Toshkentda Igor Savitskiy kolleksiyasidagi kartinalarning multimedia ko‘rgazmasi ochildi

acdf.uz sayti fotosurati

Toshkentdagi Tashkent City Mall binosida XX asr Markaziy Osiyo san’ati va mashhur rassom hamda muzeyshunos Igor Savitskiy kolleksiyasidagi kartinalarga bag‘ishlangan «Savitskiy kundaliklari. Qadimiy va navqiron» multimedia ko‘rgazmasi ochildi. Ko‘rgazma 24 oktyabrdan 2027 yil 24 yanvarga qadar davom etadi. Bu haqda tadbir tashkilotchisi — O‘zbekiston madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi xabar berdi.

Tashkent City Malldagi ko‘rgazma rassom, kolleksioner va Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahridagi san’at muzeyi asoschisi Savitskiy saqlab qolgan merosning bir qismini aks ettiradi.

Aziza Izamova kuratorligida tashkil etilgan loyiha bir nechta san’at yo‘nalishini o‘zida birlashtirgani uchun multimedia ko‘rgazmasi hisoblanadi. Xususan, unda rangtasvir, musiqa, yorug‘lik va harakat uyg‘unlashgan. Respublika poytaxtida namoyish etilayotgan asarlarda badiiy texnika va uslublarning xilma-xilligi ochib berilgan. Tashkilotchilar ta’kidlashicha, ko‘rgazma an’analar va zamonaviylik o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kuzatish orqali O‘zbekiston san’ati tarixini o‘rganadi.

Igor Savitskiy 1915 yilda Kiyev shahrida tug‘ilgan. Inqilobdan keyin ota-onasi bilan Moskvaga ko‘chgan. 1941 yilda u Moskvadagi Surikov nomidagi rassomlik institutiga o‘qishga kirgan. 1950 yilda arxeologiya-etnografiya ekspeditsiyasi tarkibida Qoraqalpog‘istonga kelgan va shu yerda qolgan.

1966 yilda Savitskiy tashabbusi bilan Nukusda san’at muzeyi tashkil etilgan. Kolleksioner muzeyning birinchi direktori bo‘lgan. U 1984 yilda vafot etganidan so‘ng muassasaga ustozning shogirdi Marinika Babanazarova rahbarlik qiladi. Uning tashabbusi bilan Savitskiy muzeyi «Cho‘ldagi Luvr» deb atala boshlagan.

Muzey kolleksiyasida 90 mingdan ortiq saqlanayotgan asarlar birligi mavjud. Ular orasida qoraqalpoq xalqining etnografik buyumlari, qadimgi va o‘rta asrlarga oid Xorazm shahar xarobalaridan topilgan ashyolar, shuningdek, 1920–1930-yillarda yaratilgan rus va o‘zbek tasviriy san’ati asarlari bor.

Jumladan, muzeyda Robert Falk, Lyubov Popova, Aleksandr Shevchenko, Aleksandr Osmyorkin, Vasiliy Chekrigin, Kliment Redko, Nikolay Ulyanov, Alisa Poret, Aleksandr Volkov, Aleksandr Nikolayev (Usto-Mo‘min), Mixail Kurzin, Viktor Ufimsev va boshqa ko‘plab taniqli rassomlarning asarlari saqlanadi.