Toshkent shahar hokimligi futbol bo‘yicha «Paxtakor» jamoasiga «klub xarajatlarini tasdiqlangan smetaga muvofiq moliyalashtirish» uchun 5 milliard so‘m (taxminan 417 ming dollar) ajratdi. Mablag‘ ajratish to‘g‘risidagi qarorni 29 oktyabr kuni O‘zbekiston poytaxti hokimi Shavkat Umurzoqov imzolagan. Hujjat E-qaror elektron tizimida e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, bunday qaror qabul qilinishiga futbol klubi rahbariyati hamda Toshkent shahar hokimligining «Munitsipal aktivlarni boshqarish markazi» davlat unitar korxonasi tomonidan hokimlikka qilingan murojaat asos bo‘lgan. Poytaxt budjeti hisobidan aynan qaysi xarajatlarni qoplashga qaror qilinganiga aniqlik kiritilmagan.
Shu bilan birga, hujjatdan ma’lum bo‘lishicha, hokimlik vakillariga «Paxtakor»ning ustav fondidagi ma’muriyat ulushini oshirish hamda mablag‘lardan maqsadli foydalanilishini ta’minlash topshirilgan.
Bir necha oy oldin nufuzli futbol klubining asosiy homiysi — Akfa kompaniyalar guruhi jamoani qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatish niyatida ekani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi. Bunday qarorni xolding rahbari Jahongir Ortiqxo‘jayev qabul qilgani aytilgan.
Bir muddat «Paxtakor» homiyning ketishi haqida rasman izoh bermadi. Biroq, avgust oyi oxirida «Aziya-Sport» Telegram-kanali futbol klubi xodimlariga tayanib, ularga Akfa bilan hamkorlik to‘xtatilishi haqida ma’lum qilinganini xabar qildi.
Oktyabr oyida klub ham homiysidan ayrilganini tan oldi, biroq kompaniya nomini oshkor qilmadi. E’tiborlisi, jamoa tadbirkorlarning bunday qaror qabul qilishiga mamlakat chempionatidagi hakamlik sabab bo‘lganini ta’kidlaydi. «Paxtakor» hakam Ilgiz Tantoshevni Namanganning «Navbahor» jamoasi bilan o‘yinda futbolchilarning o‘xshash harakatlarini baholashda turli mezonlarni qo‘llaganlikda ayblagandi. Jumladan, hakam raqib futbolchilarining bir qator qo‘pol qoidabuzarliklarini jazolamagan, «Paxtakor» o‘yinchilari esa unchalik jiddiy bo‘lmagan xatti-harakatlari uchun ham ogohlantirish olgan. E’tirozlar poytaxt jamoasi darvozasiga belgilangan penalti va raqibning jarima maydonidagi qoidabuzarliklarga e’tibor qaratilmaganiga ham taalluqli bo‘lgan. Bayonot yakunida aynan hakamlik tufayli Toshkent klubi asosiy homiysidan ayrilgani aytilgan.
2024 yil dekabr oyida Ortiqxo‘jayev «Paxtakor»ning yillik xarajatlari qariyb 100 milliard so‘mni (8,3 million dollar) tashkil etishini ma’lum qilgan edi. Tadbirkor klub foyda keltirmasligini ta’kidlagan, shu bilan birga, jamoani qo‘llab-quvvatlash zarurligini qayd etgan.
Toshkentning «Paxtakor» klubi — O‘zbekistonning eng ko‘p sovringa ega futbol jamoasi. Klub respublika chempioni unvonini 16 marta qo‘lga kiritgan.



