Rossiyadagi ekspertlar «Yandeks»ning data — (ma’lumotlarni qayta ishlash) markazlariga qilingan hujumlar mamlakatda internet faoliyatiga qanday ta’sir ko‘rsatishini muhokama qilayotgan bir paytda, Qozog‘iston aholisi mamlakat tashqarisidagi avariyalar ularning kundalik hayotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligidan yoqa ushlashdi. Axir, bundan atigi uch yil oldin yandex.kz faoliyatini ta’minlovchi serverlar Qozog‘iston hududiga ko‘chirilgan edi. Biroq, Rossiyadagi ma’lumotlarni qayta ishlash markazlariga qilingan hujumlardan so‘ng respublikada kimdir vokzalga o‘z vaqtida yetib bora olmadi, kimdir tovarlarni yetkazib bera olmadi, kimdir arxivini yo‘qotdi, «aqlli uy» esa aqlli bo‘lmay qoldi. Nihoyat, «hamma sevib qolgan» botlar ham qayergadir g‘oyib bo‘ldi. Nima sodir bo‘ldi va nima uchun Rossiyadagi uzilishlar qozog‘istonliklar hayotiga ta’sir ko‘rsatdi — bu haqda «Farg‘ona» materialida.
Raqobatning yo‘qligi
«Yandeks»ning Vladimirdagi data — markaziga qilingan hujumdan so‘ng Rossiya aholisi «Yandeks Go», «Yandeks Pey», «Yandeks Yeda» va «Yandeks Pro» (unda taksi haydovchilari va kuryerlar ro‘yxatdan o‘tadi) servislari ishlamayotganidan ommaviy ravishda shikoyat qila boshladi. Keng ko‘lamli uzilish boshqa mamlakatlardagi foydalanuvchilarga ham ta’sir ko‘rsatdi — Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Gruziya, Belarus va Armanistonda taksi yoki kuryer chaqirish imkoni yo‘qligidan shikoyatlar kelib tusha boshladi. Ilova orqali taksi buyurtma qilishga uringanda server xatosi haqida xabar paydo bo‘lib, bir daqiqadan so‘ng qayta urinib ko‘rish taklif etildi.
Qozog‘istonda «Yandeks Go» ustun mavqega ega — u yirik shaharlardagi taksi bozorining qariyb 90 foizini egallagan, deb baholanadi. Ilovadagi uzilish uning asosiy raqobatchisi inDrive foydalanuvchilari sonining keskin ko‘payishiga olib keldi.
Biroq inDrive'da narx belgilash tizimi boshqacha: yo‘lovchi safar uchun narxni o‘zi taklif qiladi, haydovchi esa bu narxga rozi bo‘lish yoki bo‘lmaslikni hal qiladi. Talab keskin oshgani sababli mashina topish qiyinlashdi. Kompaniya komissiyani eng past darajagacha tushirgani va haydovchilar bilan yo‘lovchilar o‘rtasidagi savdolashuv doirasini cheklaganini ma’lum qildi, biroq bu choralar yordam bermadi. Talabning keskin ortishi tufayli safarning o‘rtacha narxi uch barobarga ko‘tarildi.
Shu munosabat bilan Raqobatni himoya qilish va rivojlantirish agentligi (RHRA) servisga yozma ogohlantirish yubordi. Idora fikricha, safarlar narxining keskin oshishi yo‘lovchilarning huquqlariga daxl qilishi mumkin, ayniqsa taksi xizmatlarini tanlash imkoniyati cheklangan sharoitda.
«Qozog‘istonda taksi agregatorlari bozori yuqori darajada markazlashgan. Bunday sharoitda xizmatlardan foydalanish imkoniyatini ta’minlash va safarlar narxining asossiz oshishiga yo‘l qo‘ymaslik iste’molchilar manfaatlarini himoya qilishda alohida ahamiyatga ega», — deya ta’kidladi Raqobatni himoya qilish va rivojlantirish agentligi.
Shu bilan birga, agentlikning agregatorga nisbatan e’tirozlari to‘liq tushunarli emas. Agar yo‘lovchi manziliga tezroq yetib borishni istasa, u haydovchiga yuqoriroq narx taklif qilishi mantiqan to‘g‘ri, chunki haydovchining bunday taklifga rozi bo‘lish ehtimoli kattaroq. Shunga mos ravishda, arzonroq safar buyurtmalari javobsiz qolishi mumkin. Foydalanuvchilar oqimi keskin ko‘paygan sharoitda inDrive bu mexanizmni qanday qilib tezkorlik bilan o‘zgartirishi mumkin edi — bu masala noaniq.
