Qozog‘iston shaxsiy foydalanish uchun besh yildan eski va ekologik standarti Yevro-5 dan past avtomobillarni olib kirishni taqiqlaydi

shutterstock.com/Vladimir Konstantinov fotosurati

Qozog‘istonda jismoniy shaxslar chet eldan shaxsiy foydalanish uchun olib kiradigan avtomobillarga nisbatan yangi talablar rasman belgilandi. Unga ko‘ra, mamlakatga faqat besh yildan eski bo‘lmagan va ekologik standarti Yevro-5 dan past bo‘lmagan avtomobillarni olib kirishga ruxsat beriladi. Bu haqda normativ-huquqiy hujjatlar onlayn bazasida e’lon qilingan hukumat qarorida so‘z yuritiladi.

Agar avtomobil besh yildan eski bo‘lsa yoki uning dvigateli Yevro-5 standartiga javob bermasa, uni Qozog‘istonda ro‘yxatdan o‘tkazish imkoni bo‘lmaydi. Shu bilan birga, yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan jismoniy shaxslar uchun avvalgi Yevro-4 talabi saqlanib qoladi.

Qaror ilk rasmiy e’lon qilingan kundan keyin 60 kalendar kun o‘tgach, ya’ni 2026 yil 30 dekabrdan kuchga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, 2026 yil 28 sentyabrdan boshlab Qozog‘istonda jismoniy shaxslar tomonidan avtomobillarni olib kirish qoidalari allaqachon qat’iylashtirilgan edi. Endi transport vositalarining elektron pasportlari va transport vositasi konstruksiyasi xavfsizligi to‘g‘risidagi guvohnomalar faqat besh yildan eski bo‘lmagan, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi asosida olib kirilgan va kamida 48 foiz miqdorida yagona to‘lov to‘langan avtomobillarga rasmiylashtiriladi. Bundan tashqari, bir kishi yiliga ko‘pi bilan bitta avtomobil olib kirishi mumkin. Undan ko‘p avtomobil olib kirish tijorat faoliyati hisoblanadi va bunga faqat tadbirkorlik doirasida ruxsat beriladi.

O‘zgartishlar Qozog‘istonda avtomobilsozlik ishlab chiqarishi hajmi ortib borayotgan bir paytda qabul qilindi. Milliy statistika byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil yanvar–sentyabr oylarida mamlakatda 136 548 ta avtomobil ishlab chiqarilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 38 foizga ko‘p. Respublikada jami 12 ta avtomobilsozlik korxonasi faoliyat yuritmoqda.

Avgust oyida Inbusiness nashri ekspertlarga tayanib, Qozog‘istonda avtomobillar ortiqcha ishlab chiqarilishi xavfi mavjudligi haqida yozgan edi. Ularning baholashicha, ichki bozor imkoniyatlari cheklangan, eksport, jumladan, Rossiyaga avtomobil yetkazib berish esa import qiluvchi mamlakatlarda amal qilayotgan bojlar tufayli iqtisodiy jihatdan foydasiz bo‘lib qolishi mumkin.