Koʻhna Kobulning janubiy chekkasida joylashgan, urushlar va qarovsizlik oqibatida koʻp yillar davomida vayronaga yuz tutgan qadimiy Bolo-Hisor qalʼasida keng koʻlamli restavratsiya ishlari olib borilmoqda. Arxeologlar bu yerda mamlakatning ikki ming yildan ziyod tarixidan dalolat beruvchi ashyolarni topmoqda, deb yozadi Associated Press agentligi. Ushbu hududda Ogʻa Xon madaniyat jamgʻarmasi (AKTC) koʻp yillardan buyon arxeologik qazishmalar olib bormoqda. Jamgʻarma qalʼani bogʻlar, restoranlar va muzeyni oʻz ichiga olgan ommaviy arxeologik parkka aylantirishni rejalashtirgan.
Afgʻonistonning Kobul shahridagi Bolo-Hisor qalʼasi, 2023 yil 9 noyabr. Fotosurat Ogʻa Xon madaniyat jamgʻarmasi tomonidan AP orqali taqdim etilgan.
Qazishmalar kutilganidan ham koʻproq natija bermoqda. Nashr soʻzlarini keltirgan arxeolog Bobak Rafiey-Alaviyning taʼkidlashicha, bu okean tubidan yuzaga qalqib chiqayotgan suvosti kemasiga oʻxshaydi. Beshta transheyadan qadimiy tangalar, buddaviylik haykallarining boʻlaklari, sirlangan islomiy sopol buyumlar, moychiroqlar, koʻplab sopol parchalari, shuningdek, saroylar, ibodatxonalar va turar joy qoldiqlari topildi.
Rafiey-Alaviyning tan olishicha, u va uning hamkasblari Boburiylar davri saroyi topilishini kutishmagan edi. U yerda devoriy suratlar, taxtsimon inshoot va tepalik choʻqqisidagi qoyada oʻyib ishlangan yulduzsimon havz aniqlandi. Transheyalardan birining chuqurligi 11 metrga yetgan va ishlar davom etmoqda: qalʼada ikki ming yildan ortiq vaqt mobaynida deyarli uzluksiz odam yashagani bois, «qaerni kovlamang, albatta nimadir topasiz».
Bolo-Hisorning ahamiyati uning geografik joylashuvi bilan belgilanadi. «Baland istehkom» (bu nom dariy tilidan shunday tarjima qilinadi) Koʻhi Sher Darvoza tizmasi tarmogʻida joylashgan boʻlib, Kobulga olib boruvchi yoʻllarni nazorat qilgan. U Hindiston yarim orolini Markaziy Osiyo bilan bogʻlaydigan savdo yoʻlida qad rostlagan edi. Aga Khan Cultural Services loyihasi menejeri Mustafo Nuriy qalʼani bu kabi manzilgohlardan iborat «marvarid shodasi»ning bir qismi deb atadi. Turli davrlarda bu yerda qalʼa, saroy majmuasi, qurol-yarogʻ ombori, maʼmuriy markaz, zindon va garnizon joylashgan. Nuriyning soʻzlariga koʻra, kim Bolo-Hisorga egalik qilgan boʻlsa, Kobul va butun mintaqani ham oʻsha nazorat qilgan.
Ishchilar Afgʻonistonning Kobul shahridagi tarixiy Bolo-Hisor qalʼasida restavratsiya ishlarini olib bormoqda, payshanba, 2026 yil 8 oktyabr. (AP fotosi/Siddiqulloh Alizay).
Qalʼa miloddan avvalgi I asrdan boshlab turli davrlarda, jumladan, Boburiylar saltanati, ingliz-afgʻon urushlari, sovet bosqini hamda fuqarolar urushidan to AQSH boshchiligidagi koalitsiya davrigacha oʻz mudofaa ahamiyatini saqlab kelgan. Quyi hududning bir qismidan hozir ham afgʻon harbiylari foydalanmoqda.
Restavratsiya jarayonidagi tarixiy Bolo-Hisor qalʼasining tepalikli mahalla manzarasidagi koʻrinishi, Kobul, Afgʻoniston, payshanba, 2026 yil 8 oktyabr. (AP Photo/Siddiqullah Alizai).
