Buxoro neftni qayta ishlash zavodi mahsulot ishlab chiqarish hajmini, jumladan, Yevro-5 standartidagi benzin ishlab chiqarishni ikki baravar oshiradi

Buxoro NQZ. O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati fotosurati

Qiymati 328 million dollarlik uskunalarni modernizatsiya qilish natijasida Buxoro neftni qayta ishlash zavodi ishlab chiqarish quvvatini ikki baravar — yiliga 2,5 million tonnadan 5 million tonnagacha oshiradi. Xususan, ekologik Yevro-5 standartiga javob beradigan benzin ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning korxonaga tashrifi chog‘ida davlat rahbariga ma’lum qilindi, deb xabar beradi prezident matbuot xizmati.

Neftni qayta ishlash zavodining texnologik imkoniyatlarini yangilash, birinchi navbatda, xomashyoni qayta ishlash hajmini oshirishga qaratilgan. Shuningdek, yuqori oktanli benzin ishlab chiqarish ham ko‘paytiriladi.

Naftani gidrotozalash va izomerizatsiya qilish uskunalarini o‘rnatish orqali mutaxassislar katta hajmda sifatli mahsulot olishi mumkinligi ta’kidlandi. Gidrotozalash jarayonida xomashyo tarkibidagi oltingugurt va boshqa aralashmalar miqdori kamayadi, izomerizatsiya esa neftning yengil fraksiyalaridan olinadigan benzinning oktan sonini oshirish imkonini beradi. Bu esa eng yuqori ekologik standartlarga javob beradigan AI-92 va AI-95 markali avtomobil yoqilg‘isi ishlab chiqarishni ko‘paytirishga xizmat qiladi.

Loyiha, shuningdek, xomashyoni fraksiyalarga ajratish va og‘ir qoldiqlarni chuqur qayta ishlash jarayonlarini takomillashtirishni nazarda tutadi. Natijada korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati ikki baravarga — turli mahsulotlar bo‘yicha 5 million tonnagacha oshadi. Shu munosabat bilan zavod ichki bozor ta’minotini mustahkamlash va eksportni sezilarli darajada ko‘paytirishni rejalashtirmoqda.

Qoraulbozor tumanida joylashgan Buxoro neftni qayta ishlash zavodi O‘zbekistondagi eng yirik yoqilg‘i ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblanadi. Bu yerda 3,2 mingdan ortiq kishi mehnat qiladi. Joriy yilning to‘qqiz oyida zavod bozorga umumiy qiymati 12 trillion so‘mdan (1 milliard dollar) ziyod bo‘lgan 1,36 million tonna neft mahsulotlarini yetkazib berdi. Eksport hajmi 99,5 million dollarni tashkil etdi. Yil oxirigacha bu ko‘rsatkich 116 million dollarga yetishi kutilmoqda.

Buxoro viloyatiga safari doirasida Mirziyoyev, shuningdek, Tekhnochem korxonasiga tashrif buyurdi va neft, gaz kondensati, nafta, metanol hamda piroliz distillyatini qayta ishlashga ixtisoslashgan neft-kimyo klasteri faoliyati bilan tanishdi.

Bu O‘zbekistondagi yagona shunday majmua ekani ta’kidlandi. Bugungi kunda bu yerda 500 nafar mutaxassis mehnat qilmoqda. Kompaniya yoqilg‘i va boshqa mahsulotlar, jumladan, benzin sifatini yaxshilash uchun oktan-buster, shuningdek, bo‘yoqlar, laklar, yelim va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan erituvchilar ishlab chiqaradi.

Prezidentga zavodni rivojlantirish rejalari haqida ma’lumot berildi. Xususan, 2028 yil oxirigacha qiymati 292 million dollarlik investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Tashabbus doirasida aromatik uglevodorodlar va erituvchilar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Natijada xomashyoni qayta ishlash quvvati yiliga yana 400 ming tonnaga oshadi. Muhandislar, kimyogarlar, texnologlar va laborantlar uchun ham 700 ta ish o‘rni yaratiladi.

Korxona har yili 180 ming tonnagacha neft-kimyo mahsulotlari, avtomobil benzini va dizel yoqilg‘isini Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Afg‘oniston, shuningdek, Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga eksport qilishni rejalashtirmoqda.