Fyodor Gagloyev murabbiylik faoliyatini Rossiyada bosh murabbiy maqomida boshlagan, Roman Pavlyuchenkoga katta futbolga yoʻl ochgan hamda bir qator taniqli klublarda faoliyat yuritgan. Bugun esa u Samarqandning «Dinamo» klubida Vadim Abramovning yordamchisi sifatida ishlamoqda. Bunday tajribaga ega mutaxassis uchun kutilmagan burilishmi? Ehtimol. Ammo Gagloyevni Oʻzbekiston bilan 35 yillik tarix bogʻlab turadi.
1991 yilda u Fargʻonaning «Neftyanik» (hozirgi «Neftchi») jamoasida Yuriy Sarkisyan qoʻl ostida toʻp surgan, oʻsha paytda Abramov uning yordamchisi edi. Endi esa sobiq hamkasblar yana birga — bu safar Samarqandda ishlamoqda.
Gagloyevning oʻzi 1999 yilda, 32 yoshida Stavropol «Dinamo»sini boshqarib, Rossiya professional futbolidagi eng yosh bosh murabbiylardan biriga aylangan. Keyinchalik u Nijniy Novgorodning «Lokomotiv», Pyatigorskning «Mashuk-KMV», Vladikavkazning «Alaniya» klublariga rahbarlik qilgan. Futbolchilik faoliyatida esa Anatoliy Byshovets, Oleg Romantsev va Valeriy Gazzayev qoʻl ostida toʻp surgan hamda SSSR oʻsmirlar terma jamoasi safida 1984 yilgi Yevropa chempionati finaligacha yetib borgan.
«Fargʻona»ga bergan intervyusida Gagloyev nima uchun Oʻzbekistonga qaytganini tushuntirdi, Pavlyuchenkoning isteʼdodini qanday payqaganini soʻzlab berdi, Rossiya va Oʻzbekiston futbolini taqqosladi, mahalliy futbolchilarning Rossiya Premer-ligasidagi istiqbollari haqida fikr bildirdi va Fabio Kannavaroning ishiga baho berdi.
«Aynan Abramov tufayli Oʻzbekistonga qaytdim»
— Siz Samarqandning «Dinamo» klubida Vadim Abramovning yordamchisi boʻldingiz. U sizni qaysi vazifalarni hal etish uchun taklif qildi?
— Avvalo, taklif uchun Vadim Abramovga katta minnatdorlik bildirmoqchiman. Men uni nafaqat Oʻzbekiston miqyosida, balki umuman katta murabbiy, yuqori darajadagi mutaxassis deb bilaman. Shu sababli uning shtabiga kirish imkoniyatini katta ishtiyoq bilan qabul qildim. Qaysi masalalarda yordam berishim mumkinligini, ishning qaysi qismi mening zimmamga tushishini oldindan kelishib oldik va toʻliq oʻzaro tushunishga erishdik.
— Aniqroq aytadigan boʻlsak: taktika, jismoniy tayyorgarlik, mashgʻulot jarayonini tashkil etishmi?
— Biz, birinchi navbatda, oʻquv-mashgʻulot jarayonini muhokama qildik. Taʼkidlashni istardimki, Samarqandning «Dinamo» klubida men koʻrgan ish saviyasi nihoyatda yuqori. Bu Vadim Abramov targʻib qilayotgan futbolga ham tegishli. Biz mashgʻulotlarni birgalikda muhokama qildik va rejalashtirdik, tayyorgarlik davrini, Toshkentda hamda Qirgʻizistonda, Issiqkoʻlda yigʻinlarni oʻtkazdik. Hammasi Abramov boshchiligida oʻtdi va fikrimcha, tayyorgarlik davri juda sifatli chiqdi.
— Abramov bilan Fargʻonaning «Neftchi» klubidagi faoliyatingiz davridan beri tanishmisiz?
— Ha, biz juda eski tanishmiz. 1991 yilda men SSSR Birinchi ligasida «Neftchi» safida toʻp surganman, Abramov esa Yuriy Sarkisyanning yordamchisi edi. Oʻshandan beri oʻrtamizda juda yaxshi munosabatlar shakllangan, aloqani hech qachon uzmaganmiz, vaqti-vaqti bilan telefonlashib, muloqot qilib turardik. Men uning faoliyatini, klublar, Oʻzbekiston milliy va olimpiya terma jamoalaridagi ishini kuzatib bordim.
Abramov nafaqat katta murabbiy, balki ajoyib insoniy fazilatlarga ega shaxs hamdir. Shu bois alohida taʼkidlamoqchiman: aynan u tufayli Oʻzbekistonga qaytdim. Uning qoʻllab-quvvatlashi yordamida juda tez moslashdim, murabbiylar shtabiga qoʻshilib ketdim. Bu yerda menda hech qanday muammo tugʻilmadi.
«Fargʻonada ikki oy ichida „Jiguli“ga pul ishlab topish mumkin edi»
— Keling, 1991 yilga qaytaylik. Fargʻonaga qanday kelib qolgansiz va bu shahar siz uchun nimani anglatadi?
