Binance kriptobirjasi xakerlar hujumiga uchradi va undan 6,5 milliard dollarlik mablag‘ o‘g‘irlandi

magnific.com sayti fotosurati

Dunyodagi eng yirik kriptovalyuta birjasi Binance 29 oktyabr kuni kechqurun keng ko‘lamli xakerlik hujumiga uchradi. Dastlabki baholashlarga ko‘ra, hujum natijasida yetkazilgan zarar 6,3 milliard dollarni tashkil etishi mumkin. Agar bu baholar tasdiqlansa, mazkur hujum kriptovalyuta bozori tarixidagi eng yirik hujumlardan biriga aylanishi mumkin.

Tizimga kirish manbai sifatida DevOps muhandisining virus bilan zararlangan noutbuki taxmin qilinmoqda. Shubhali operatsiyalar 2026 yil 29 oktyabr kuni kechqurun boshlangan. O‘tkazmalarning asosiy qismi taxminan 20 daqiqa davomida, 29 oktyabr kuni UTC vaqti bilan soat 20:05 dan, ya’ni Moskva vaqti bilan 23:05 dan boshlab amalga oshirilgan. Keyinroq tadqiqotchilar Avalanche va Polygon tarmoqlaridagi Binance hamyonlariga ham daxl qilgan operatsiyalarning ikkinchi to‘lqinini aniqlashgan. Bu operatsiyalar UTC vaqti bilan taxminan soat 23:05 da sodir bo‘lgan, deb yozadi Securitylab. Tadqiqotchilar taxminiga ko‘ra, noma’lum shaxslar birja ishchi hamyonlaridan birining nomidan nazorat ostidagi smart-kontrakt orqali operatsiyalarni amalga oshirish imkoniyatini qo‘lga kiritishgan.

Birja kriptovalyutalarni yechib olish operatsiyalarini vaqtincha to‘xtatdi va hujumchilarning buzib kirilgan hamyonga kirishini blokladi.

Ommaviy axborot vositalari ma’lumotlariga ko‘ra, Binance hamkorlari bilan birgalikda zarar ko‘rgan aktivlarning qariyb 3 milliard dollarlik qismini bevosita blokcheyn tarmog‘ida muzlatishga muvaffaq bo‘lgan. Kriptobirja mijozlarning barcha yo‘qotishlari SAFU (Secure Asset Fund for Users — foydalanuvchilar uchun xavfsiz aktivlar jamg‘armasi) fondi hisobidan qoplanishini ma’lum qildi.

Binance kriptobirjasi asoschisi va sobiq rahbari Chanpen Chjao platforma xakerlar hujumiga uchragan bo‘lishi mumkinligini aytdi. Hozirning o‘zidayoq hujumga Shimoliy Koreyaning TraderTraitor xakerlar guruhi aloqador bo‘lishi mumkinligiga oid taxminlar paydo bo‘ldi.

Xakerlik hujumi haqidagi xabarlar fonida kapitallashuv bo‘yicha birinchi va ikkinchi o‘rinda turuvchi kriptovalyutalar — bitkoin va Ethereum («efirium», «efir», ETH) — narxi Binance birjasida keskin pasaydi. 29 oktyabr kuni Moskva vaqti bilan soat 23:47 holatiga ko‘ra, bitkoin narxi 78,341 ming dollargacha tushgan (3,32 foizga pasayish). Ethereum kursi esa 5,01 foizga arzonlab, 2,233 ming dollarni tashkil etgan. BNB tokeni qiymati qariyb 5 foizga pasaygan.

Binance Markaziy Osiyoda ham faol ish olib boradi. Qozog‘istonda global versiyasidan funksional jihatdan deyarli farq qilmaydigan, litsenziyaga ega mahalliy Binance.kz platformasi faoliyat yuritadi.

Qirg‘iziston o‘tgan yil bahorida Chanpen Chjao bilan o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagan edi. Shundan so‘ng u prezident Sadir Japarovning raqamli aktivlar bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlandi va Virtual aktivlarni rivojlantirish milliy kengashi tarkibiga kiritildi. 2025 yil oktyabr oyida BNB Chain tarmog‘ida KGST steyblkoini ishga tushirilishi e’lon qilingan edi.

O‘tgan yili Binance O‘zbekiston hududida faoliyat yuritish uchun ruxsatnoma olgandi. Respublikada kriptovalyuta birjasi kriptoaktivlar aylanmasi sohasida xizmat ko‘rsatuvchi rasmiy provayder — COINPAY kompaniyasi orqali faoliyat yuritadi.