Ikkita yirik agregator bilan raqobat fonida deyarli yo‘qolib ketgan hududiy taksi parklari mashinalar yetishmasligining o‘rnini to‘ldira olmadi. Natijada, uzilish boshlangan 11 oktyabr kuni ko‘plab qozog‘istonliklar ishga, uchrashuvlar va tadbirlarga kech qoldi.
Nafaqat taksi
Biroq, taksi bilan bog‘liq muammolar Qozog‘iston aholisi duch kelgan qiyinchiliklarning faqat bir qismi bo‘ldi. Masalan, rejissyor Muxtar Umarov Threads ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida uzilishdan keyin «Xan Kenesari: Soңg‘i shayqas» («Xon Kenesari: So‘nggi jang») hujjatli filmi uchun Yandeks.Diskda saqlangan arxiv materiallarini yo‘qotganini ma’lum qildi.
Yo‘qotilgan materiallar «film mazmunini boyitish va tarixiy voqealarni yanada chuqurroq tahlil qilish uchun» mo‘ljallangan bo‘lgan. Shu bilan birga, asosiy materiallar saqlanib qolgan: ularning zaxira nusxasi qattiq diskda bo‘lgan. «Film ustidagi ish davom etmoqda», — deya ishontirdi rejissyor.
Yandeks infratuzilmasi orqali boshqa tashkilotlar ham faoliyat yuritadi. Shu sababli yuzaga kelgan muammolar ko‘plab servislar va kompaniyalarga ta’sir ko‘rsatdi. Masalan, «Dodo Pitssa» tarmog‘i bir muddat davomida yetkazib berish va olib ketish uchun, shuningdek, pitsseriyalarning o‘zida ham buyurtmalarni qabul qila olmadi.
G‘arbning bir qator OAV va ekspertlari «Yandeks» serverlariga qilingan hujumlardan so‘ng go‘yoki Rossiyani qo‘llab-quvvatlovchi botlar faolligi pasaygani haqidagi xabarlarga e’tibor qaratdi. Bu ma’lumot 11 va 12 oktyabr kunlari ijtimoiy tarmoqlarda faol tarqatildi va grafik bilan birga taqdim etildi (keyinchalik grafik sun’iy intellekt yordamida yaratilgani ma’lum bo‘ldi). Ko‘p o‘tmay, bu xabar soxta ekani aniqlandi. Shunga qaramay, Qozog‘istonda ham botlar faolligining pasayganiga e’tibor qaratildi.
«Ha, biz ham buni payqadik. Yandeksning ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari ishdan chiqishi bilanoq, hatto bizning kanalimizda ham botlar deyarli yo‘qoldi», — deb yozadi Qozog‘istonda mashhur bo‘lgan «Za nami uje viexali» Telegram-kanali. «Yandeks» ishidagi uzilishlar bilan botlar faolligi o‘rtasidagi bog‘liqlikni tasdiqlovchi ishonchli ma’lumotlar yo‘q. Biroq bunday kuzatuvlarni ham e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi.
Ma’lumotlar qayerda saqlanadi?
«Yandeks» faoliyatidagi uzilish Qozog‘istonning raqamli suvereniteti masalasini yana kun tartibiga olib chiqdi. Hali 2023 yildayoq mahalliy hokimiyat vakillari Rossiya kompaniyasi qonunchilik talablariga muvofiq, yandex.kz ishlashi uchun zarur serverlarni respublika hududiga ko‘chirganini ma’lum qilgan edi.
Hozirgi vaziyatga izoh berar ekan, Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligi ma’lum qilishicha, qozog‘istonlik foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini saqlash uchun mo‘ljallangan «Yandeks» serverlari haqiqatan ham mamlakat hududida joylashgan va shtat rejimida ishlashda davom etmoqda.
Shu bilan birga, vazirlik taksi va yetkazib berish xizmatlari faoliyati uchun zarur bo‘lgan ayrim komponentlar Qozog‘istondan tashqarida joylashganini tan oldi.