— Umuman olganda, Oʻzbekistonni ikkinchi uyim deb hisoblayman. 1991 yil boshida Yuriy Sarkisyandan taklif oldim. «Neftchi» oʻshanda ittifoq Birinchi ligasida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritgandi va men Fargʻonada butun boshli bir mavsumni oʻtkazdim. Asosan markaziy yoki tayanch yarim himoyachisi sifatida oʻynaganman, qanotda ham harakat qila olardim, ammo «Neftchi»da, menimcha, koʻproq hujumga yaqinroq, amalda «oʻnlik» pozitsiyasida toʻp surganman.
Oʻsha davrdan menda eng goʻzal taassurotlar qolgan: Fargʻonaning oʻzi haqida ham, jamoa va odamlar haqida ham. Bunda gap faqat futbolda emas. Shaharda mutlaqo oʻzgacha muhit hukm surardi, hamma futbol bilan yashar, «Neftchi»ga muxlislik qilar, gʻalabalarimizdan quvonardi. Shuning uchun Fargʻona men uchun alohida oʻrin tutadi.
— «Neftchi» oʻshanda SSSR Birinchi ligasida yettinchi oʻrinni egallagan. Eng koʻp yodda qolgani nima boʻldi: natijami, muhitmi yoki jamoa hayotidagi biror voqeami?
— Eng avvalo, ichki muhit. Futbolchilar, murabbiylar shtabi va bosh murabbiy oʻrtasidagi munosabatlar. Jamoada amalda oilaviy muhit, oʻzaro yordam va hamjihatlik bor edi. Men uchun butun oʻsha mavsum bir nafasda oʻtgan katta bir voqea boʻldi. Hamma narsa aʼlo darajada tashkil etilgan, butun jamoa natija uchun mehnat qilardi.
Oʻshanda chempionat qanday boʻlganini tushunish kerak. Ittifoq Birinchi ligasi — juda jiddiy klublar, kuchli raqiblar degani edi. Va biz, menimcha, juda munosib ishtirok etdik, ayniqsa, bu «Neftchi»ning bunday saviyadagi birinchi mavsumi boʻlganini hisobga olsak. Alohida bir voqeani ajratib koʻrsatish ham mushkul, chunki butun oʻsha yil xotirada yorqin bir sahifa boʻlib qolgan.
— Oʻsha jamoadan kimlar bilan aloqani saqlab qolgansiz? Va qaytishingizdan keyin Yuriy Sarkisyan bilan koʻrishish nasib etdimi?
— Vadim Abramovdan tashqari, Rustam Doʻrmonov, Aleksandr Tixonov, Andrey Miklyayev bilan aloqada boʻlib turibman. Oʻttiz yildan ortiq vaqt oʻtdi, ammo biz hamon muloqot qilamiz. Men Rossiyada faoliyatimni davom ettirgan boʻlsam, yigitlar Oʻzbekistonda oʻynashdi, lekin bir-birimizning hayotimizda nimalar boʻlayotganini doimo bilib turardik. Shu bois Oʻzbekiston bilan aloqani deyarli hech qachon uzmaganman.
Ammo Yuriy Sarkisyan bilan, afsuski, hozircha koʻrisholmadim. Bundan hatto biroz xijolatdaman. U bilan uchrashishni, suhbatlashishni, oʻsha davrlarni yodga olishni juda xohlayman. Agar unda vaqt topilsa, albatta buni amalga oshirishga harakat qilaman. U bilan birga ishlash va Fargʻonadagi hayot haqida menda eng yaxshi xotiralar qolgan.
— Siz Byshovets, Romantsev, Gazzayevlar bilan ishlagansiz. Boʻlajak murabbiy sifatida Sarkisyandan nimalarni oʻzlashtirdingiz?
— Sarkisyanni shunchaki standart yaxshi murabbiy deb boʻlmaydi. U katta mutaxassis. Uning ishida men keyinchalik, oʻzim murabbiylik faoliyati bilan shugʻullana boshlaganimda eʼtibor qaratgan koʻplab jihatlar bor edi. Umuman olganda, men oʻzim duch kelgan barcha kuchli ustozlardan saboq oldim. Sarkisyan, Romantsev, Gazzayev, Aleksandr Averyanov va boshqalardan. Ularning uslublari, yondashuvlari, futbolchilar bilan munosabatlarini tahlil qilardim. Ammo shu bilan birga, har bir murabbiy oʻz yoʻlini, futbolga oʻz qarashini topishi kerak, deb hisoblayman.
— Keling, sovet futbolchisining turmush tarzi haqida ozgina toʻxtalsak. «Neftchi»da qancha maosh olardingiz va bu pul nimalarga yetardi?
— Oʻsha davr meʼyorlariga koʻra, mening oyligim ming rubl edi va mukofot puli — gʻalaba uchun yana ming rubl. Yaʼni, agar oyiga bitta oʻyinda gʻalaba qozonilsa, ikki ming rubl boʻlardi. Lekin biz ancha tez-tez gʻalaba qozonardik, shuning uchun umumiy summa sezilarli darajada yuqori boʻlishi mumkin edi.
