2024 va 2025 yillarda dunyo bo‘ylab 189 nafar jurnalist va ommaviy axborot vositalarining boshqa xodimlari halok bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich avvalgi ikki yillik davrga nisbatan 20 foizga ko‘p. Ularning 127 nafari qurolli mojarolar hududlarida o‘ldirilgan. Bu haqda 2 noyabr kuni nishonlanadigan Jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun jazosizlikka barham berish xalqaro kuniga bag‘ishlangan YUNЕSKO hisobotida so‘z yuritiladi.
Qayd etilishicha, so‘nggi bir yilda kasbiy vazifalarini bajarish chog‘ida kamida 34 nafar OAV vakili halok bo‘lgan. Bunday jinoyatlarning har yettitasidan oltitasi jazosiz qolmoqda. Ya’ni mojarolar sharoitida bu ko‘rsatkich 100 foizga yaqinlashadi, deya ta’kidlaydi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish.
Uning so‘zlariga ko‘ra, butun dunyoda jurnalistlar haqiqatni gapirgani uchun hamon o‘ta yuqori badal to‘lashga majbur bo‘lmoqda. Guterrish har bir bunday holatni tergov qilish, aybdorlarni javobgarlikka tortish va OAV xodimlariga internetdagi hujumlarga chek qo‘yishga chaqirdi.
YUNЕSKO hisobotida qayd etilishicha, hisobot davrida jurnalistlarning o‘ldirilishi dunyoning barcha mintaqalarida qayd etilgan, bu esa muammoning global tus olganini ko‘rsatadi. Eng ko‘p tasdiqlangan hodisalar arab davlatlarida kuzatilgan — 97 ta. Keyingi o‘rinlarda Lotin Amerikasi va Karib havzasi — 37 ta, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi — 34 ta, Markaziy va Sharqiy Yevropa — 14 ta, Afrika — 6 ta, G‘arbiy Yevropa va Shimoliy Amerika — 1 ta holat qayd etilgan. Eng ko‘p OAV xodimi Falastin hududida halok bo‘lgan: ikki yil davomida 62 kishi.
Alohida ta’kidlanishicha, bu yillarda 14 nafar ayol jurnalist halok bo‘lgan. Ayol OAV vakillari ham jangovar harakatlar hududlarida, ham mojarolar kuzatilmaydigan mamlakatlarda alohida xavf-xatarlarga duch kelishmoqda. Masalan, «BMT-Ayollar» tuzilmasi baholashicha, ayol jurnalistlarning 75 foizi internetda va real hayotda zo‘ravonlik hamda ta’qiblarga uchraganini bildirgan.
YUNЕSKO hujjatida jurnalistlarga hujum qilish uchun uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish yangi va tashvishli tahdidga aylanayotgani aytilgan. 2024–2025 yillarda dronlar OAVning 50 nafar xodimi halok bo‘lishiga sabab bo‘lgan, bu esa qurbonlar umumiy sonidan 40 foizini tashkil etadi.
Shu bilan birga, bitta hujum oqibatida bir nechta OAV xodimi halok bo‘lgan yettita holat qayd etilgan. Ular qatoriga tahririyatlar va vaqtinchalik matbuot markazlariga berilgan zarbalar ham kiradi. Bundan tashqari, «Matbuot» yozuvi tushirilgan nimchalar kiyib yurgan yoki xuddi shunday belgi qo‘yilgan avtomobillarda bo‘lgan 15 kishi o‘ldirilgan.
Ayni paytda, hisobotda ta’kidlanishicha, qurolli mojarolar bo‘lmagan mamlakatlarda jazosizlik darajasi pasayishda davom etmoqda. 2012 yildan 2026 yilgacha bu ko‘rsatkich 94 foizdan 77 foizga tushgan. Bunday davlatlarda jurnalistlarning o‘ldirilishi bilan bog‘liq hodisalar soni — 85 ta — so‘nggi 18 yildagi eng past ko‘rsatkichdir.
«Bu hukumatlar tergov ishlari, jinoiy ta’qib va jurnalistlarni himoya qilishga mablag‘ ajratganda, ijobiy natijaga erishish mumkinligini ko‘rsatadi», — deya ta’kidlaydi YUNЕSKO.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yildan 2025 yilgacha dunyo bo‘ylab 740 nafardan ortiq jurnalist va OAV xodimi o‘ldirilgan yoki bedarak yo‘qolgan. Majburan g‘oyib bo‘lganlarning qariyb 90 foizi hanuz hibsda saqlanmoqda.
Tyurk, shuningdek, 2012 yildan 2024 yilgacha dunyoda fikr bildirish erkinligi darajasi 10 foizga pasayganini eslatdi. U hukumatlarni jurnalistlarga qarshi jinoyatlarni, jumladan, qurolli mojarolar hududlarida sodir etilgan jinoyatlarni tezkor va mustaqil ravishda tergov qilishga chaqirdi.



