Afg‘oniston hukumati to‘ylar va boshqa tantanali tadbirlarda mushakbozlikni butunlay taqiqladi. Tegishli hujjat «Tolibon» hukumati huzuridagi Islomiy fazilatlarni targ‘ib qilish va illatlar oldini olish vazirligi tomonidan tasdiqlangan. Bu haqda Pajhwok.com sayti xabar berdi.
Vazirlik tushuntirishicha, mushakbozlik va shunga o‘xshash pirotexnika vositalaridan foydalanish odamlarda qo‘rquv, xavotir va ruhiy stressni keltirib chiqaradi. Vazirlik vakillari fuqarolar farovonligi, ularning xavfsizligi, jamoat tartibi va inson huquqlariga rioya etish toliblar uchun muhim qadriyatlar ekanini ta’kidlaydi. Shu sababli hukumat «xavfli mahsulotlar»ni taqiqlashga qaror qilgan.
Hujjatda ta’kidlanishicha, Afg‘onistondagi bayram tadbirlari islom me’yorlari va shariat tamoyillariga muvofiq o‘tkazilishi kerak. Tantanalar aholi, jumladan, bolalar, ayollar va keksalar orasida vahima uyg‘otadigan harakatlar bilan birga o‘tkazilmasligi lozim.
Ayrim nashrlar ta’kidlashicha, toliblarning ayollar haqidagi bunday «g‘amxo‘rligi» ular avval joriy etgan cheklovlarga zid ko‘rinadi. Masalan, afg‘onistonlik qizlarga oltinchi sinfdan yuqori maktablarda va universitetlarda o‘qish taqiqlangan. Bundan tashqari, ayollarga baland ovozda gapirish, qo‘shiq aytish va erkak hamrohisiz ko‘chaga chiqish ham taqiqlangan.
«Tolibon» hukumati amaldorlari yangi taqiq do‘kon egalari, importchilar, ishlab chiqaruvchilar, pirotexnika savdogarlari, shuningdek, bunday mahsulotlarni ishlab chiqarish yoki mamlakatga yetkazib berish bilan bevosita va bilvosita bog‘liq bo‘lgan barcha shaxslarga taalluqli ekanini qo‘shimcha qiladi.
Islomiy fazilatlarni targ‘ib qilish va illatlar oldini olish vazirligi fuqarolarni, xususan, tadbirkorlarni taqiqlangan mahsulotlardan foydalanmaslikka va ularning tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqiradi. Hokimiyat vakillari feyerverklardan foydalanish taqiqini buzganlarga Afg‘oniston qonunchiligi va shariat qoidalariga muvofiq choralar ko‘rilishidan ogohlantiradi. Qanday jazo choralari nazarda tutilgani aniqlashtirilmagan.
Mahalliy OAVning ma’lumotlariga ko‘ra, ilgari ham mushakbozlik taqiqlangan, biroq bu cheklov butun mamlakatga emas, balki ayrim shaharlarga taalluqli bo‘lgan. Pirotexnika vositalaridan faqat tungi vaqtda — soat 21:00 dan 07:00 gacha foydalanish taqiqlangan edi.