Esimda boʻlishicha, «Jiguli» oʻsha paytda toʻqqiz ming rubldan sal koʻproq turardi. Demak, omadli bir oyda taxminan mashinaning yarmiga, bir-ikki oyda esa butun boshli mashinaga pul ishlab olish mumkin edi. Albatta, koʻp vaqt oʻtdi, baʼzi raqamlarni aniq eslay olmasligim mumkin, ammo moliyaviy sharoit juda yaxshi edi.
— Sizning oʻzingizga «Neftchi»ga oʻtish chogʻida mashina berilganmidi?
— Menga avtomobil sotib olish imkoniyati taklif qilingan. Oʻsha paytda bu odatiy hol boʻlib, futbolchilarning bir klubdan ikkinchisiga oʻtishida bunday bonuslar mavjud edi. Oʻsha vaqtda «Jiguli»ning yangi modellari — «sakkizinchi», «toʻqqizinchi»lari chiqqandi. Menga osmonrang mashina yoqib qoldi va uni sotib oldim. Ammo oʻzim deyarli haydamaganman. Haydovchilik guvohnomam bor edi, lekin mashgʻulotlarga va oʻyinlarga tayyorgarlikka maksimal darajada eʼtibor qaratish zarur deb hisoblardim.
Bundan tashqari, Fargʻonaga oilam bilan kelgandim, sharoitlar aʼlo darajada edi. Baza yonidan kvartira berishgan, doimo qayergadir qatnash zarurati yoʻq edi. Shu sababli avtomobil maʼlum vaqt Fargʻonada turdi, soʻngra uni Rossiyaga olib ketdim. Undan akam foydalandi.
— Agar hammasi bunchalik muvaffaqiyatli kechgan boʻlsa, nima sababdan bir mavsumdan soʻng «Neftchi»ni tark etdingiz?
— Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin Rossiyadan bir nechta taklif tushdi. Men rossiyalikman va oʻshanda uyga qaytishga, faoliyatimni vatanimda davom ettirishga qaror qildim. Ammo, yana bir bor takrorlayman, oʻshandan beri Oʻzbekiston bilan aloqani deyarli hech qachon uzmaganman.
«Pavlyuchenkoni qidirib topib, unga professional futbolda imkoniyat berdim»
— Siz iqtidorli yosh futbolchilarni topa bilish mahoratingiz bilan tanilgansiz. 1999 yilda, 32 yoshingizda Stavropol «Dinamo»sini boshqargan chogʻingizda aynan siz 17 yoshli Roman Pavlyuchenkoni asosiy jamoaga jalb qilgansiz. Rossiya terma jamoasining boʻlajak hujumchisini qanday payqadingiz?
— Men haqiqatan ham Roman Pavlyuchenkoning birinchi professional murabbiyi boʻlganman. Uni topish, jamoaga taklif qilish va oʻzini koʻrsatish imkoniyatini berish mening tashabbusim edi. Buning ustiga, unga ilk bor oʻzim hali Stavropol «Dinamo»sida futbolchi boʻlib yurgan kezlarimdayoq eʼtibor qaratgandim.
Biz Stavropol markaziy stadionida olimpiya zaxiralari bilim yurtining katta tarbiyalanuvchilariga qarshi oʻrtoqlik oʻyini oʻtkazgandik. Yigitlar orasida boʻyi baland, jismonan baquvvat bir bolaga koʻzim tushdi. Albatta, u paytda u hali ancha pishmagan, professional jamoaning asosiy tarkibida darhol oʻynashga tayyor boʻlmagan futbolchi edi. Lekin maʼlum sifatlari koʻzga tashlanib turardi.
Taxminan bir yil oʻtib, «Dinamo»ga bosh murabbiy boʻlganimda, klub xodimlaridan bilim yurtida asosiy jamoa bilan mashgʻulotlarga taklif qilish mumkin boʻlgan istiqbolli yigitlar bor-yoʻqligini soʻradim. Oʻsha novcha yigitni esladim, menga esa uning endi bilim yurtida yoʻqligini aytishdi.
— Nima uchun? Uni istiqbolsiz deb hisoblashganmidi?
— Menga unda katta istiqbol koʻrishmaganini tushuntirishdi. Men uning qaysi pozitsiyada oʻynaganini soʻradim. Maʼlum boʻlishicha, qanot yarim himoyachisi ekan. Biroq uning boʻyi, jismoniy koʻrsatkichlari va boshqa xususiyatlarini hisobga olgan holda, bu u oʻynashi kerak boʻlgan pozitsiya emasligini tushundim.
Shu bois uni qidirib topishni iltimos qildim. Romani Qorachoy-Cherkasiyadan, oʻsha paytda u istiqomat qilgan Ust-Jegutadan topdik. Uni Stavropolga olib kelishdi, men uni klub bazasiga joylashtirdim va darhol asosiy jamoa bilan mashgʻulotlarga jalb qildim.
