Ummon tarixiy hujjatlarni restavratsiya qilish bo‘yicha o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun stajirovkalar tashkil etishni taklif qildi

Firdavs Abduxoliqov Ummonda. ITSM fotosurati

Ummon Milliy hujjatlar va arxivlar boshqarmasi tarixiy hujjatlarni saqlash va restavratsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun amaliy stajirovkalar tashkil etishni taklif qildi. Hamkorlik imkoniyatlari 3 noyabr kuni Masqat shahrida Ummon idorasi va O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi vakillari o‘rtasida muhokama qilindi, deb xabar beradi Markaz matbuot xizmati.

Delegatsiyaga Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov rahbarlik qildi. Tashrifda, shuningdek, O‘zbekistonning Ummondagi elchisi Abdusalom Xatamov, Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov va respublikadagi boshqa ilmiy hamda davlat muassasalari vakillari ishtirok etdi. Tashrif doirasida delegatsiya Ummon Sultonligi Milliy hujjatlar va arxivlar boshqarmasi raisi, doktor Hamad bin Muhammad al-Zuvayyoniy bilan uchrashdi.

Tomonlar qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, tarixiy manbalar almashish va O‘zbekiston hamda Ummon aloqalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya tashkil etish masalalarini muhokama qildi. Ummon tomoni ikki xalqning umumiy jihatlarini, jumladan, diniy merosi, me’morchilik an’analari va pul muomalasi tarixini o‘rganishni taklif etdi.

O‘zbekiston delegatsiyasiga, shuningdek, hujjatlarni restavratsiya qilish va raqamlashtirish bilan shug‘ullanuvchi arxiv laboratoriyalarining faoliyati namoyish etildi. Qadimiy qo‘lyozmalarni zamburug‘lar, bakteriyalar va hasharotlardan himoya qilish texnologiyalariga alohida e’tibor qaratildi. Boshqarmaning yetakchi mutaxassisi Fahd bin Muborak al-Damdamiy o‘zbekistonlik hamkasblarini amaliy stajirovkaga qabul qilish, ularni foydalanilayotgan uskunalar va arxivlarni saqlash usullari bilan tanishtirishga tayyorligini bildirdi.

Abduxoliqovning so‘zlariga ko‘ra, Islom sivilizatsiyasi markazi Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga muvofiq uch yillik faoliyat dasturini ishlab chiqmoqda. Uning asosiy yo‘nalishlaridan biri xalqaro ilmiy hamkorlikni, jumladan, tarixiy hujjatlar va qo‘lyozmalarni o‘rganish sohasidagi aloqalarni kengaytirishdan iborat bo‘ladi.

Ikki mamlakatning arxiv sohasidagi hamkorligi bir necha yildan buyon rivojlanib kelmoqda. 2026 yil avgust oyida Ummon delegatsiyasi Samarqand, Buxoro va Toshkentdagi ilmiy hamda madaniy muassasalarga tashrif buyurgan edi. Safar yakunlari bo‘yicha Ummon Milliy hujjatlar va arxivlar boshqarmasi hamda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti avval imzolangan memorandum doirasida hamkorlikni faollashtirishga kelishib oldi. Unda qo‘lyozmalarni restavratsiya qilish, mikrofilmlarga olish, kataloglashtirish va ilmiy jihatdan o‘rganish bo‘yicha qo‘shma ishlarni amalga oshirish nazarda tutilgan.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etilgan. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 550 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.