O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qoshida faoliyat yuritayotgan Xalqaro xattotlik maktabiga 1700 nafardan ortiq kishi murojaat qildi. Unda ta’lim bepul bo‘lib, mashg‘ulotlarga 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan kishilar qatnashmoqda, deb xabar beradi Markaz matbuot xizmati.
Xalqaro xattotlik maktabi Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 29 yanvarda Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi chog‘ida xattotlik san’atini qayta tiklash, rivojlantirish va kelajak avlodlarga yetkazish yuzasidan bergan topshiriqlari asosida tashkil etilgan. Maktabning asosiy maqsadi asrlar davomida shakllangan milliy kitobat an’analarini saqlash, qadimiy xat turlarini o‘rgatish hamda sohada malakali mutaxassislarni tayyorlashdan iborat.
Maktab o‘qituvchisi Muhammad Soliyevning so‘zlariga ko‘ra, tinglovchilar uch guruhga bo‘lingan: maktab o‘quvchilari, talabalar va turli kasb vakillari. Uchinchi toifaga nafaqaxo‘rlar ham kiradi. Mashg‘ulotlar haftasiga ikki marta, bir soatdan o‘tkaziladi.
Ta’lim an’anaviy «ustoz-shogird» tizimi asosida tashkil etilgan. Dastur olti oydan uch yilgacha bo‘lgan muddatga mo‘ljallangan. O‘quvchilar nasx, nasta’liq, suls, riqo, devoniy va kufiy uslublarini o‘rganish, shuningdek, badiiy kompozitsiyalar tuzish qoidalarini o‘zlashtirish bilan shug‘ullanadi.
Faqat «Nasxi Buxoriy» uslubini o‘rganish uchun o‘rtacha to‘rt oydan olti oygacha vaqt talab etiladi. Olti-yetti oydan beri tahsil olayotgan ayrim o‘quvchilar ta’limning dastlabki bosqichlarini yakunlab, o‘z kompozitsiyalarini yaratishga kirishgan.
Islom sivilizatsiyasi markazi ma’lumotlariga ko‘ra, yuz nafardan ortiq yoshlar xattotlik bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ldi. Ularning ijodiy ishlari asosida ko‘rgazmalar va mahorat darslari ham tashkil etilgan.
Kelgusida eng yaxshi tayyorgarlikka ega o‘quvchilarni Markaz kutubxonasidagi noyob qo‘lyozmalarning xattotlik nusxalarini yaratishga jalb etish rejalashtirilgan. Ular orasida Alisher Navoiy va boshqa tarixiy shaxslar merosi bilan bog‘liq qo‘lyozmalar ham bor.
ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etilgan. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 550 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.



