Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Nurlan Sauranbayevni Transport vaziri lavozimidan ozod qildi, deb xabar beradi Oqo‘rda matbuot xizmati.
Davlat rahbari boshqa farmoni bilan ushbu lavozimga o‘z ma’muriyati rahbari o‘rinbosari Asel Janasovani tayinladi va uni avvalgi lavozimidan ozod etdi. Shuningdek, u Bosh vazir o‘rinbosarlaridan biri bo‘ldi.
Sauranbayev 2025 yil iyun oyidan buyon Transport vazirligini boshqarib kelayotgan edi. Uning iste’fosidan avval To‘qayev mamlakatdagi yo‘llar holatini tanqid qilgandi. Prezident 28 oktyabr kuni xalqqa yo‘llagan murojaatida yo‘l qurilishi sifatini oshirish zarurligini ta’kidladi va barcha respublika hamda mahalliy avtomobil yo‘llarini Transport vazirligi orqali hukumat tasarrufiga o‘tkazishni topshirdi. Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, avval markaziy va mahalliy hokimiyat organlari bu soha uchun mas’uliyatni bir-birining zimmasiga yuklagan va «muammoni botqoqqa botirish uchun qo‘llaridan kelgan barcha ishni qilgan».
Asel Janasova 1987 yilda Olmaotada tug‘ilgan. «Bolashaq» dasturi bo‘yicha Kembrij universitetini tamomlagan va 2010 yilda kompyuter fanlari yo‘nalishi bo‘yicha diplom olgan.
2010–2014 yillarda Londondagi ENRC ofisida ishlab, IT mutaxassisidan kiberxavfsizlik departamenti direktori lavozimigacha ko‘tarilgan. Qozog‘istonga qaytgach, Milliy bankda ishlagan, «Zerde» xoldingini boshqargan, Savdo va integratsiya vaziri o‘rinbosari bo‘lgan. 2022 yil oktyabr oyida «Qazpochta» rahbari etib tayinlangan, 2025 yil iyun oyida esa prezident maslahatchisi lavozimini egallagan. 2025 yil dekabr oyida uni Prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari etib tayinlashgan.
2025 yil aprel oyida Jahon iqtisodiy forumi Janasovani Young Global Leaders («Yosh global yetakchilar») dasturiga kiritgan. O‘sha yilgi ishtirokchilar ro‘yxatidan qariyb 50 mamlakatdan 40 yoshga to‘lmagan 116 kishi o‘rin olgan.