So‘nggi voqealar ko‘rsatishicha, bu komponentlar Rossiyada joylashgan. Bu esa mamlakatning raqamli suverenitetni ta’minlash yo‘lidagi siyosatiga biroz zid keladi. «Әdіlet» partiyasidan Qurultoy deputati Lyazzat Jilkabayeva ham aynan shu jihatga e’tibor qaratdi. U Bosh prokuratura va Raqamli rivojlanish vazirligiga murojaat qilib, qozog‘istonliklarning shaxsiy ma’lumotlari xorijga uzatilgan-uzatilmagani va ularni himoya qilish talablariga rioya etilgan-etilmaganini aniqlashni so‘radi.
«Fuqarolarning telefon raqamlari, manzillari, harakatlanish yo‘nalishlari va to‘lov ma’lumotlarini har kuni qayta ishlaydigan servisning xorijdagi bitta uzilish tufayli ishdan to‘xtab qolishi ushbu ma’lumotlar aynan qaysi mamlakatda va qanday huquqiy rejim doirasida qayta ishlanayotgani haqida ochiq va aniq tushuntirish berilishini talab qiladi», — deyiladi deputat so‘rovida.
Qozog‘iston uchun imkoniyat
Rossiyalik ekspertlarning fikricha, uzoq muddatli istiqbolda ma’lumotlarni qayta ishlash markazining shikastlanishi «Yandeks»ning mahsulotlarini rivojlantirish imkoniyatlarini cheklab qo‘yishi mumkin. Ayrim ekspertlar kompaniya serverlariga hujumlar davom etgan taqdirda, umuman Runetning kelajagini ham shubha ostiga olmoqda. Rossiya infratuzilmasining geografik jihatdan bir joyda to‘plangani va kompaniyalarni ma’lumotlarni mamlakat hududida saqlashga majburlovchi mahalliy qonunlar qo‘shimcha xavflarni yuzaga keltirmoqda. Agar Ukraina uchuvchisiz uchish apparatlarining data markazlariga hujumlari davom etsa, Rossiya hukumati bu cheklovlarga nisbatan yondashuvini qayta ko‘rib chiqishiga to‘g‘ri kelishi mumkin.
Bunday holatda Rossiya biznesi xorijdagi zaxira quvvatlarini faolroq izlay boshlashi, Qozog‘iston esa ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari bozorini rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bo‘lishi mumkin. Bu o‘rinda respublikaning Ekibastuz shahridagi «Ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari vodiysi» nomli yirik loyihasini eslamaslikning iloji yo‘q.
Qolaversa, bunday muzokaralar allaqachon olib borilmoqda. Hukumatning sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha ishchi guruhi Rossiyaning sun’iy intellekt uchun mo‘ljallangan ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini «do‘stona» mamlakatlarda, jumladan, Belarus va Qozog‘istonda joylashtirish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Bu haqda RBK nashriga IT sohasidagi manbalar ma’lum qilgan. Raqamli rivojlanish vazirligi hisoblash quvvatlarini joylashtirishning turli variantlari ko‘rib chiqilayotganini tasdiqladi, biroq muayyan mamlakatlar va maydonchalar bo‘yicha hozircha aniq qarorlar qabul qilinmagan.
-
14 oktyabr14.10Naxodkadan Fors ko‘rfazigachaEronga MDH nima uchun kerak va u YEOIIga qo‘shilishga tayyormi? -
13 oktyabr13.10Rog‘un uchun Nepal sabog‘i111 ta ekologik tashkilot Jahon bankidan nimani talab qilmoqda va buning Tojikistonga qanday aloqasi borligi haqida -
12 oktyabr12.10VideoKimligingni unutma1916 yilgi qo‘zg‘olondan Ukrainadagi urushga qadar -
08 oktyabr08.10«Vaziyat juda nozik»O‘nlab qozog‘istonliklar Rossiyaga ishlash uchun ketishgan, ammo u yerda urushga jalb etilgan -
02 oktyabr02.10Turkmaniston elektron vizalarni joriy qildiMarkaziy Osiyoning eng yopiq mamlakati turistlar uchun ochiladimi? -
30 sentyabr30.09Finlyandiya, Singapur, CambridgeO‘zbekiston maktab islohotini xorijiy tajribalar asosida qanday shakllantirayotgani haqida



