«Tolibon» harakati ishtirokchilarining qizlari Afg‘onistonda Italiyaning Nove Caring Humans nohukumat tashkiloti tomonidan tashkil etilgan yashirin maktabda tahsil olishgan. Bu haqda tashkilot asoschisi Susanna Foretti 26 oktyabr kuni e’lon qilingan Corriere della Sera nashriga bergan intervyusida ma’lum qilgan.
Forettining so‘zlariga ko‘ra, maktab 2021 yilda toliblar hokimiyatga qaytganidan so‘ng ochilgan. Mashg‘ulotlar tikuv mashinalari o‘rnatilgan xonada o‘tkazilgan: tekshiruv vaqtida o‘quv anjomlarini yashirib, sinfxonani ayollar tikuv ustaxonasi sifatida ko‘rsatish mumkin bo‘lgan.
Taxminan ikki yildan so‘ng tashkilotchilar o‘quvchilar orasida toliblarning qizlari ham borligini bilib qolishgan. Foretti tushuntirishicha, ularning ota-onalari belgilangan cheklovlarga qaramay, qizlarining ta’lim olishini istashgan. Uning baholashicha, harakat bilan bog‘liq kishilarning ayollar ta’limiga munosabati turlicha bo‘lib, ayrimlari taqiqlarni yashirincha chetlab o‘tishni ma’qul ko‘radi.
Shu bilan birga, maktab faoliyati xavfli bo‘lib qolavergan: diniy politsiyaga xabar berish uning ishtirokchilarini xavf ostida qoldirishi mumkin bo‘lgan. Afg‘onistonning Amu telekanali ham ushbu intervyuni qayta hikoya qilar ekan, Forettining bayonoti mustaqil ravishda tasdiqlanmaganini ta’kidlaydi.
Toliblar hokimiyatga qaytganidan keyin qizlarga oltinchi sinfdan so‘ng o‘qish taqiqlangan, 2022 yil dekabrida esa ayollarga universitetlarda tahsil olish taqiqi joriy etilgan. YUNISЕFning 2026 yil avgust holatiga oid ma’lumotlariga ko‘ra, 2,6 milliondan ortiq afg‘onistonlik qiz o‘rta ta’lim olish imkoniyatidan mahrum qilingan. Afg‘oniston qizlar va ayollarning o‘rta hamda oliy ta’lim olishi taqiqlangan dunyodagi yagona mamlakat bo‘lib qolmoqda.



