O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga safari davomida umumiy qiymati 7,8 milliard dollarlik 145 ta investitsiya loyihasini ishga tushirish marosimida ishtirok etdi. Tashabbuslar iqtisodiyotning turli tarmoqlarini, jumladan, neft-kimyo, to‘qimachilik sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, mashinasozlik, raqamli texnologiyalar, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarni qamrab oladi, deb xabar beradi davlat rahbari matbuot xizmati.
Ta’kidlanishicha, qiymati 654 million dollardan ziyod bo‘lgan 55 ta tashabbusni amalga oshirish ishlari boshlangan, yana 7,1 milliard dollarlik 90 ta loyiha doirasida zarur obyektlar qurilishiga kirishilgan.
Mahalliy tadbirkorlar va xalqaro moliya institutlari bilan bir qatorda AQSH, Kanada, Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur, Xitoy, Vetnam, Turkiya, BAA, Saudiya Arabistoni, Rossiya va Hindiston investorlari ham mintaqa iqtisodiyotiga o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Ekspertlar prognozlariga ko‘ra,
yuqorida qayd etilgan loyihalarni amalga oshirish natijasida 14 mingdan ortiq ish o‘rni yaratiladi, yiliga 22 trillion so‘mlik (1,8 milliard dollar) yangi mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi va 510 million dollarlik eksport ta’minlanadi.
Buxoro viloyatida «yashil» energetika sohasidagi quvvatlar faol kengaytirilmoqda. So‘nggi ikki yilda ushbu sohaga 2 milliard dollar investitsiya jalb qilindi. Umumiy quvvati 1,75 ming MVt bo‘lgan shamol va quyosh elektr stansiyalari, quvvati 63 MVt bo‘lgan energiya saqlash tizimlari ishga tushirildi, 600 kilometrdan ortiq magistral elektr tarmoqlari yotqizildi.
Shu bilan birga, G‘ijduvon tumanida Saudiya Arabistonining Acwa kompaniyasi ishtirokida quvvati 300 MVt bo‘lgan «Bosh-2» shamol elektr stansiyasi qurilishi davom etmoqda. Jondor va Peshku tumanlarida Yaponiyaning Toyota hamda Xitoyning Sinoma kompaniyalari quvvati 1000 MVtgacha bo‘lgan shunday obyektlarni qurmoqda. Bundan tashqari, Kogon tumanida Xitoylik hamkorlar bilan birgalikda maishiy chiqindilardan elektr energiyasi ishlab chiqaradigan, qiymati 165 million dollarlik zavodni ishga tushirish rejalashtirilgan. Germaniyaning Leman kompaniyasi ko‘magida esa tez orada Amudaryo–Buxoro kanali nasos stansiyalarining barqaror ishlashini ta’minlashga qaratilgan 150 million dollarlik loyiha amalga oshiriladi.
Viloyatning paxta yetishtirish borasidagi tajribasini hisobga olgan holda, bu yerda to‘qimachilik klasterlari rivojlantirilmoqda. Jumladan, Buxoro shahri va Romitan tumanida shunday klasterlar tashkil etilmoqda. Ikkinchi holatda xitoylik tadbirkorlar loyihaga 400 million dollar investitsiya kiritishga tayyor. Shuningdek, xorijiy hamkorlar 9 ming gektar yerni o‘zlashtirishni taklif qilgan. Bu qo‘shilgan qiymati yuqori mahsulotlar ulushini 65 foizga yetkazish va eksportni 100 million dollarga oshirish imkonini beradi.
Buxoro O‘zbekistonning eng yirik sayyohlik markazlaridan biri hisoblanadi. Shu bilan birga, hokimiyat vakillari mintaqaning sayyohlar uchun jozibadorligini oshirishda davom etmoqda. Shu maqsadda «Boqiy Buxoro» madaniy-etnografik bog‘i, zamonaviy mehmonxonalar va ko‘ngilochar maskanlar barpo etilmoqda. Xususan, bu yerda Indigo, Hilton va Holiday Inn xalqaro brendlari ostidagi mehmonxonalarni ochish rejalashtirilgan.
«Umuman, Buxoroda qiymati 3 milliard dollarlik 19 ta yirik loyihani boshlaymiz. Agar bu ishlarni tizimli tashkil qilsak, birgina Buxoroning o‘zida bemalol 5 milliard dollarlik turizm xizmatlari eksportini ta’minlaymiz», — dedi Mirziyoyev.
Viloyatda suv ta’minotini yaxshilash bo‘yicha ham keng ko‘lamli ishlar rejalashtirilgan. Xususan, bu yo‘nalishda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda 633 million dollarlik tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Buning natijasida 781 ming kishi ilk bor ichimlik suvidan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, yo‘llarni modernizatsiya qilish va qurish ishlari amalga oshiriladi, bu maqsadlarga taxminan 565 million dollar investitsiya kiritiladi.
Prezident, shuningdek, Buxoroda xorijiy delegatsiyalar ishtirokidagi oliy darajadagi uchrashuvlar va sammitlarni o‘z ichiga olgan yirik xalqaro tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Respublika rahbari ta’kidlashicha, shahar va viloyat mehmonlari haqidagi ilk taassurot aeroport, vokzallar va yo‘llarda shakllanadi. Shu bois qiymati 300 million dollarlik yangi aeroport qurilishi, shuningdek, uni shahar bilan bog‘laydigan uzunligi 23,5 kilometrlik avtomobil yo‘li barpo etish ishlari batafsil muhokama qilindi.
Mirziyoyev mahalliy mulozimlarga temir yo‘l vokzallari hududlarini obodonlashtirish, avtoturargohlar, yoritish tizimi, xizmat ko‘rsatish sifati va jamoat transporti faoliyatini yaxshilash bilan jiddiy shug‘ullanishni topshirdi. Buxoroning iqlim sharoitini hisobga olgan holda yashil hududlarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Daraxt ekish bilan bir qatorda, ko‘chatlarni parvarishlash uchun zarur bo‘lgan sug‘orish va drenaj tizimlarini ham yaratish lozimligi ta’kidlandi.
Buxoro viloyatiga safari doirasida Shavkat Mirziyoyev Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qildi, kongress-xoll va zamonaviy mehmonxonalar qurilishi, Qo‘shmadrasa me’moriy majmuasini restavratsiya qilish ishlari, shuningdek, vetnamlik hamkorlar bilan birgalikda amalga oshirilayotgan shaharsozlik loyihalari bilan tanishdi.