Tayyorgarlik davrida uni diqqat bilan kuzatdim. Va tez orada Pavlyuchenkoni albatta markaziy hujumchi pozitsiyasida sinab koʻrish kerak degan xulosaga keldim. Aynan shu yerda uning fazilatlari toʻliq namoyon boʻlishi mumkin edi.
— Pavlyuchenko siz uni boshqa yigitlar orasidan, avvalambor, boʻyi sababli ajratib olganingizni aytib bergandi. Demak, gap faqat bunda boʻlmagan ekan-da?
— Albatta, faqat bunda emas. Boʻy va jismoniy koʻrsatkichlar — birinchi boʻlib koʻzga tashlanadigan narsa. Lekin keyin futbolchi bilan ishlay boshlaysiz, uning qanday sifatlari borligini, qanday harakat qilishini, talablarni qanday qabul qilishini koʻrasiz. Va ana shundagina uning qanday salohiyatga ega ekanini tushunasiz.
Roma bor-yoʻgʻi 17 yoshda edi. U biz bilan qishki tayyorgarlik davrini oʻtadi va men unga asosiy tarkibdan joy ishonib topshira boshladim. Bosh murabbiy uchun bu qanchalik xavfli boʻlgani tushunarli. Yosh futbolchi Birinchi liga oʻyinlarida maydonga tushganida, masʼuliyat, birinchi navbatda, murabbiyning zimmasiga tushadi. Bunday qarorlar tufayli ishingizni juda tez yoʻqotib qoʻyishingiz mumkin.
Biroq men bu tavakkalga qoʻl urdim, chunki bir soniya ham shubhalanmagandim: Pavlyuchenkoda ulkan yashirin salohiyat bor edi. Hayot adashmaganimni koʻrsatdi.
— Roman keyinchalik Rossiya terma jamoasining yulduziga aylandi, Angliya Premer-ligasida oʻynadi. Siz u bilan muloqot qilib turasizmi? U oʻziga birinchi imkoniyatni kim berganini eslaydimi?
— Munosabatlarimiz yaxshi, meʼyorida. Oʻylaymanki, Roman hammasini juda yaxshi tushunadi. Hozir uning oʻzi ham murabbiylik faoliyati bilan shugʻullanmoqda, shu bois futbolchi professional karyerasining eng boshida qanday mutaxassisga duch kelishiga qanchalik koʻp narsa bogʻliq ekanini yaxshi biladi.
Umuman olganda, yosh futbolchining taqdirida birinchi professional murabbiy juda katta rol oʻynaydi, deb hisoblayman. Bu inson oʻz vaqtida senga ishonishi, oʻzingni koʻrsatish imkoniyatini berishi va oʻyin amaliyotini taqdim etishi kerak.
Baʼzan bunday qarorga juda koʻp narsa, agar butun keyingi karyera boʻlmasa, bogʻliq boʻladi. Shu bois Romada hammasi aynan shunday kechganidan juda xursandman.
— Oʻzbekistonda-chi, katta salohiyatga ega yosh futbolchilarni payqashga ulgurdingizmi? Bu yerda ham oʻz vaqtida imkoniyat berish zarur boʻlgan yigitlar bormi?
— Albatta, koʻryapman. Oʻzbekistonda juda koʻp iqtidorli yosh futbolchilar bor va ishonchim komilki, mahalliy futbolning kelajagi porloq. Lekin isteʼdodning oʻzi hali hech narsani kafolatlamaydi. Yosh yigitlar bilan doimiy ravishda ishlash, ularning sifatlarini rivojlantirish va eng muhimi — ularga oʻzlarini koʻrsatish imkoniyatini berish kerak.
Axir Pavlyuchenkoning tarixi aynan shu haqda. Futbolchining qobiliyatini payqash mumkin, ammo agar unga ishonch bildirilmasa, oʻyin vaqti berilmasa, u shunchaki istiqbolli oʻyinchi boʻlib qolaveradi. Shuning uchun juda koʻp narsa murabbiylarga, ularning yoshlar bilan ishlashga va masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishga tayyorligiga bogʻliq.
Oʻsha Samarqandning «Dinamo»sida ham yosh futbolchilarga ana shunday imkoniyat berilmoqda. Men buni mutlaqo toʻgʻri yondashuv deb hisoblayman. Muhimi, yigitlar istiqbolni koʻrishlari, mashgʻulotlardagi mehnati asosiy tarkibga kirishga olib kelishi mumkinligini anglashlari lozim. Oʻshanda ular oʻsadi, rivojlanadi va pirovardida bundan butun oʻzbek futboli yutadi.
«O‘zbekistonda futbol texnikasi kuchliroq, Rossiyada esa kuchli jismoniy kurash»
— Siz oʻzbek futbolini hali sovet davrida koʻrgansiz, mana endi 35 yil oʻtib qaytdingiz. U qanchalik oʻzgaribdi? Hozirgi avlodni Qosimov, Pyatnitskiy va boshqa yulduzlar oʻynagan davr bilan solishtirish mumkinmi?
