Qozog‘iston Bosh vaziri Oljas Bektenov hukumatga mamlakatning o‘ta boy fuqarolarini soliqqa tortish bo‘yicha takliflarni bir oy ichida ishlab chiqish va taqdim etishni topshirdi. Bu haqda hukumat matbuot xizmati xabar berdi.
Topshiriq Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning Murojaatnomasini amalga oshirishga bag‘ishlangan hukumat yig‘ilishida berildi.
«Alohida masala — katta boylik egalariga soliq solish. Milliy iqtisodiyot va moliya vazirliklari bir oy muddatda xalqaro tajribani o‘rganib, o‘ta boy fuqarolarni soliqqa tortish bo‘yicha yondashuvlarni taqdim etsin», — dedi Bektenov.
Bundan tashqari, Bosh vazir yangi Soliq kodeksiga kiritiladigan tuzatishlarni takomillashtirish, joylarda soliqlar yig‘ilishini oshirish va yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirishni topshirdi. Moliya vazirligi, shuningdek, sun’iy intellektdan foydalangan holda soliq va bojxona ma’muriyatchiligini raqamlashtirish ishlarini yakunlashi kerak.
28 oktyabr kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev xalqqa Murojaatnomasida joriy yilda kuchga kirgan yangi Soliq kodeksi «muqaddas kitob» emasligini va biznes manfaatlarini hisobga olgan holda unga tuzatishlar kiritish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, u katta boylik egalari uchun soliq stavkasini oshirish masalasini muhokama qilish vaqti kelganini aytdi va qonuniy aktivlarni cheklash rejalashtirilmayotganini qayd etdi.
«Gap har bir fuqaroning mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib va halol hissa qo‘shishi haqida bormoqda. Bu — adolat masalasi», — dedi davlat rahbari.
Hozirda Qozog‘istonda fuqarolar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkasi 10 foizni tashkil etadi. Yuqori daromadli fuqarolarga (yiliga 80 ming dollardan ortiq daromad oluvchilarga) 15 foizlik oshirilgan stavka qo‘llanadi, biroq u faqat belgilangan chegaradan oshgan summaga nisbatan hisoblanadi. Elit ko‘chmas mulk va boshqa qimmatbaho aktivlar egalariga esa maxsus aksiz solig‘i solinishi mumkin.



