Qozogʻistonning Pavlodar viloyati hokimligi premyer-ligada toʻp surayotgan va ilgari bankrot deb topilgan «Irtish» futbol klubini xususiy mulkka topshirishga qaror qildi, deb xabar berdi mahalliy maʼmuriyat matbuot xizmati.
«Tijoratlashtirish jarayoni yakunlandi, yangi xususiy investorlar bilan hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolandi. Ular orasiga uchta tashkilot kirdi: 50 foizlik ulush bilan «Pavlodar daryo porti» AJ, «RR-CAPITAL» MCHJ (yoqilgʻi yetkazib berish bilan shugʻullanadi — tahr. izohi) — 25 foiz va «Birlashgan meva-sabzavot kompaniyasi» MCHJ — 25 foiz», — deyiladi xabarda.
Hokimlik maʼlumotlariga koʻra, investorlar klubga har yili taxminan 1,5 mlrd tenge ($3,3 mln) sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. Rasmiylar bu jamoaning keyingi rivojlanishini taʼminlashiga umid bildirmoqda. Xususan, yangi xoʻjayinlar yoshlar tarkibini rivojlantirish boʻyicha majburiyatlarni oʻz zimmasiga oladi.
2026 yilda «Irtish» Qozogʻiston premyer-ligasiga qaytdi. Hozirda jamoa musobaqa jadvalida 12-oʻrinni egallab turibdi.
Klub 1965 yilda tashkil etilgan va SSSR chempionatlarida ishtirok etgan. Sovet Ittifoqi tarqalib ketganidan soʻng oʻndan ortiq murabbiy almashdi. Oʻz tarixi davomida «Irtish» besh marta Qozogʻiston chempioni boʻlgan: 1993, 1997, 1999, 2002 va 2003 yillarda, shuningdek, mamlakat Kubogini ham qoʻlga kiritgan.
2020 yilda «Irtish» moliyaviy muammolar tufayli musobaqalardagi ishtirokini toʻxtatadi, ikki yil oʻtib esa bankrot deb eʼlon qilinadi. 2023 yilda hukumat mashhur futbol klubini qayta tiklashga qaror qiladi.
Forbes.kz yozishicha, «Pavlodar daryo porti» — Irtish daryosida faoliyat yuritayotgan portlardan biri. Kompaniya daryo qumi, qum-shagʻal qorishmasi va chaqiq tosh qazib olish, shuningdek, daryo orqali tashish va logistika, gidrotexnika hamda qurilish ishlari bilan shugʻullanadi. U taʼsischilari Dolores Pshembayeva (2014 yildan buyon) va Anetta Sagʻinbek (2022 yildan buyon) boʻlgan «San» MCHJga tegishli. Pshembayeva — Majilisning sobiq deputati va Qozogʻiston mashinasozlar ittifoqi rahbari Meyram Pshembayevning qizi.
«RR-CAPITAL» MCHJ Ekibastuzda roʻyxatdan oʻtgan boʻlib, «boshqa yoqilgʻi turlarining ulgurji savdosi» bilan shugʻullanadi. Taʼsischilari — Ardak Sizdiqov va Janargul Sizdiqova.
Pavlodarning «Birlashgan meva-sabzavot kompaniyasi» MCHJ faoliyati shaxsiy yoki ijaraga olingan koʻchmas mulkni ijaraga berish va undan foydalanish bilan bogʻliq boʻlib, 2026 yil sentyabridan buyon kompaniya Ruslan Nigʻimonovga tegishli.
Joriy yilda Qozogʻistonda ilgari davlat tashkilotlari boshqaruvida boʻlgan boshqa futbol klublari ham ochiq savdolarga qoʻyildi yoki xususiy investorlarga topshirish jarayonlari boshlandi. Ular safida Chimkentning «Oʻrdabasi» klubi ham bor.



