Oʻzbekiston рrezidenti dunyoning eng nufuzli musulmonlari reytingida top-40 talikka kirdi

Shavkat Mirziyoyev. Oʻzbekiston рrezidenti matbuot xizmati fotosi

Oʻzbekiston рrezidenti Shavkat Mirziyoyev dunyoning eng nufuzli musulmonlarining har yilgi The Muslim 500 — 2027 reytingida top-40 talikka kiritildi. Mazkur roʻyxat Iordaniya poytaxti Аmmonda joylashgan Qirollik strategik islom tadqiqotlari markazi tomonidan shakllantiriladi.

Reyting tuzuvchilari Markaziy Osiyo respublikasida amalga oshirilayotgan «Yangi Oʻzbekiston» islohotlar dasturini, shuningdek, Mirziyoyev rahbarligida iqtisodiyot erkinlashtirilgani, xorijiy investorlar uchun qulay sharoitlar yaratilgani va xalqaro savdo kengaytirilganini alohida qayd etdilar. Paxtachilik tarmogʻida majburiy mehnatga butunlay barham berilgani muhim yutuq sifatida koʻrsatilgan.

Bundan tashqari, The Muslim 500 mualliflari yozishicha, Oʻzbekiston rahbari mintaqadagi qoʻshni davlatlar bilan aloqalarni ijobiy tomonga oʻzgartirdi, yanada ochiq tashqi siyosat esa mamlakatning diplomatik hamda iqtisodiy sherik sifatida dunyodagi nufuzini sezilarli darajada oshirdi.

Mirziyoyevning tarixiy islom merosiga katta eʼtibor qaratayotgani alohida taʼkidlangan. Masalan, hukumat koʻmagida masjidlar qurilmoqda va taʼmirlanmoqda, haj hamda umra (musulmonlarning muqaddas qadamjolarni ziyorat qilishi) imkoniyatlari kengaytirilmoqda, muqaddas qadamjolar qayta tiklanib, diniy taʼlim rivojlantirilmoqda. Toshkent shahrida Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etilgani ham alohida eʼtirof etilgan.

Qoʻshimcha qilish joiz, 2027 yilgi рейтингда (joriy yil oxirida eʼlon qilinib, keyingi yil sanasi bilan belgilanadi — «Fargʻona» izohi) Mirziyoyev 40-oʻrinni egallagan boʻlsa, avvalgi nashrda ham davlat rahbari dunyoning eng nufuzli musulmonlari qatorida edi, ammo dastlabki 50 nafarlik doirasidan tashqarida koʻrsatilgan edi (aniq pogʻonalar faqat top-50 vakillariga beriladi, qolgan 450 kishi esa raqamlarsiz sanab oʻtiladi).

The Muslim 500 — 2027 roʻyxatidan Markaziy Osiyo respublikalarining yana bir necha vakili oʻrin olgan. Qozogʻistondan mamlakat prezidenti Qasim-Jomart To‘qayev va xonanda Dimash Qudaybergen, Tojikistondan muftiy Saidmukarram Abdulqodirzoda bor. Qirgʻiziston va Turkmaniston fuqarolari roʻyxatda qayd etilmagan. Biroq Afgʻonistonning bir necha vakili, jumladan, «Tolibon» harakati yetakchisi Haybatulloh Oxundzoda kiritilgan.

Birinchi pogʻonani bu gal birdaniga besh nafar shaxs bo‘lishgan. Ular — Saudiya Arabistoni podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud va valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon bin Abdulaziz Ol Saud, Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif va mamlakat mudofaa kuchlari qoʻmondoni feldmarshal Osim Munir hamda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻondir.

Umuman olganda, roʻyxatdan diniy ulamolar, siyosatchilar, tadbirkorlar, jurnalistlar, olimlar, madaniyat va sport namoyandalari joy olgan. Masalan, sportchilar toifasiga futbolchilar Muhammad Saloh (Misr), Ashraf Hakimiy (Marokash), fransiyalik Zayniddin Zidan va Usmon Dembele, Ispaniyaning yagona vakili Lamin Yamal hamda rossiyalik sobiq MMA jangchisi Habib Nurmagomedov kiritilgan.

The Muslim 500 reytingi 2009 yildan beri muntazam eʼlon qilib kelinadi. Tuzuvchilar insonning musulmon olamiga yoki ushbu din vakillariga taʼsir koʻrsata olish qudratini asosiy mezon deb hisoblaydi. Bunda taʼsir ijobiy ham, salbiy ham boʻlishi mumkin, roʻyxatga kiritilish esa mualliflar mazkur shaxsning qarashlarini qoʻllab-quvvatlashini anglatmaydi.

Iordaniya Qirollik islom markazi taʼkidlashicha, mazkur reyting dunyoda islom olami shaxslari boʻyicha eng taniqli va eng koʻp iqtibos keltiriladigan har yilgi maʼlumotnoma hisoblanadi, biroq uning nufuzi qatʼiy ilmiy yoki rasmiy emas, balki oʻziga xos ekspertlik-publitsistik xususiyatga ega.