Turkmaniston «Arkadag» bilan o‘yin oldidan uch nafar eronlik futbolchiga viza bermadi

«Gol Gohar» — «Arkadag» uchrashuvidan lavha. OFK fotosurati

Eronning «Gol Gohar» klubining uch nafar futbolchisi 4 noyabr kuni OFK-2 Chempionlar ligasi doirasida mahalliy «Arkadag» jamoasiga qarshi o‘yin o‘tkazishi kerak bo‘lgan Turkmanistonga kirish vizasini ololmadi. Bu haqda mehmonlar bosh murabbiyi Mehdi Rahmatiy o‘yinoldi matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb xabar beradi Tasnim agentligi.

Varzesh3 sport nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Siamak Nemati, Muhammadhusayn Jamoliy va Mahan Afruziyan Turkmanistonga kira olmagan. Futbolchilar Eronga qaytishga majbur bo‘lgan. Shu bilan birga, «Gol Gohar» safarga chiqishidan oldin ham turli sabablar, jumladan, jarohatlar tufayli to‘qqiz nafar futbolchisidan ayrilgan edi. Shu tariqa, jamoa «Arkadag»ga qarshi o‘yinga jiddiy kadrlar yo‘qotishlari bilan yetib kelgan.

Rahmatiy mezbon tomonning harakatlaridan noroziligini bildirib, sport va futbol do‘stlik hamda o‘zaro hurmatni mustahkamlashi kerakligini ta’kidladi. Murabbiyning so‘zlariga ko‘ra, u nega shogirdlarining uch nafariga viza berilmaganini tushunolmagan. U bu vaziyat haqida ochiq gapirishni zarur deb hisoblashini qayd etdi. Turkmaniston hukumati vizalarni rad etish sabablarini ma’lum qilmagan.

Eron jamoasining safarini tashkil etishda ham muammolar yuzaga kelgan. Avvalroq Turkmaniston to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovga ruxsat bermagani, shu sababli futbolchilar o‘yin o‘tkaziladigan joyga Mashhad orqali borishga majbur bo‘lgani xabar qilingan edi. U yerdan jamoa avtobusda yo‘lga chiqqan. Chegara nazoratidan o‘tishni hisobga olganda, safar taxminan o‘n soat davom etgan.

«Gol Gohar» yarim himoyachisi Omid Alishoh ham uchrashuvni tashkil etishni tanqid qildi va Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) harakatlaridan noroziligini bildirdi. U yuzaga kelgan qiyinchiliklar sababli o‘yinni betaraf maydonda o‘tkazish kerak edi, deb hisoblashini aytdi. Shu bilan birga, eronlik klubning o‘zi ham xalqaro musobaqadagi raqiblarini Tojikistonda qabul qilishga majbur. Mintaqadagi xavfsizlik vaziyati tufayli OFK Eron klublariga raqiblarini betaraf maydonlarda qabul qilish majburiyatini yuklagan. «Gol Gohar» Tojikistonning Hisor shahridagi stadionni tanlagan, dastlab O‘zbekiston, Iroq va Ummon variantlarini ham ko‘rib chiqqan. Avvalroq Eurasia Football nashri xabar berishicha, klubning rasmiy murojaatidan so‘ng Tojikiston futbol federatsiyasi eronlik jamoani qabul qilishga rozi bo‘lgan.

«Arkadag» — «Gol Gohar» uchrashuvi 4 noyabr kuni Arkadag shahridagi stadionda bo‘lib o‘tadi va mahalliy vaqt bilan soat 18:45 da boshlanadi. Bir hafta avval jamoalar Tojikistonning Hisor shahrida uchrashib, 0:0 hisobida durang o‘ynagan edi.

Uch turdan keyin «Arkadag» B guruhida to‘rt ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda va peshqadam — BAAning «Al-Jazira» klubidan uch ochko ortda qolmoqda. «Gol Gohar» ikki ochko to‘plagan va guruh jadvalining so‘nggi pog‘onasini egallagan. Pley-off bosqichiga guruhning eng yaxshi ikki jamoasi yo‘l oladi.

«Arkadag» 2023 yilda Turkmanistonning sobiq prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov tashabbuslari bilan qurilishi boshlangan yangi shu nomdagi shaharda tashkil etilgan. Klub bir necha bor mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan, 2025 yilda esa OFK Chaqiruv ligasi g‘olibi bo‘lgan.