Rossiya pravoslav cherkovining sobiq ruhoniysi Yakov Voronsov Qozog‘istonda giyohvand moddalarni saqlash ishi bo‘yicha sudlanganidan so‘ng Taraz shahriga olib ketildi. Bu haqda uning do‘sti Geniyat Isin o‘zining Facebook sahifasida ma’lum qildi.
Hozirda Yakov ota 13-sonli tergov hibsxonasida, shuningdek, 67-sonli muassasa nomi bilan ham tanilgan hibsxonada saqlanmoqda.
«Uni oilasiga yaqinroq joyda qoldirish haqidagi barcha iltimoslarga qaramay, Tarazga jo‘natishdi. Biroq, bu Yakovga nisbatan odil sudlovning o‘ziga xos uslubiga aylanib qolgan: deyarli barcha iltimos va murojaatlar mutlaqo e’tiborsiz qoldiriladi. Go‘yoki insonga oddiy insoniy munosabat ko‘rsatishning o‘zi yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan yon berishdek hisoblanadi», — deb yozadi Isin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Voronsovning sog‘lig‘i alohida tashvish uyg‘otmoqda. Uni atrofik yara hali ham bezovta qilmoqda. Yakov otaning tarafdorlari yangi joyda unga zarur tibbiy nazorat va davolanish imkoniyati yaratilishiga umid qilmoqda.
Asli ismi Vladimir bo‘lgan Voronsov Rossiya pravoslav cherkovining Ostona va Olmaota yeparxiyasida iyeromonax bo‘lib xizmat qilgan. U Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini va Moskva patriarxati rahbariyati siyosatini ochiq qoralaganidan so‘ng tanilgan. Shuningdek, u Qozog‘istonda Moskva patriarxatiga bo‘ysunmaydigan mustaqil pravoslav jamoasini ro‘yxatdan o‘tkazishga uringan. O‘z qarashlari tufayli Voronsov ruhoniylik unvonidan mahrum etilgan va Qozog‘istonda ta’qibga uchragan.
Oktyabr oyi boshida u giyohvand moddalarni saqlash ishi bo‘yicha olti yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. «Farg‘ona» yozganidek, gap tintuv vaqtida undan topilgan 2,44 gramm metkatinon analogi haqida bormoqda. Yangi Konstitutsiya qabul qilinishi munosabati bilan e’lon qilingan amnistiyani hisobga olgan holda, jazo muddati to‘rt yilga qisqartirildi.
Voronsov tergov hibsxonasidan chetga xat chiqarib, unda o‘zi sodir etmagan ish uchun «riyokorona tavba qilishni» taklif etishganini ma’lum qilgan. «Shunda shartli jazo berishardi. Ammo men bu gunohni o‘z zimmamga olmadim», — deb yozgan Voronsov.
Ruhoniyning advokatlari hukm ustidan apellyatsiya shikoyatini allaqachon bergan. Shikoyat qachon ko‘rib chiqilishi hozircha noma’lum.



