Qirg‘izistonda 13 noyabr kuni mamlakat prezidentligiga nomzodlarni ko‘rsatish jarayoni yakunlandi. Belgilangan muddatga qadar yuksak lavozim uchun 11 nafar da’vogar saylovda ishtirok etish bo‘yicha ariza topshirdi, deb xabar bermoqda respublika Saylov va referendumlar o‘tkazish bo‘yicha markaziy komissiyasi (Markaziy saylov komissiyasi, MSK) o‘z saytida.
MSK ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda nomzodlarni qo‘llab-quvvatlovchi saylovchilarning elektron imzolarini to‘plash jarayoni davom etmoqda. Mazkur bosqich joriy yilning 8 dekabriga qadar davom etadi. Qonunchilikka muvofiq, Markaziy saylov komissiyasida ro‘yxatdan o‘tish uchun davlat rahbari lavozimiga har bir da’vogar kamida 30 ming fuqaroning imzosini to‘plashi zarur.
Shundan so‘ng, 13 dekabrgacha komissiya saylovda ishtirok etishni istaganlardan hujjatlar to‘plamini qabul qiladi. Bunda nomzodlar va ularning vakolatli vakillariga yetishmayotgan hujjatlarni belgilangan tartibda MSKga taqdim etish huquqi beriladi.
Prezidentlik kursisiga da’vogarlarni ro‘yxatga olish jarayoni 23 dekabrga qadar amalga oshiriladi.
Ayni damda saylovoldi kampaniyasining birinchi bosqichidan 11 kishi o‘tib, respublika rahbari lavozimiga nomzod bo‘ldi. E’tiborlisi, ulardan ikki nafari tegishli bildirishnomalarni qabul qilishning so‘nggi kuni bo‘lgan 12 noyabrda hujjat topshirgan.
Quyida nomzodlarning xronologik tartibdagi (bildirishnoma topshirilishi bo‘yicha — eng oldindan boshlab keyingisiga qarab) ro‘yxati keltirilgan:
✅ Aymen Kasenov;
✅ Azamat Esenbekov;
✅ Siymik Japikeyev;
✅ Akay Kadirov;
✅ Isxak Masaliyev;
✅ Sadir Japarov;
✅ Baktibek Kalmamatov;
✅ Baktibek Adilov;
✅ Amur Ayba Meder;
✅ Mambetjunus Abilov;
✅ Klara Sooronkulova.
Qirg‘iziston prezidenti saylovi 2027 yil 27 yanvarga belgilangan.
Qonunchilikka binoan, respublika rahbari lavozimiga nomzod 35 yoshdan kichik bo‘lmasligi, davlat tilini bilishi hamda mamlakatda jami kamida 15 yil yashagan bo‘lishi shart. Ro‘yxatdan o‘tish uchun kamida 30 ming saylovchi imzosini to‘plash va 1 million som (11,4 ming dollar) miqdorida saylov garovini kiritish lozim. Mazkur mablag‘ davlat byudjetiga tushadi hamda g‘alaba qozonilgan yoki nomzodlik qaytarib olingan taqdirda da’vogarga qaytarilmaydi.



