Xakerlar 27 milliondan ortiq o‘zbekistonlikning shaxsiy ma’lumotlari saqlanadigan bazani buzib kirganini ma’lum qilishdi

Butterfly xakerlar guruhi ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonning 27 milliondan ortiq fuqarosi haqida shaxsiy ma’lumotlar saqlanadigan ma’lumotlar bazasini buzib kirganini ma’lum qildi. Buzib kirishga dalil sifatida kiberjinoyatchilar respublika Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovning shaxsiy ma’lumotlarini oshkor qilishgan, deb xabar beradi Podrobno.uz nashri.

Kiberjinoyatchilarning aytishicha, ular o‘zbekistonliklar haqida quyidagi ma’lumotlar saqlanadigan bazaga kirish imkoniga ega bo‘lgan: familiyasi, ismi va otasining ismi, mobil telefon raqami, JSHSHIR (jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami), yashash manzili, pasport ma’lumotlari va biometrik fotosuratlar.

Butterfly vakillari respublika hukumatiga ultimatum qo‘ygan: agar xakerlarning talablari 2 noyabr tongiga qadar bajarilmasa, ma’lumotlar bazasi darknet orqali ochiq savdoga qo‘yiladi. Darknet — internetning oddiy qidiruv tizimlari orqali topib bo‘lmaydigan va standart brauzerlar yordamida ochilmaydigan yashirin qismi.

Hozircha kiberjinoyatchilar aynan nimani talab qilayotgani va o‘zbekistonliklarning shaxsiy ma’lumotlari darknetda sotuvga qo‘yilgan-qo‘yilmagani noma’lum. Mamlakatning vakolatli organlari hozircha vaziyatga hech qanday izoh bermagan.

Shuni ham qo‘shimcha qilish lozim, bir necha kun avval ommaviy axborot vositalarida Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati Safe Road platformasida ro‘yxatdan o‘tgan o‘zbekistonliklarning shaxsiy ma’lumotlari tarqalib ketgani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi. Ayrim blogerlar, jumladan, Kurbanoff.net Telegram-kanali muallifi Shuxrat Qurbonov xabarning ishonchliligini tekshirib, o‘z shaxsiy ma’lumotlarini haqiqatan ham ochiq manbalardan topgan. Servisni ishlab chiqqan AUTODOC kompaniyasi ma’lumotlar tarqalib ketganini rad etganiga qaramay, IIV va respublika Davlat xavfsizlik xizmati huzuridagi Kiberxavfsizlik markazi tekshiruv boshladi.

1 noyabr kuni Troll.uz Telegram-kanalida O‘zbekiston vazirliklaridan birining saytida jiddiy zaiflikni aniqlagan dasturchi haqidagi hikoya e’lon qilindi. Bu zaiflik tufayli 40 million fuqaroning shaxsiy ma’lumotlari internetga tarqalib ketishi mumkin edi.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, u dastlab bu haqda tegishli idoraga xabar bera olmagan, chunki unga «hammasi joyida» deb javob berishgan. Faqat boshqa dasturchi idoraga taklif qilinganidan keyingina davlat veb-resursi ma’murlari muammo borligini tan olib, uni bartaraf etishga va’da berishgan.

Qariyb bir hafta o‘tganiga qaramay, zaiflik bartaraf etilmagan va faol mutaxassis Kiberxavfsizlik markaziga murojaat qilgan. Shundan keyingina idora uning murojaatiga e’tibor qaratgan va sakkiz kun davomida kamchiliklarni bartaraf etgan. Kiberxavfsizlik ekspertlari murojaat muallifiga amalga oshirilgan ish natijalarini tekshirishni taklif qilgan. Shu bilan birga, zaiflikni aniqlagan dasturchidan ushbu voqea haqida gapirmaslik so‘ralgan.

Ta’kidlash joiz, agar ma’lumotlar ochiq foydalanishga chiqib ketganida, oqibatlari fojiali bo‘lishi mumkin edi. Mutaxassisning baholashicha, xakerlar kredit rasmiylashtirish yoki boshqa qonunga xilof harakatlarni amalga oshirishda foydalanishi mumkin bo‘lgan har bir shaxsiy akkaunt buzib kirilishi natijasida taxminan 50 dollar iqtisodiy zarar yetkaziladi. Ya’ni respublika miqyosida bu zarar 2 milliard dollarga yetishi mumkin.

Eng muhimi, maqola mualliflari ta’kidlashicha, O‘zbekistonda muammolar haqida xabar berish tizimi puxta ishlab chiqilmagan: murojaatlarning maxfiyligini ta’minlash mexanizmi, javob berishning aniq muddatlari va ish natijalarini ochiq e’lon qilish tartibi mavjud emas. Muammoni aniqlagan shaxslar uchun mukofot ham ko‘zda tutilmagan. Eng ko‘pi bilan ular o‘zlari so‘rov bergan taqdirdagina minnatdorlik xati olishlari mumkin.

Butterfly — korporativ josuslik bilan shug‘ullanadigan professional xakerlar guruhi. Ushbu guruh haqidagi ilk ma’lumotlar 2013 yilda paydo bo‘lgani aytiladi. Kiberjinoyatchilar hujumlari natijasida Apple, Facebook va Microsoft kabi bir nechta yirik texnologik korporatsiyalar jabr ko‘rgani ma’lum.

  • O‘zbekiston maktab islohotini xorijiy tajribalar asosida qanday shakllantirayotgani haqida

  • Toliblarga qarshi muxolifat yetakchilari mamlakat kelajagi borasida turlicha fikr bildirdi

  • Mashhur san’atkorning Japarov oldida o‘zini qanday tutgani Qirg‘izistonda hokimiyatga sig‘inish va siyosiy o‘zgarishlar haqidagi bahslarga sabab bo‘ldi

  • Muhim minerallar, sun’iy intellekt — «Markaziy Osiyo — Koreya» formatidagi uchrashuvda yana nimalar muhokama qilindi?