— Oʻzbek futboli juda sifatli. Ammo sovet davri futbolchilari bilan hozirgi avlodni toʻgʻridan-toʻgʻri solishtirish men uchun qiyin. Mentalitet, kasbga boʻlgan munosabat, futbolning tashkil etilishining oʻzi juda oʻzgardi. Bugungi oʻyinchilar, ehtimol, yanada professionalroq boʻlishgan. Ular oʻyinlarga boshqacha tayyorgarlik koʻradilar, tiklanish jarayoniga va boshqa mayda detallarga koʻproq eʼtibor qaratadilar.
Bu ilgari yomon yoki noprofessional futbolchilar boʻlgan degani emas. Sovet davrida ham juda koʻp isteʼdodli, iqtidorli yigitlar bor edi. Hozir ham bundaylar juda koʻp — Samarqandning «Dinamo»sida ham, boshqa klublarda ham. Shuning uchun qaysidir avlod boshqasidan kuchliroq deb ayta olmayman. Zamon oʻzgardi, talablar oʻzgardi, Oʻzbekistonda esa iqtidorli futbolchilar doimo boʻlgan.
— Oʻzbekiston terma jamoasining Jahon chempionatiga chiqishi mahalliy futbol rivojining qonuniy natijasimi?
— Ha, albatta. Milliy terma jamoaning Jahon chempionatiga yoʻl olgani — oʻzbek futboli sifatining tasdigʻidir. Bu tasodifiy muvaffaqiyat emas. Sovet davrida respublikaning alohida milliy terma jamoasi boʻlmagan, shu bois ikki davr yutuqlarini toʻgʻridan-toʻgʻri taqqoslab ham boʻlmaydi. Hozir Oʻzbekistonning oʻz terma jamoasi bor va u juda jiddiy natijaga erishdi.
— Hozir xorijda toʻp surayotgan oʻzbekistonliklar tobora koʻpaymoqda. Bu mahalliy futbol rivojidagi yangi bosqich haqida dalolat beradimi?
— Shubhasiz. Qarang, bugun qancha oʻzbek futbolchisi xalqaro tajriba orttirmoqda. Bular Eldor Shomurodov, Husniddin Aliqulov, Otabek Shukurov, Abbosbek Fayzullayev. Xorijdagi faoliyatini endigina boshlayotgan yosh yigitlar ham bor. Masalan, Shveysariyaning «Lugano» klubida muvaffaqiyatli debyut qilgan Behroʻz Karimov.
Ularning misoli oʻzbek futbolchilari oʻz chempionatlaridan tashqarida ham raqobatlasha olishini koʻrsatmoqda. Bu milliy terma jamoa uchun ham, mamlakatda futbolni rivojlantirish uchun ham juda muhim. Yosh oʻyinchi oʻz vatandoshlarining xorijiy klublarda oʻynayotganini koʻrganda, unda mehnat qilish va oldinga intilish uchun qoʻshimcha motivatsiya paydo boʻladi.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston chempionatining oʻzida ham juda koʻp qiziqarli oʻyinchilar bor. Masalan, Samarqandning «Dinamo»sidan Qozonning «Rubin» klubiga oʻtgan Jahongir Oʻrozov. U Vadim Abramov boshchiligidagi murabbiylar shtabi qoʻl ostida ishladi, soʻngra Rossiya Premer-ligasida oʻzini koʻrsatish imkoniyatini qoʻlga kiritdi.
Men allaqachon oʻn ikkitaga yaqin turni oʻtkazishga ulgurdim, «Neftchi», «Navbahor», «Qizilqum» va boshqa jamoalarga qarshi oʻyinlarni koʻrdim. Deyarli har bir jamoada sifatli mahalliy futbolchilar bor. Shuning uchun bu chempionatning rivojlanishini kuzatish men uchun juda maroqli.
— Siz Rossiya futbolini yaxshi bilasiz va endi Oʻzbekistonda ishlayapsiz. Ikki chempionat oʻrtasidagi tub farq nimada?
— Mening nazarimda, Oʻzbekiston chempionati texnika jihatidan ustunroq. Rossiya Premer-ligasida yuksak mahorat bilan bir qatorda juda koʻp kuch ishlatiladigan kurash, yuqori darajadagi qarshilik bor. Oʻzbekistonda ham jismoniy kurash mavjud, ammo bu yerda koʻproq fikrlash, texnika va toʻgʻri qaror qabul qilish birinchi oʻringa chiqadi.
Bu bir chempionat ikkinchisidan yaxshiroq degani emas. Ular turlicha. Uslub ham, shiddat ham farq qiladi. Oʻzbekistonda havo harorati yuqori boʻlgani sababli har doim ham Rossiyadagi kabi shiddatni saqlab turishning iloji yoʻq. Shuning uchun toʻp bilan sifatli ishlash, toʻgʻri qarorlar qabul qilish, toʻp yoʻqotishlar va texnik xatolarni minimal darajaga tushirish juda muhim.
