Qozogʻistonda chet elliklar uchun IIRni onlayn rasmiylashtirish yoʻlga qoʻyildi

zakon.kz saytidan olingan surat

Qozogʻistonda chet elliklar uchun QazETA mobil ilovasi orqali individual identifikatsiya raqamini (IIR) rasmiylashtirish boʻyicha tajriba loyihasi ishga tushirildi. Ichki ishlar vaziri Yerjan Sadenov tegishli buyruqni imzoladi, deb xabar beradi Tengrinews.kz.

Onlayn xizmat Qozogʻistonda vaqtincha boʻlib turgan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar uchun moʻljallangan.

IIRni rasmiylashtirish uchun chet el fuqarosi ilovada roʻyxatdan oʻtishi, shaxsiy maʼlumotlarini toʻplash va qayta ishlashga rozilik berishi, shaxsini tasdiqlovchi hujjatni suratga olishi hamda biometrik autentifikatsiyadan oʻtishi kerak.

Xizmat tanlangach, tizim «Berkut» bazasi boʻyicha Qozogʻistonga kirish holatini tekshiradi. Soʻngra ariza beruvchi telefondagi geolokatsiyani tasdiqlashi va tizim bilan tirik inson ishlayotganiga ishonch hosil qilish imkonini beruvchi Liveness tekshiruvidan oʻtishi lozim boʻladi.

Ilovada dastlab toʻldirilgan ariza paydo boʻladi, shundan soʻng ariza beruvchi koʻrsatilgan maʼlumotlarni tekshirib, ularni tugʻilgan joyi, millati va aloqa maʼlumotlari bilan toʻldirishi kerak.

Shundan soʻng arizani koʻrib chiqishga yuborish mumkin. Tizim ariza beruvchiga ilgari IIR berilgan-berilmaganini tekshiradi, bundan tashqari, biometrik maʼlumotlar immigrantlarning namunaviy bazasi bilan solishtiriladi. Bu, xususan, bir kishiga bir nechta hujjat rasmiylashtirilmaganini aniqlash imkonini beradi.

Davlat xizmatini koʻrsatish muddati bir ish kunini tashkil etadi. Ariza topshirilgan kun ushbu muddatga kiritilmaydi.

Koʻrib chiqish natijasi ilovada paydo boʻladi. Ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, ariza beruvchi oʻz IIRni koʻrishi va PDF formatidagi roʻyxatga olish guvohnomasini yuklab olishi mumkin. Xizmat koʻrsatish rad etilsa, sababi koʻrsatilgan bildirishnoma yuboriladi.

Notoʻgʻri hujjatlar yoki maʼlumotlar, shuningdek, taqdim etilgan maʼlumotlarning belgilangan talablarga nomuvofiqligi rad etishga asos boʻlishi mumkin.

IIV buyrugʻi 9 noyabrdan kuchga kirdi va bir yil davomida amal qiladi.

Qozogʻistonda IIR davlat xizmatlaridan foydalanish, shuningdek, respublika banklarida toʻlov kartalarini ochish uchun zarurdir. Hozirda xorijliklar uni shaxsan aholiga xizmat koʻrsatish markazlariga (AXKM) murojaat qilish orqali olishlari mumkin. Masofadan rasmiylashtirish esa faqat eResidency dasturi doirasida mavjud.

QazETA — mamlakatga kirish uchun elektron ruxsatnomalar tizimi boʻlib, uni joriy etish Qozogʻistonda yaqinda boshlandi. U respublika bilan vizasiz rejim oʻrnatilgan davlatlar, shu jumladan Rossiya fuqarolariga tatbiq etiladi. 2027 yil 1 iyuldan boshlab bunday ruxsatnomaning yoʻqligi koʻzda tutilgan holatlardan tashqari, mamlakatga kirishni rad etish uchun asos boʻladi.

  • Nima uchun Rossiyadagi data — markazlaridagi muammolar Qozog‘istondagi odatiy servislar faoliyatini izdan chiqarib yubordi va respublika bu vaziyatdan foydalana oladimi?

  • Eronga MDH nima uchun kerak va u YEOIIga qo‘shilishga tayyormi?

  • 111 ta ekologik tashkilot Jahon bankidan nimani talab qilmoqda va buning Tojikistonga qanday aloqasi borligi haqida

  • O‘nlab qozog‘istonliklar Rossiyaga ishlash uchun ketishgan, ammo u yerda urushga jalb etilgan