Oʻzbekistonda «Yangi Buxoro» xalqaro aeroportini qurish va boshqarish boʻyicha tender yakunlandi. Tanlovda ikki kompaniya — Turkiyaning «Limak Insaat Sanayi ve Ticaret» hamda Qatarning «Hamad Bin Khalid Contracting Company» shirkatlaridan iborat konsorsium gʻolib boʻldi. Bu haqda «Uzbekistan Airports» aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur loyiha davlat-xususiy sheriklik (DXSh) tamoyili hamda «qurish — topshirish — boshqarish» (build — transfer — operate) modeli asosida amalga oshiriladi.
Aniqlik kiritilishicha, tenderda gʻolib chiqqan konsorsium soatiga 1200 nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish quvvatiga ega yangi yoʻlovchi terminali, vokzal oldi maydoni, avtoturargoh hududi va unga tutash infratuzilmani barpo etishi kerak. Shuningdek, davlat sherigi aerodrom majmuasi — uchish-qoʻnish yoʻlagi va perron qurilishi hamda boshqaruviga masʼul boʻladi.
«Uzbekistan Airports» maʼlum qilishicha, navbatdagi bosqichda 23 yillik muddatga DXSh toʻgʻrisidagi bitim imzolanadi. Shartnomaga muvofiq, bevosita qurilish ishlari davri 3 yildan oshmaydi. Ishlar qiymati maʼlum qilinmagan.
«Buxoro — Markaziy Osiyoning ikki ming yildan ziyod tarixga ega eng qadimiy shaharlaridan biri boʻlib, uning tarixiy markazi 1993 yilda YUNESKO Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan. Yangi aeroport mehmonlarning oʻsib borayotgan oqimini qabul qilish hamda mintaqaning xorijiy mamlakatlar bilan aviaqatnovlarini kengaytirishga xizmat qiladi. <…> Buxorodagi loyihani amalga oshirish bilan shugʻullanadigan jamoa zamonaviy infratuzilma va yoʻlovchilar uchun qulay havo darvozasini yaratishiga, mintaqaning xorijiy sayyohlar uchun jozibadorligini oshirishiga hamda umuman olganda Oʻzbekiston aviatsiya sohasi rivojiga hissa qoʻshishiga ishonchimiz komil», — deya izoh berishdi «Uzbekistan Airports»da tender natijalariga.
Oʻzbekiston korxonasi vakillari konsorsium tarkibiga kiruvchi kompaniyalarning muvaffaqiyatli faoliyatiga bir nechta misollarni ham keltirishdi. Xususan, Turkiyaning «Limak» shirkati hozirda Prishtina (Kosovo) va Dakar (Senegal) aeroportlarini boshqarib kelmoqda. Bundan tashqari, tashkilot Istanbuldagi havo bandargohi qurilishida ishtirok etgan, ayni paytda Qohira (Misr) aeroporti obyektlarini hamda Quvaytda yangi yoʻlovchi terminalini barpo etmoqda.
Qatar kompaniyasining faoliyati haqida esa uning 2022 yilgi futbol boʻyicha jahon chempionati finali boʻlib oʻtgan mahalliy «Lusail» stadioni qurilishida bosh pudratchi boʻlganigina xabar qilingan.



