Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Anqarada bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining (TDT) 13-sammitida so‘zga chiqib, Rossiyani birlashma tarkibiga kiritishni taklif qildi, deb xabar beradi Oqo‘rda.
«Tashkilotimizning nufuzini oshirish maqsadida Rossiyaning niyatiga ijobiy munosabat bildirish va unga ushbu formatga qo‘shilishni yoki TDT faoliyatida kuzatuvchi sifatida ishtirok etishni taklif qilish to‘g‘ri va adolatli qaror bo‘lar edi. Yirik davlat sifatida Rossiya asrlar davomida turkiy dunyo bilan yaqin aloqalarni saqlab kelmoqda», — dedi To‘qayev.
Uning ta’kidlashicha, Rossiyada «tarixan ko‘plab turkiy xalqlar vakillari yashab keladi».
«Hozirgi vaqtda Rossiya biz qo‘llab-quvvatlayotgan “Oltoy — turkiy sivilizatsiya beshigi” loyihasini ilgari surmoqda. Rus tilidagi ko‘plab so‘zlar turkiy kelib chiqishga ega. Umuman olganda, agar Rossiya turkiy davlatlar, ya’ni bizning tashkilotimiz tarkibiga kirsa, bu barcha davlatlarimizga foyda keltirgan bo‘lar edi», — deya xulosa qildi u.
Qozog‘iston rahbarining so‘zlariga ko‘ra, TDT turkiy dunyoning birligini mustahkamlamoqda, tashkilot ishtirokchilari esa bir-birining suvereniteti va milliy manfaatlarini hurmat qilishi kerak.
Shu bilan birga, To‘qayev tashkilot harbiy alyansga aylanmasligi kerakligini ta’kidladi.
Prezident hamkorlikning boshqa ustuvor yo‘nalishlari sifatida savdo, transport va logistikani rivojlantirish, raqamlashtirish va sun’iy intellekt, shuningdek, madaniy-gumanitar aloqalarni qayd etdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istonning TDT mamlakatlari bilan tovar aylanmasi 10 milliard dollarga yaqinlashgan va o‘tgan yilga nisbatan 40 foizga oshgan. To‘qayev tashkilotning 2027–2031 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini qabul qilishni tezlashtirishga va Turkiy investitsiya jamg‘armasi imkoniyatlaridan faolroq foydalanishga chaqirdi.
Prezident O‘rta koridorni rivojlantirish masalasiga ham alohida to‘xtaldi. Joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyida ushbu yo‘nalish bo‘yicha yuk tashish hajmi 30 foizga, tranzit tashuvlari esa 90 foizga oshgan. To‘qayev, shuningdek, Qozog‘iston mamlakatning tranzit salohiyatini kengaytirish bo‘yicha maxsus dasturni amalga oshirishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.
Raqamli hamkorlik haqida gapirar ekan, davlat rahbari Kiberxavfsizlik kengashi, shuningdek, raqamli monitoring va innovatsiyalar markazlarini tashkil etishni tezlashtirishni taklif qildi. Uning aytishicha, Qozog‘iston raqamli transformatsiya va sun’iy intellektni rivojlantirish borasidagi tajribasini hamkorlari bilan bo‘lishishga tayyor.
Respublika rahbari TDTning institutsional tuzilmasini mustahkamlash va Doimiy vakillar kengashini tashkil etish tarafdori ekanini ham ma’lum qildi. Uning qayd etishicha, hozirda tashkilot faoliyati qariyb 60 ta yo‘nalishni qamrab oladi, ularning ayrimlari bir-birini takrorlaydi. Shu bois mamlakatlar birgalikdagi ishning asosiy ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olishi zarur.
Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) tarkibiga Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston kiradi. Vengriya, Turkmaniston hamda faqat Anqara tomonidan tan olingan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi (SHKTR) tashkilotda kuzatuvchi sifatida ishtirok etadi.
TDTning 13-sammiti yakunlari bo‘yicha Anqara deklaratsiyasi qabul qilindi.



