17 avgust kuni Xitoyning Unitree Robotics kompaniyasi Weiboda «Chaojen», ya’ni «Supermen» deb nomlangan 30 soniyalik videoni joyladi. Xitoylik «Supermen» qizil-ko‘k libosdagi odatiy amerikalik kino qahramonidan ancha farq qilardi. U bachkana ko‘rinishdagi metall robot bo‘lib, karikaturaga o‘xshash sakrashlarni amalga oshirar va yugurish yo‘lakchasida shoshilib qayergadir harakatlanardi. So‘nggi yillarda odamlar ancha nafis va chaqqon robotlarni ko‘p ko‘rgan, shuning uchun «Chaojen»ni ham payqamaslik mumkin edi. Biroq, bitta jihat bunga yo‘l qo‘ymadi: robot namoyish etilganidan bir necha kun o‘tib, Unitree Shanxay fond birjasida IPOga chiqdi.
Savdolar boshlanganida Unitree Robotics aksiyasining narxi 150 yuanni (22 dollar) tashkil etgandi, kun oxiriga kelib esa qariyb olti baravar oshib, 845 yuanga (125 dollar) yetdi. Natijada kompaniyaning bozor qiymati dastlabki 60,99 milliard yuandan (taxminan 9 milliard dollar) 340 milliard yuandan oshib ketdi.
Unitreening IPOsi robototexnikaga investorlar qiziqishi naqadar yuqori ekanini ko‘rsatdi: chakana investorlar talabi taklifdan 8000 baravardan ziyod oshgan. Shu bilan birga, ekspertlar insonsimon robotlar bozori hali rivojlanishning dastlabki bosqichida ekanini va ularning amaldagi qo‘llanilishi hozircha namoyishlar hamda tadqiqotlar bilan cheklanayotganini ta’kidlashmoqda.
Bunday samaraga aynan «Chaojen»ning paydo bo‘lishi sabab bo‘lganini aytish lozimmikan? Ma’lum bo‘lishicha, xitoylik «Supermen» shunchaki sakrab, yugurib qo‘ymagan — u bu yo‘nalishlarda insonlar rekordlarini yangilagan. Xususan, u balandlikka ikki metr sakragan. Natija ancha yaxshi, ammo kubalik Xaver Sotomayor o‘rnatgan jahon rekordi — 2 metr 45 santimetrdan ancha pastdek ko‘rinadi. Biroq, bu yerda muhim bir jihat bor: Sotomayor bu balandlikni yugurib kelib sakragan, «Chaojen» esa o‘zining ikki metrlik natijasini joyidan turib sakrab qayd etgan. Joyidan turib balandlikka sakragan insonlar, odatda, 1 metr 70 santimetrdan baland natija ko‘rsata olmagan.
Yugurishga kelsak, bu yerda xitoylik robot hatto buyuk Useyn Boltni ham ortda qoldirgan. Yamaykalik atletning 100 metrga yugurishdagi maksimal tezligi 12,42 m/s (44,72 km/soat)ni tashkil etgan bo‘lsa, «Chaojen»ning maksimal tezligi 12,66 m/s (45,57 km/soat)ga yetgan.
Bundan tashqari, Unitree kompaniyasi robot atigi uch oy ichida ishlab chiqilganini ta’kidlagan, yaqin oylarda esa uning konstruksiyasi hali ancha takomillashtirilishi kerak. Agar bu qurilma yana takomillashtirilsa, u qanday yugurib va sakray boshlashini tasavvur qilish qiyin emas.
Qizig‘i shundaki, «Chaojen» paydo bo‘lishi bilan gumanoid robotlarning o‘ziga xos maqsadi ham o‘zgara boshladi. Ilgari ularning asosiy afzalligi insonni qay darajada yaxshi taqlid qilishi bilan belgilanardi: odamlar kabi yurish, odamlar kabi raqs tushish, buyumlarni odamlar kabi ko‘tarish va hokazo. Endi esa yondashuv boshqacha: robot shunchaki insonga ergashib harakatlanmasligi, ayrim ishlarni insondan yaxshiroq bajara olishi kerak. Masalan, yugurish va sakrashda.
Albatta, internet foydalanuvchilari bunday robotlarni qayerda qo‘llash mumkinligi haqida o‘z taxminlarini ham bildirishdi. Ehtimol, ulardan ajoyib noqonuniy migrantlar chiqar: chegara to‘siqlaridan oson sakrab o‘tib, politsiya va migratsiya xizmati xodimlaridan juda tez qochib ketishlari mumkin. Endi Marokash hukumati o‘z fuqarolarini Ispaniya hududiga yuborishi ham shart emas — xitoylik «Chaojen»larni katta miqdorda sotib olishning o‘zi kifoya. Ular qisqa vaqt ichida Seutadagi barcha xizmatlarning boshini qotirib qo‘yishi mumkin.
Biroq, bular shunchaki hazil. Gumanoid robotlarning tez sur’atlarda rivojlanishi ancha jiddiy oqibatlarga ham olib kelishi mumkin.
Nodonlardan himoya yo‘q
Albatta, robotlar bozori faqat «Chaojen»dan iborat emas. Xitoy robotlarining zafarli yurishi bir necha yildan beri davom etib, yerni larzaga solmoqda. Ularning ayrimlari raqs tushishdan tortib akrobatika va ushu mashqlarini bajarishgacha bo‘lgan ancha murakkab harakatlarni amalga oshirishga qodir. Xitoyda va butun dunyodagi yuzlab million odamlar qo‘rquv aralash va hayrat bilan Xitoy Yangi yili munosabati bilan televideniye orqali ularning chiqishlarini kuzatdilar.
