Yevroosiyo jamg‘armasi Tojikiston iqtisodiyotini barqarorlashtirish uchun 100 mln dollar o‘tkazdi

YEBTJ direktori Yaroslav Mandron va Tojikiston Moliya vaziri Fayziddin Qahhorzoda kredit ajratish to‘g‘risidagi bitimni imzolagandan so‘ng. Tojikiston Moliya vazirligi matbuot xizmati fotosurati

Yevroosiyo barqarorlashtirish va taraqqiyot jamg‘armasi (YEBTJ) Tojikistonga barqarorlashtirish krediti bo‘yicha 100 million dollar miqdoridagi birinchi transhni o‘tkazdi. Mablag‘lar 20 yil muddatga yillik 1 foiz stavkada, 10 yillik imtiyozli davr bilan ajratildi, deb xabar beradi YEBTJ matbuot xizmati.

Transh 2026 yil 30 oktyabrda kelib tushdi. Kredit Tojikiston hukumati va respublika Milliy banki 2025–2027 yillarda amalga oshirayotgan makroiqtisodiy barqarorlashtirish va tarkibiy o‘zgarishlar dasturini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.

Avvalroq, 2026 yil avgust oyida tomonlar umumiy miqdori 200 million dollarlik kredit bitimini imzolagan edi. Moliyalashtirish uch bosqichda ajratilishi ko‘zda tutilgan: birinchi transh — 100 million dollar, keyingi ikkitasi — 50 million dollardan.

Kredit orqali qo‘llab-quvvatlanadigan dastur «Makroiqtisodiy barqarorlik», «Budjet siyosati va kvazifiskal xatarlarni kamaytirish» hamda «Makroiqtisodiy va tarkibiy siyosatning shaffofligini oshirish» yo‘nalishlarini qamrab olgan 12 ta chora-tadbirdan iborat.

YEBTJ — 2009 yilda Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston tomonidan ta’sis etilgan, hajmi 9,8 milliard dollarlik mintaqaviy moliyaviy mexanizm. Jamg‘arma ishtirokchi mamlakatlarga makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash uchun moliyaviy yordam ko‘rsatadi. Tojikiston avval ham budjet va ijtimoiy xarajatlarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, energetika va infratuzilma sohalaridagi loyihalarni amalga oshirish uchun mazku jamg‘arma mablag‘larini jalb qilgan.