Qirgʻiziston FVV rahbari oʻrinbosari oʻsmirning togʻda halok boʻlishi ortidan ishdan boʻshatildi, vazirga esa hayfsan berildi

Amir Kunakunov. Marhum oilasining shaxsiy arxividan olingan surat

Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbari Kanatbek Chinibayevga mamlakat prezidenti Sadir Japarov tomonidan qattiq hayfsan berildi, deya xabar qildi davlat rahbarining matbuot xizmati. Mazkur idora rahbarining oʻrinbosari Almazbek Asanov esa hukumat qaroriga asosan lavozimidan ozod etildi. Bu holat Ola-Archa togʻlarida qutqaruvchilar yordamini kutib, halok boʻlgan 14 yoshli Amir Kunakunov bilan bogʻliq fojiadan soʻng yuz berdi.

«AKIpress»ning aniqlik kiritishicha, FVVning yana ikki xodimi — Inqirozli vaziyatlarda boshqarish markazi boshligʻi Azis Egemberdiyev hamda Qutqaruvchilarni tayyorlash davlat markazi rahbari Tinarbek Murashov ham egallab turgan lavozimidan boʻshatilgan.

Mansabdorlarning ishdan olinishi respublika Prezidenti administratsiyasi tomonidan oʻtkazilgan tekshiruv natijasi boʻldi. Vazirlik faoliyatida, xususan, tezkor chora koʻrish va qidiruv ishlarini muvofiqlashtirishda jiddiy kamchiliklar mavjudligi aniqlandi.

Shunga qaramay, Asanov vazir oʻrinbosari lavozimida boʻlgan chogʻida FVV oʻsmirning oʻlimi uchun maʼnaviy aybni his qilishini tan olgan edi. Shu bilan birga, u Kunakunovni qutqarish operatsiyasiga aviatsiyani jalb qilish qarori nega kechiktirilganini tushuntirgandi. Mulozimning soʻzlariga koʻra, togʻlarda qidiruv ishlari dastlab yer usti guruhlari tomonidan olib boriladi, soʻngra hodisaning xususiyati hamda ob-havo sharoitidan kelib chiqib vertolyotlar jalb etiladi. Oʻshanda Asanov FVV ichki tekshiruv oʻtkazish niyatida ekanini va uning yakunlari boʻyicha idora oʻz xodimlarining xatti-harakatlariga baho berishi kerakligini qoʻshimcha qilgandi.

11 noyabr kuni Qirgʻiziston Harbiy prokuraturasi «Ola-Archa» milliy tabiat bogʻida Amir Kunakunovning halok boʻlishi holati yuzasidan sovuqqonlik moddasi boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatgani maʼlum boʻldi. Boshqa tafsilotlar, jumladan, gumonlanuvchilar aniqlangani yoki yoʻqligi haqida maʼlumot berilmagan.

14 yoshli oʻsmir bilan bogʻliq fojia 7 noyabr kuni yuz berdi. Togʻdan tushayotganda adashib qolganini tushungan Kunakunov yagona tezkor xizmat raqamiga qoʻngʻiroq qilgan. FVV xodimlari geolokatsiya orqali yigitning aniq turgan joyini aniqlashgan. Ammo navbatchi qutqaruvchilar guruhiga xabar kech — Amir yordam soʻrab murojaat qilganidan uch soat oʻtib yetib borgan. Vazirlikdagilar bu kechikishni togʻli hududda mobil aloqaning yoʻqligi bilan izohlashgan.

Qidiruv amaliyoti keyingi ikki kun davomida davom etgan. 9 noyabr kuni Amirning jasadi «Elektro» choʻqqisi hududidan topilgan. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, oʻsmirning oʻlimiga tananing haddan tashqari sovib ketishi sabab boʻlgan.