Rossiyalik oʻyinchi uchun bu yerga darhol kelib, oʻz mahoratini maksimal darajada namoyish etish oson emas. Xuddi shuningdek, oʻzbek futbolchisiga ham Rossiyaga moslashish uchun vaqt kerak boʻladi. Bular oʻziga xos xususiyatlarga ega ikkita turli chempionat boʻlib, ushbu jihatlarga koʻnikish lozim.
— Samarqandning «Dinamo» klubida rossiyalik legionerlar bor. Ularga mahalliy chempionatga koʻnikish qiyin boʻlmayaptimi?
— Tashqaridan koʻringanidek oson emas. Men Rossiya futbolini yaxshi bilaman, lekin Rossiyadan kelgan oʻyinchilarga maʼlum vaqt kerak deb hisoblayman. Bu yerda taktik talablar, oʻyin uslubi, ob-havo sharoiti farq qiladi. Issiqlik ham muhim omil.
Futbolchi jamoaga kirishib ketishi va maksimal darajada foyda keltira boshlashi uchun u ushbu barcha xususiyatlarga koʻnikishi kerak. Rossiyadan kelgan bizning oʻyinchilarga ham biroz vaqt kerak boʻldi. Ammo ular asta-sekin moslashib, asosiy tarkib futbolchilariga aylanishdi va ancha sifatli oʻyin koʻrsatishmoqda.
— Sherzod Esanov «Akron»dagi omadsiz davrdan keyin Oʻzbekistonga qaytdi. Hozirda yarim himoyachi «Buxoro»da toʻp surmoqda. U haqda nima deya olasiz? Va sizningcha, Nijniy Novgorodda Ibrohimxalil Yoʻldoshevda nega muammolar yuzaga keldi?
— Esanov menga juda yoqadi. U sifatli futbolchi va uning misoli hatto yaxshi oʻyinchiga ham boshqa chempionatga moslashish qiyin boʻlishi mumkinligini koʻrsatib turibdi. Har doim ham gap mahorat darajasida emas. Baʼzan shunchaki yangi jamoada oʻz oʻrnini topish, talablarga va oʻyin uslubiga koʻnikish nasib etmaydi.
Yoʻldoshev ham menga juda yoqadi, u yaxshi, sifatli futbolchi. Ammo agar oʻyinchi boshqa mamlakatda oʻynab keta olmagan boʻlsa, ligalar oʻrtasidagi farqlarni hisobga olish kerak. Har bir chempionatning oʻziga xos futbol jihatlari va koʻnikish lozim boʻlgan talablari bor. Bu Rossiyada mustahkam oʻrnashib ololmagan boshqa oʻzbek futbolchilariga ham taalluqlidir.
«Norchayevning „Alaniya“da nega oʻynab ketolmaganligi men uchun jumboq»
— Alohida bir mavzu — Husain Norchayev. Nega Oʻzbekistondan kelgan sermahsul hujumchi Vladikavkazning «Alaniya» jamoasida oʻz oʻrnini topa olmadi?
— Men uni juda diqqat bilan kuzatdim, chunki u Oʻzbekiston chempionatidan kelgandi. U malakali futbolchi va mening nazarimda, Rossiya Birinchi ligasi saviyasida oʻynab ketishi kerak edi. Ammo u yerda boshqacha futbol: kuch ishlatiladigan kurash, qarshilik ancha koʻp, boshqacha jismoniy tayyorgarlik talab etiladi.
Ehtimol, unga bunga moslashish qiyin boʻlgandir. Shu bilan birga, hammasi bitta sabab bilan izohlanadi, deb oʻylamayman. Nega u «Alaniya» tarkibiga kirishib keta olmagani men uchun jumboq boʻlib qolmoqda. Shubhasiz, uning oʻzini koʻrsatishiga toʻsqinlik qilgan holatlar majmuasi mavjud boʻlgan.
— Axir oʻsha davrda «Alaniya»da muammolar yetarli edi-ku. Jamoa Vladikavkazda oʻynamagan, uy uchrashuvlariga doimo safar qilishga toʻgʻri kelardi. Qolaversa, murabbiylar shtabining ish uslubi ham Norchayev uchun noodatiy boʻlib chiqqan boʻlishi mumkin.
— Boshqa murabbiyning xarakteriga izoh berish men uchun qiyin. Infratuzilmaga — oʻz uy stadioni yoʻqligiga, boshqa shaharga oʻyinlarga borish zaruratiga kelsak, bu asosiy sabab boʻlgan deb oʻylamayman.
Bunday saviyadagi futbolchini, ayniqsa sermahsul hujumchini taklif qilishayotganda, avvaldan uning hujumni kuchaytira olishi yoki olmasligini baholaydilar. Shu bois unga shunchaki joy topilmay qoldi, deb boʻlmaydi. Oʻzbekistonga qaytganidan keyin u yana yaxshi oʻynayapti va bu ham dalolat berib turibdi.
