Eron sudi rejissyor Ja’far Panohiyni sirtdan besh yillik qamoq jazosiga hukm qildi

Ja’far Panohiy. alaraby.co.uk sayti fotosurati

Tehron inqilobiy sudi mashhur eronlik kinorejissyor Ja’far Panohiyni sirtdan besh yilu bir oylik qamoq jazosiga hukm qildi. Bu haqda Variety nashri Eronning Emtedad nashriga tayanib xabar berdi.

Sud, shuningdek, Panohiyning barcha mol-mulkini musodara qilishga, unga ikki yil davomida mamlakatdan chiqishni va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlashga qaror qilgan.

Panohiyning advokati Mustafo Nili Emtedad nashriga ma’lum qilishicha, yangi hukm Tehron inqilobiy sudining 26-bo‘limi tomonidan chiqarilgan. Bu 2025 yil dekabr oyida «tizimga qarshi targ‘ibot» ayblovi bo‘yicha tayinlangan bir yillik qamoq jazosiga aloqasi bo‘lmagan alohida sud qaroridir. Advokatning so‘zlariga ko‘ra, sud Panohiyga majlis sanasi haqida xabar bermagan. Rejissyor hukm haqida faqat o‘tgan hafta uning bank hisob raqamlari muzlatilganidan keyingina bilgan.

Har ikki hukmni ijro etish masalasi «sud ixtiyoriga havola qilingan». Bu hokimiyat organlari jazoni istalgan vaqtda ijro etish huquqini saqlab qolishini anglatadi. Hozircha Panohiy hibsga olinmagan.

Ish materiallarida Panohiy «Erondan tashqarida ekani» ko‘rsatilgan. Ammo aslida rejissyor 2026 yil 30 mart kuni, ya’ni «Oskar» mukofotining 98-tantanali taqdirlash marosimidan ko‘p o‘tmay, vataniga qaytgan. Uning «Bu shunchaki tasodif edi» (It Was Just an Accident) filmi Fransiya nomidan «Eng yaxshi xalqaro to‘liq metrajli film» yo‘nalishida «Oskar»ga nomzod qilib ko‘rsatilgan edi.

Nili ushbu tafovutga e’tibor qaratgan va 2026 yil 20 may kuni Madaniyat va OAV sohasidagi prokuratura Panohiyni hibsga olish uchun order berganini ma’lum qilgan. Qizig‘i shundaki, aynan shu kuni rejissyor boshqa ish bo‘yicha sudning yana bir bo‘limidagi eshituvda ishtirok etgan.

Yangi ayblovlarning mohiyati rasman oshkor qilinmagan. Eronning hech bir sud organi hukm matnini e’lon qilmagan, sud tizimining rasmiy axborot agentligi Mizan Online ham bu qaror haqida xabar bermagan. Advokatning aytishicha, hozirda Panohiyga nisbatan uchta ish ko‘rib chiqilmoqda. U sentyabr oyida ulardan biri bo‘yicha so‘roqqa chaqirilgan edi.

▪️ 66 yoshli Panohiy Eron «yangi to‘lqini» kinematografiyasining asosiy namoyandalaridan biri hisoblanadi. U Yevropaning uchta eng yirik kinofestivalida bosh mukofotlarga sazovor bo‘lgan: Kann kinofestivalining «Oltin kamera» mukofoti (1995 yil, «Oq shar»), Venetsiya kinofestivalining «Oltin sher» mukofoti (2000 yil, «Doira») va Berlin kinofestivalining «Oltin ayiq» mukofoti (2015 yil, «Taksi»). 2025 yilda uning «Bu shunchaki tasodif edi» filmi Kann kinofestivalining «Oltin palma shoxi» mukofotini qo‘lga kiritdi. Eronda yashirincha suratga olingan ushbu film rejissyorning qamoqdagi shaxsiy tajribasiga asoslangan.

Panohiy Eron hukumati tomonidan bir necha bor ta’qibga uchragan. 2010 yilda u olti yillik qamoq jazosiga hukm qilingan, shuningdek, unga film suratga olish, ssenariy yozish va xorijga chiqish 20 yilga taqiqlangan edi. 2022 yil iyul oyida rejissyor jazoni o‘tash uchun Tehrondagi Evin qamoqxonasiga joylashtirilgan. U ochlik e’lon qilganidan so‘ng, 2023 yil fevral oyida ozod qilingan. 2023 yil aprel oyida hukumat safar qilish taqiqini bekor qiladi va bu Panohiyga Kann kinofestivalida shaxsan ishtirok etish imkonini beradi.

«Oltin palma shoxi»ni qo‘lga kiritganidan keyin Panohiy filmni targ‘ib qilish maqsadida bir qator xalqaro safarlarni amalga oshiradi. Biroq, unga Eronda bir yillik qamoq jazosi tahdid solib turganiga qaramay, oxir-oqibat vataniga qaytishga qaror qiladi.

«Men o‘z mamlakatida bo‘lishi kerak bo‘lgan insonlardan biriman. Menga u yerda nafas olish va ishlash kerak. Agar ular qamoq jazosini qo‘llashsa, qo‘llashsin. Hech narsa qaytish haqidagi qarorimni o‘zgartira olmaydi», — deb tushuntirgan u Variety nashriga bergan intervyusida o‘z qarorini.