Tojikistonda qimmatbaho metallar va toshlarni qazib olish, ishlab chiqarish hamda ularning muomalasi boʻyicha xorijiy kompaniyalar bilan tuziladigan bitimlar loyihalari majburiy korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkaziladi. Qonunchilikka tegishli tuzatishlarni prezident Emomali Rahmon 21 oktabr kuni imzoladi, deb xabar beradi «Aziya-Plyus».
Oʻzgartishlar 2001 yildagi «Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar toʻgʻrisida»gi qonunga kiritildi. Ilgari xorijiy yuridik shaxslar bilan tuziladigan xalqaro shartnomalar va bitimlar loyihalari majburiy iqtisodiy-huquqiy ekspertizadan oʻtkazilar edi. Endilikda unga korrupsiyaviy xavf-xatarlarni tekshirish ham qoʻshildi. Ekspertizani oʻtkazish tartibi hukumat tomonidan belgilanadi, tashkillashtirish bilan esa vakolatli davlat organi shugʻullanadi. Parlament quyi palatasi tuzatishlarni 15 iyunda qabul qilgan boʻlsa, yuqori palata 17 oktabrda maʼqulladi.
Yangi talablar nafaqat oltin qazib olishga, balki boshqa qimmatbaho metallar va toshlarni ishlab chiqarish, ulardan foydalanish hamda ularning muomalasi bilan bogʻliq bitimlarga ham tatbiq etiladi. Ushbu sohadagi xalqaro shartnomalar avvalgidek majburiy ratifikatsiya qilinishi shart.
Tuzatishlar mayda staratellar qazib olishini davlat tomonidan tartibga solishni ham kuchaytiradi. Unga litsenziyalash, hisob va hisobot, davlat nazorati hamda qazib olingan xomashyoni xarid qilishda davlatning ustuvorlik huquqi tatbiq etiladi. Noqonuniy qazib olingan, muomaladan olib qoʻyilgan yoki musodara qilingan qimmatbaho metallar va toshlar Tojikiston oltin-valyuta zaxiralari tarkibiga kiruvchi Davlat qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar fondiga topshiriladi.
Qayd etish joiz, Tojikistonning oltin qazib olish tarmogʻidagi yirik xorijiy investorlar Xitoy kompaniyalari hisoblanadi. Ular orasida «Zarafshon» korxonasini nazorat qiluvchi Zijin Mining, «Pokroʻt» koniga egalik qiluvchi China Nonferrous Gold, shuningdek, «TALKO Gold» loyihasida ishtirok etayotgan TBEA va Tibet Huayu Mining mavjud.
Xalqaro valyuta jamgʻarmasi maʼlumotlariga koʻra, 2023 yilda mamlakatda oltin qazib olishning qariyb 70 foizi «Zarafshon» hissasiga toʻgʻri kelgan. Boshqa yirik ishlab chiqaruvchilar qatorida 49 foiz ulushi Buyuk Britaniyada roʻyxatdan oʻtgan Gulf International Minerals kompaniyasiga tegishli boʻlgan Tojikiston—Britaniya «Aprelevka» qoʻshma korxonasi hamda «Tilloi tochik» davlat korxonasi bor.