Unga eng ogʻir zarba 1879 yilda Britaniya elchisi ser Lui Kavanyari va uning mulozimlari oʻldirilganidan keyin berilgan: ingliz qoʻshinlari oʻch olish maqsadida majmuaning katta qismini vayron qilgan. Yaqin oʻtmishdagi mojarolarning izlari hozir ham koʻzga tashlanadi. Devorlarning bir qismi qulab tushgan, qiyalikda sovetlarning zanglagan tanklari turibdi, tepalik etagida majaqlangan sovet harbiy texnikasi uyulib yotibdi. Ularning yonida esa 2021 yilda AQSH qoʻshinlari olib chiqilgach tashlab ketilgan va afgʻon armiyasi ixtiyoriga oʻtgan yirik kalibrli qurollar tartib bilan terib qoʻyilgan. 2008 yilda amerikalik harbiylar devor ichidagi hududning bir qismini tekislab tashlagan va Rafiey-Alaviyning soʻzlariga koʻra, «koʻplab arxeologik qatlamlarni yoʻq qilgan».
AKTC loyihasini rejalashtirish 2017 yilda boshlangan boʻlib, amaliy ishlar keyingi yili yoʻlga qoʻyildi. Dastlab qalʼa georadar va 3D lazerli skanerlash orqali tekshirildi, soʻngra qulashning oldini olish uchun shoshilinch mustahkamlash ishlari amalga oshirildi. Qazishmalarga avvaliga Afgʻonistondagi Fransiya arxeologiya missiyasi qoʻshilgan edi, biroq 2021 yilda toliblar hokimiyat tepasiga kelgach, uning faoliyati toʻxtatildi va fransuzlar qaytib kelmadi. Ogʻa Xon jamgʻarmasi esa ishni davom ettirdi va Nuriyning soʻzlariga koʻra, 2022 yildan buyon eng yirik koʻlamli ishlarni olib bormoqda. Devorlar mahalliy toshlardan tiklanmoqda, xalqaro restavratsiya talablariga muvofiq esa asl qismlardan ajralib turishi uchun yangi boʻlaklar qasddan biroz boʻrtib yoki ichkariga botib turadigan qilib ishlanmoqda. Yorilib, qulash xavfi ostida qolgan tashqi minoralardan biri metall konstruksiyalar bilan mahkamlandi. Loyiha afgʻonistonlik talaba-arxeologlarni tayyorlash dasturini ham oʻz ichiga oladi. Nuriy buni oʻnlab yillarga moʻljallangan burch deb ataydi, chunki bu maydon konservatsiyadan tashqari, arxeologik jihatdan ham benihoya boydir.
Tarixiy Bolo-Hisor qalʼasi majmuasidan topilgan sopol va boshqa osori-atiqalar Kobuldagi obyektda olib borilayotgan restavratsiya ishlari chogʻida patnislarga terib qoʻyilgan, Afgʻoniston, payshanba, 2026 yil 8 oktyabr. (AP fotosi/Siddiqulloh Alizay)
Afgʻoniston hukumati madaniy merosni saqlashga tayyor ekanini bildirmoqda. Bu yondashuv toliblarning 1996–2001 yillardagi birinchi boshqaruvi davridan keskin farq qiladi. Oʻsha paytda ular Bomiyondagi VI asrga oid ikki ulkan Budda haykalini portlatib yuborgan hamda Kobuldagi Milliy muzeyni tor-mor etib, islomga zid deb hisoblangan qadimiy ashyolarni, eng avvalo haykallarni yoʻq qilgan edi.
Bugungi kunda Axborot va madaniyat vazirligi vakili Xubayb Gʻufron hukumat qadimiy yodgorliklarning ahamiyatini tan olishini hamda ularni bilim va ibrat manbai deb bilishini aytmoqda. Uning soʻzlariga koʻra, oʻtmish va hozirgi sivilizatsiyalar merosini kelajak avlodlarga yetkazish uchun vayronaga aylanish xavfi ostida turgan obyektlarni, jumladan Bolo-Hisorni taʼmirlash ustuvor vazifa hisoblanadi.



