Tojikiston va AQSH viza tartibi kuchaytirilgan bir paytda to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovni yo‘lga qo‘ymoqchi

Somon Air samolyoti. Foto: Planespotters

Tojikiston va AQSH ikki davlat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘lovchi reyslarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Parvozlarni Tojikistonning Somon Air hamda AQSHning United Airlines aviakompaniyalari amalga oshirishi kutilmoqda. Havo qatnovi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim loyihasi allaqachon tayyorlangan, deb xabar beradi «Avesta» Markaziy Osiyo respublikasi Fuqaro aviatsiyasi agentligiga tayangan holda.

Mazkur masala Dushanbeda Fuqaro aviatsiyasi agentligi direktori Habibullo Nazarzodaning AQSH elchixonasining muvaqqat ishlar vakili Karson Relits Roker boshchiligidagi diplomatik missiya vakillari bilan uchrashuvida muhokama qilindi. Tomonlar aviatashuvlarni tashkil etish istiqbollarini va fuqaro aviatsiyasi sohasidagi kelgusi hamkorlikni ko‘rib chiqdilar.

Tojikiston idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida «Havo qatnovi to‘g‘risida»gi bitim loyihasi respublikaning sohaviy vazirlik va idoralari ko‘rib chiqishida turibdi. Hujjat kelishilgandan so‘ng tomonlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yishga kirishishlari mumkin bo‘ladi.

Parvozlar boshlanishining aniq muddatlari hozircha e’lon qilinmagan. Shuningdek, qaysi Amerika shaharlari yo‘nalishlar tarmog‘iga kiritilishi va reyslar qanday muntazamlikda amalga oshirilishi ham noma’lum.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni ochish istiqboli AQSHda viza siyosatining kuchaytirilishi fonida muhokama qilinmoqda. 2026 yil 21 yanvardan boshlab Tojikiston fuqarolari uchun B-1/B-2 toifasidagi AQSH sayyohlik va ishbilarmonlik vizalarini rasmiylashtirishda majburiy pul garovi talabi amal qilmoqda.

AQSH Davlat departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, garov miqdori $10 ming, $15 ming yoki $20 mingni tashkil etadi. Aniq summani suhbat chog‘ida konsullik xodimi belgilaydi. Ushbu talab viza olishning qolgan shartlariga javob beradigan arizachilarga taalluqlidir. Pul mablag‘lari belgilangan qoidalarga rioya qilinganda, xususan, Qo‘shma Shtatlardan o‘z vaqtida chiqib ketilganidan so‘ng qaytariladi. Shu bilan birga, garov pulini to‘lashning o‘zi viza berilishini kafolatlamaydi.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar bir necha yildan buyon davom etmoqda. Hali 2024 yil aprelida Somon Air 2025 yilda Dushanbe — Nyu-York — Dushanbe yo‘nalishini ochish niyati haqida ma’lum qilgan edi, biroq bu rejalar amalga oshmadi. 2025 yil noyabrida Tojikiston va AQSH aviatsiya idoralari vakillari Vashingtondagi muzokaralarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni ochish imkoniyatini yana muhokama qilishgan edi.

O‘sha oyda, «Markaziy Osiyo — AQSH» sammiti davomida Somon Air aviakompaniyasi va AQSHning Boeing korporatsiyasi 14 tagacha samolyot xarid qilishni ko‘zda tutuvchi kelishuv haqida e’lon qilishdi. Gap to‘rtta uzoq masofaga uchuvchi Boeing 787-9 Dreamliner hamda o‘nta Boeing 737-8 MAX haqida ketmoqda.

Tojikiston tashuvchisi uchun bu uzoq qit’alararo parvozlarga mo‘ljallangan keng fyuzelyajli samolyotlarni sotib olish bo‘yicha ilk loyihadir. Somon Air yangi havo kemalari Dushanbedan mavjud Yevropa, Osiyo va Yaqin Sharq bo‘ylab parvozlar tarmog‘idan tashqariga chiquvchi yo‘nalishlarni ochish imkonini berishini bildirgan edi.