Olmaotaning Boʻstondiq tuman sudi Etude-Ybyrai qurilish kompaniyasining «Giperborey» YouTube-kanali muallifi, jurnalist Vadim Boreykoga nisbatan daʼvosini qisman qanoatlantirdi, deb xabar beradi Exclusive.kz. Sudya Aydar Oʻtebekov jurnalistdan 43 million tenge (97 ming dollar) undirish, «quruvchining ishchanlik obroʻsiga putur yetkazuvchi» bayonotlarni oʻchirish hamda raddiya eʼlon qilish toʻgʻrisida qaror chiqardi.
Qaror hali qonuniy kuchga kirmagan. Taʼkidlash joiz, u 13 noyabr — Boreykoning tavallud kunida eʼlon qilindi, bugun u 67 yoshga toʻldi. Dastlab sud majlisi 12 noyabrga belgilangan edi, biroq bir sutkaga qoldirilgan.
Etude-Ybyrai jurnalistdan Olmaotaning 12-mikrorayonidagi Premier turar joy majmuasi qurilishi haqidagi chiqishlari uchun 71,75 million tenge (taxminan 160 ming dollar) undirishni talab qilgan edi. Quruvchi Boreyko yolgʻon maʼlumotlar tarqatgani, kompaniyaning ishchanlik obroʻsiga putur yetkazgani va moliyaviy yoʻqotishlarga sabab boʻlganini taʼkidlagan. Bundan tashqari, daʼvogar bahsli materiallarni oʻchirishni va bir qator bayonotlarga raddiya berishni talab qilgan.
Jurnalistning himoyasi esa Boreyko quruvchi va mahalliy aholi oʻrtasidagi nizoni yoritib, kasbiy faoliyatini bajarganini bildirdi. Advokatlarning soʻzlariga koʻra, u davlat organlari vakillarining, jumladan, qurilish noqonuniy ekanini aytgan Olmaotaning sobiq hokimi (meri) Yerbolat Doʻsayevning rasmiy bayonotlaridan iqtibos keltirgan.
Iqtisodiy ekspertiza daʼvogarga yetkazilgan zararni taxminan 43 million tenge miqdorida tasdiqladi. Sud jarayonida aniqlanishicha, bu summani Etude-Ybyrai kompaniyasiga Premier TJM targʻiboti bilan shugʻullangan Everest Development firmasi toʻlov uchun taqdim etgan. Mazkur firma Boreykoning chiqishlari sababli shartnomaviy jarima toʻlanishini talab qilgan. Ammo jurnalist himoyachilari bu xarajatlarni Boreyko hisobidan undirish asosli ekaniga shubha bildirdi.
10 noyabrdagi majlisda sud muzokaralarga oʻtgan. Boreykoning advokatlari daʼvoni toʻliq rad etishni soʻragan, kompaniyalar vakillari esa zararni undirishni talab qilishda qatʼiy turgan. Qaror eʼlon qilinishi arafasida jurnalist axborot xuruji nishoniga ham aylangan. Telegram tarmogʻida Boreykoning soxta nekrologi tarqatilib, goʻyoki boʻlib oʻtadigan dafn marosimi manzili sifatida uning uy manzili koʻrsatilgan.
Ushbu tadbir 13 noyabrga — jurnalistning tavallud kuniga belgilangan. Sud majlisi arafasidagi tunda Boreykoning hamkasblariga nomaʼlum raqamlardan oʻzini uning rafiqasi deb tanishtirgan va xuddi shu xabarni aytgan nomaʼlum shaxslar qoʻngʻiroq qilgan.
Nekrolog tarqatilishi va qoʻngʻiroqlar ortida kim turgani hamda ularning sud ishiga aloqadorligi hozircha nomaʼlum.



