Qozogʻiston prezidenti farovonlik va qonuniylik sari «buyuk yurish» boshlanganini eʼlon qildi

Qasim-Jomart Toʻqayev Foto: t.me/aqorda_resmi/

Qozogʻiston prezidenti Qasim-Jomart Toʻqayev adolat va qonuniylik asosida xalq farovonligiga erishishga qaratilgan «buyuk yurish» boshlanganini maʼlum qildi. U bu haqda Xavfsizlik kengashining tezkor yigʻilishida bayonot berdi, deb xabar bermoqda Oqoʻrda.

«Biz pirovard maqsadi — konstitutsiyaviy tamoyillar, yaʼni Qonun, Adolat va Tartibga asoslangan xalq farovonligi boʻlgan buyuk yurishni boshlayapmiz. Bu yoʻl oson kechmaydi, ancha mashaqqatli boʻladi, ammo yoʻlni yurgan bosib oʻtadi», — deya matbuot xizmati prezident soʻzlaridan iqtibos keltiradi.

Toʻqayev rasmiylar erishilgan natijalar bilan cheklanib qolmasligi va avvalgi muvaffaqiyatlarga mahliyo boʻlmasligi kerakligini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, «Adolatli Qozogʻiston»ni barpo etishga dangasalik va beparvolik, shuningdek, davlat rahbari mamlakat dushmanlari deb atagan korrupsionerlar toʻsqinlik qilmoqda.

«Korrupsion guruhlar esa — dushmanlarimiz boʻlib, ular hozirning oʻzidayoq «Xalq qurilishi»ni obroʻsizlantirish va barbod qilish rejalarini tuzmoqda. Bunga, albatta, yoʻl qoʻymaymiz», — dedi davlat rahbari.

Uning qayd etishicha, ushbu dastur doirasidagi barcha ijtimoiy infratuzilma obyektlari — yoʻllar, aeroportlar, poliklinikalar, reabilitatsiya markazlari, maktablar va sport inshootlari yuqori sifatda qurilishi lozim.

Davlat mablagʻlarining toʻgʻri sarflanishini maxsus davlat komissiyasi nazorat qiladi. Uning tarkibi kelgusi hafta boshida eʼlon qilinishi rejalashtirilgan.

«Xalq qurilishi» — Toʻqayevning yaqinda respublika xalqiga yoʻllagan murojaatnomasida ilgari surgan tashabbusidir. U keyingi uch yil ichida mamlakatning turli hududlarida ijtimoiy va infratuzilma obyektlarini barpo etishga 6,5 trln tenge (qariyb $14,61 mlrd) ajratishni nazarda tutadi. «Xalq qurilishi» uchun qariyb 1,5 trln tenge ($3,3 mlrd) joriy yilda hamda 2027 yilning dastlabki ikki oyida ajratilishi kutilmoqda.