasida dual ta’lim bilan qamrovni ikki baravar oshirish maqsadi belgilandi.

Joriy yilda 29 ta shifoxona va poliklinika yangilangani ham ta’kidlandi. Mirziyoyev tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, sohaga investitsiyalar jalb qilish va xorijda ish tajribasiga ega vatandoshlar salohiyatidan keng foydalanish zarurligini ko‘rsatib o‘tdi.