Rossiya ligasida oʻzini koʻrsatishiga aynan qaysi jihatlar yoki holatlar xalaqit berganini aniqlash kerak. Albatta, murabbiylarga yaxshiroq koʻringan. Ehtimol, futbolchining harakatlarida ularga nimadir yetishmagandir, nimadir oʻyinchining oʻzini qanoatlantirmagandir. Katta ehtimol bilan, turli omillar majmuasi yuzaga kelgan va shu sababli u jamoada qola olmagan. Lekin menda bir maʼnoli javob yoʻq.
— Bundan paradoks kelib chiqyapti: oʻzbek futbolchilari uchun FNLga qaraganda Rossiya Premer-ligasida oʻynab ketish osonroqmi?
— Nazarimda, shunday. Qanchalik gʻalati tuyulmasin, Rossiya Premer-ligasi uslub jihatidan oʻzbek futbolchilariga koʻproq mos keladi. FNLda kurash, yugurish va kuchga asoslangan futbol koʻp. Bu yaxshi liga, u yerda sifatli oʻyinchilar, klublar va murabbiylar bor, lekin uning uslubi boshqacha.
Oʻzbek futbolchilari texnik jihatdan kuchli, futbol savodi yuqori. Menga shunday tuyuladiki, Premer-ligada ularga oʻzlarining kuchli tomonlarini koʻrsatish va yuqori saviyada oʻynab ketish osonroq. Garchi, albatta, koʻp narsa aniq futbolchiga, jamoaga va murabbiylar shtabining talablariga bogʻliq boʻlsa ham.
— Abduqodir Husanov «Manchester Siti»da Pep Gvardiola bilan ishladi, jahon darajasidagi futbolchilar yonida mashgʻulot oʻtkazdi. Yosh oʻyinchining rivojlanishi uchun bunday muhit qanchalik muhim?
— Albatta, bu juda muhim. Menimcha, yosh oʻyinchi doimo asosiy jamoaning oʻquv-mashgʻulot jarayonida boʻlishi, kuchli futbolchilar va murabbiylar shtabidan oʻrganishi shart.
Baʼzan yuqori saviyadagi hatto 20-25 daqiqalik oʻyin vaqti quyi diviziondagi 90 daqiqadan foydaliroq boʻlishi mumkin. Shu tariqa ustoz futbolchini doimo koʻrib turadi, uning sifatlarini rivojlantirishi va asta-sekin asosiy tarkibga kiritishi mumkin. Mening nazarimda, bu yosh futbolchining kamolotida juda muhim omildir, garchi, albatta, koʻp narsa muayyan vaziyatga ham bogʻliq boʻlsa-da.
«Fargʻonalik muxlislar oʻzgacha. Qaytishni intiqlik bilan kutyapman»
— Siz Oʻzbekistonda bir qator oʻyinlarni oʻtkazishga ulgurdingiz. Mahalliy muxlislar sizda qanday taassurot qoldirdi?
— Juda kuchli taassurot qoldirdi. Avvalo, Samarqand muxlislariga minnatdorlik bildirmoqchiman. «Dinamo» stadionida muhit ajoyib. Namanganda ham safarda boʻldim — u yerda ham muhit hayratlanarli darajada. Men ilgari ham bu yerda futbolni qanchalik sevishlarini bilardim, lekin hozir bunga yana bir bor amin boʻldim.
Oʻtkazishga ulgurgan oʻsha oʻn ikki tur davomida deyarli har bir shaharda ajoyib qoʻllab-quvvatlashni koʻrdim. Biz Namanganga, Qoʻqonga bordik, boshqa stadionlarda ham boʻldik. Va deyarli hamma joyda muhit juda yaxshi, muxlislar haqiqatan ham futbol bilan yashaydilar. Bu chempionatga oʻziga xos joziba bagʻishlaydi, oʻz maydoningda ham, safarda ham oʻynash juda qiziqarli.
— Fargʻonaga qaytishga ulgurdingizmi? Har holda, 35 yil oʻtdi.
— Hozircha yoʻq. Va bu safarni juda intiqlik bilan kutyapman. Men u yerda taxminan oʻttiz besh yil boʻlmadim. Bilamanki, shu vaqt ichida koʻp narsa oʻzgardi, yangi infratuzilma, yangi stadion paydo boʻldi. Shaharni va muxlislarni yana koʻrishni juda xohlayman.
Fargʻonalik muxlislar oʻzgacha. Umid qilamanki, ular ham meni eslashadi, chunki oʻzimni Fargʻona uchun qadrdon inson deb hisoblayman. Bu shahar bilan meni shunday yoqimli xotiralar bogʻlab turadiki, albatta, u yerga qaytishni juda xohlayman.
— Faoliyatingizda Mirjalol Qosimovga qarshi oʻyinlar boʻlgan. Uni qanday eslaysiz?
— Qosimov — buyuk futbolchi. Unga qarshi ham, Andrey Pyatnitskiyga qarshi ham oʻynash doimo juda qiziq boʻlgan. Ular maydonda kreativ, aqlli, ayyor futbolchilar edi. Bundaylarga qarshi birinchi navbatda intellektual jihatdan raqobatlashish kerak: kim kimni chalgʻitadi, kim tezroq va toʻgʻriroq qaror qabul qiladi. Bu shunchaki jismoniy sifatlar hisobiga kurashishdan mutlaqo farq qiladigan toʻqnashuvdir.
Qosimov Osetiyani oʻzining ikkinchi uyi deb ataganini eshitganman. Men esa, osetin sifatida, javoban ayta olamanki, men uchun ikkinchi uy — Oʻzbekistondir.
«Kannavaroning tabassumi terma jamoa intizomiga taʼsir qilmaydi»
— Fabio Kannavaro magʻlubiyatlardan keyin koʻpincha ijobiy kayfiyatni saqlab qoladi, kulib turadi, qattiqqoʻl murabbiydek koʻrinmaydi. Bunday munosabat Oʻzbekiston terma jamoasi intizomiga salbiy taʼsir qilishidan xavotirlanmaysizmi?
— Menda yuz foiz ishonch borki, uning xatti-harakati futbolchilarning oʻz ishiga boʻlgan munosabatiga hech qanday salbiy taʼsir koʻrsatmaydi. Oʻzbekiston terma jamoasi futbolchilari — maksimal darajadagi professionallardir. Men mamlakat chempionatiga qaytib, «Dinamo» shtabida ishlay boshlaganimda bunga yana bir bor ishonch hosil qildim.
Har kim oʻz shartnomasi, klub va terma jamoa oldidagi majburiyatlari borligini, har kuni mashgʻulot oʻtkazish, tayyorlanish va oʻynash kerakligini tushunadi. Murabbiyning munosabati, uning tabassumlari yoki ommaviy bayonotlari buni oʻzgartira olmaydi. Shu bois Kannavaroning bunday xatti-harakati futbolchilar intizomiga qandaydir tarzda salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin deb hisoblashga asos koʻrmayapman.
— Ammo, masalan, Janubiy Koreyadan uchralgan magʻlubiyatdan soʻng Kannavaro jamoaning yaxshi kayfiyati haqida gapirgandi. Murabbiyga omadsiz natijadan keyin bunday bayonotlar berish nima uchun kerak?
— Oʻylaymanki, baʼzan bu psixologik maqsadda, ongli ravishda qilinadi. Magʻlubiyatdan keyin jamoa tushkunlikka tushmasligi, muvaffaqiyatsizlik keyingi tayyorgarlikka xalaqit bermasligi muhim. Shuning uchun murabbiy ijobiy ruhda gapirishi, oʻyinchilarni qoʻllab-quvvatlashi, jamoa ichida maʼlum bir muhitni yaratishi mumkin.
Biroq men ishonamanki, bunday soʻzlar Oʻzbekiston terma jamoasi futbolchilarining professionalizmini pasaytirmaydi. Ular oʻz vazifalari va masʼuliyatini juda yaxshi tushunadilar.
— Demak, zamonaviy futbolchilarga endi diktator murabbiy kerak emasmi? Ular oʻzlaridan nima talab qilinishini tushunadilarmi?
— Menimcha, bugungi kunda sportchilarning kasbga boʻlgan munosabati mutlaqo boshqacha. Ular professionallik, faoliyatning davomiyligi, daromad va maqom oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻliqlikni tushunadilar. Bu uyqu tartibi, ovqatlanish, tiklanish va tayyorgarlikdir. Agar futbolchi yuqori saviyaga, yaxshi shartnomaga ega boʻlishni va oilasini taʼminlashni istasa, u barcha talablarga oʻzi rioya qilishi kerak.
Shuning uchun, ehtimol, zamonaviy oʻyinchilarga nima qilish mumkinu nima mumkin emasligi haqida kamroq tarbiyaviy suhbatlar kerak boʻladi. Ular faoliyatlari uchun shaxsiy masʼuliyatni anglaydilar. Va mening nazarimda, bu toʻliq maʼnoda Oʻzbekiston terma jamoasi futbolchilariga ham taalluqlidir.
-
11 noyabr11.11Video«Axborot fastfudi»Rossiya targ‘iboti qozog‘istonliklarga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani haqida -
19 oktyabr19.10VideoRossiya BRIKSda — yetakchi emasBritaniyalik ekspert Xitoyning roli, dedollarlashtirishning muvaffaqiyatsizligi va G7 inqirozi haqida -
19 oktyabr19.10Ko‘zga ko‘rinmas qahramonlar ligasiRossiyada haqiqiy qahramonlik ko‘rsatgan Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlar hikoyalari -
15 oktyabr15.10Raqamli qaramlikNima uchun Rossiyadagi data — markazlaridagi muammolar Qozog‘istondagi odatiy servislar faoliyatini izdan chiqarib yubordi va respublika bu vaziyatdan foydalana oladimi? -
14 oktyabr14.10Naxodkadan Fors ko‘rfazigachaEronga MDH nima uchun kerak va u YEOIIga qo‘shilishga tayyormi? -
12 oktyabr12.10VideoKimligingni unutma1916 yilgi qo‘zg‘olondan Ukrainadagi urushga qadar