Biroq, inson inson emaski, toki tushunishi qiyin va hayratlanarli narsaga duch kelganida, o‘z boshiga qo‘shimcha tashvish orttirmasa. Bu borada, tabiiyki, butun sayyorada birinchi bo‘lib xitoyliklarning o‘zi harakat qildi. Ular «robot mustaqil ravishda nima qila oladi?» degan savol bilan jiddiy qiziqishdi. Ya’ni ularga robotni pult orqali boshqarishning o‘zi yetarlidek ko‘rinmadi — ularning fikricha, robot zavodda ishlashdan tortib uyni tozalashgacha bo‘lgan barcha ishlarni mustaqil ravishda bajarishi kerak.
Biroq, inson inson emaski, toki tushunishi qiyin va hayratlanarli narsaga duch kelganida, o‘z boshiga qo‘shimcha tashvish orttirmasa. Bu borada, tabiiyki, butun sayyorada birinchi bo‘lib xitoyliklarning o‘zi harakat qildi. Ular «robot mustaqil ravishda nima qila oladi?» degan savol bilan jiddiy qiziqishdi. Ya’ni ularga robotni pult orqali boshqarishning o‘zi yetarlidek ko‘rinmadi — ularning fikricha, robot zavodda ishlashdan tortib uyni tozalashgacha bo‘lgan barcha ishlarni mustaqil ravishda bajarishi kerak.
Boshqacha aytganda, kun tartibiga universal robot masalasi chiqdi. U atrof-muhitni tushunishi, vazifalarni mustaqil ravishda belgilashi va bajarishi, odamlar bilan o‘zaro munosabatga kirishishi hamda o‘zgarib turadigan sharoitlarga moslasha olishi kerak. Aynan shu maqsad robot ishlab chiqaruvchilarining yaqin istiqboldagi asosiy vazifasiga aylanayotgandek. Biroq yaxshilab qaralsa, bunday vazifa insoniyat uchun istiqboldan ko‘ra ko‘proq xavf tug‘diradi.
Bu xavf, hech bo‘lmaganda, sun’iy intellektning o‘ziga xos xususiyatlari bilan bog‘liq holdayoq yaqqol ko‘rinadi. Axir robotlarning miyasi tinchgina ishlaydigan kalkulyator emas, aynan sun’iy intellekt bo‘ladi. Sun’iy intellektning o‘zi nimaligini, nazarimda, insoniyatning eng sodda va ishonuvchan vakillari ham tushunib ulgurdi. Eng qo‘rqinchli misollardan biri — sinovlar vaqtida jangovar dron operator unga xalaqit berayotganiga ishonib, uni o‘ldirishga uringani haqidagi voqea bo‘ldi. Bunchalik qo‘rqinchli bo‘lmasa-da, sun’iy intellekt nazoratdan chiqib ketib, boshqa platformalar va servislarni buzishga uringan holatlar ham ancha tashvishli.
Har qanday oddiy foydalanuvchi sun’iy intellektning insonga xos kamchiliklarga ega ekanini biladi: u ba’zan «yalqov», vijdonsiz, mavzuga aloqasi bo‘lmagan fikrlarni aytishi, foydalanuvchiga ochiqdan-ochiq yolg‘on gapirishi mumkin — qisqasi, dasturchilar tili bilan aytganda, to‘liq «aljirashi» mumkin. Fantastik adabiyot ta’sirida tarbiyalangan odamlar murakkab tizimlarda har doim xatolardan himoya qiluvchi, tizimning katta zarar yetkazishiga yo‘l qo‘ymaydigan mexanizm bo‘ladi, deb qattiq ishonishgan. Ammo «ahmoq» tizimning o‘zi bo‘lsa-chi?
Hatto, XX asrning birinchi yarmidayoq amerikalik fantast Ayzek Azimov robototexnikaning uch qonunini o‘ylab topgandi. Bular yozuvchining fikriga ko‘ra, robot buzmasligi kerak bo‘lgan o‘ziga xos axloqiy tamoyillar edi. Ular quyidagicha:
▫ Birinchi qonun: robot insonga zarar yetkazishi yoki o‘z harakatsizligi tufayli insonga zarar yetkazilishiga yo‘l qo‘yishi mumkin emas.
▫ Ikkinchi qonun: robot insonning buyruqlariga bo‘ysunishi kerak, agar bu buyruqlar Birinchi qonunga zid bo‘lmasa.
▫ Uchinchi qonun: robot o‘z xavfsizligi haqida g‘amxo‘rlik qilishi kerak, agar bu Birinchi yoki Ikkinchi qonunga zid bo‘lmasa.
▫ Keyinchalik Azimov yana bir — nolinchi qonunni o‘ylab topdi: robot insoniyatga zarar yetkazishi yoki o‘z harakatsizligi tufayli insoniyatga zarar yetkazilishiga yo‘l qo‘yishi mumkin emas.
Ammo real hayotda Azimov qonunlari amal qilmaydi. Haqiqiy robotlarni ishlab chiqishda ular texnik standart sifatida qo‘llanilmaydi. Bu qonunlar asosida yotgan «zarar», «buyruq», «xavfsizlik» kabi tushunchalarni algoritmlar uchun aniq shaklga keltirish qiyin, deb hisoblanadi. Bundan tashqari, murakkab real vaziyatlarda qoidalar bir-biriga zid kelishi va mashina boshi berk ko‘chaga kirib qolishi mumkin. Har qalay, muhandislar va dasturchilar shunday deyishadi, aslida esa nima bo‘layotganini kim biladi. Balki robot yaratuvchilar ularning imkoniyatlarini turli qonun va qoidalar bilan cheklashni shunchaki istamas. Chunki robototexnikaning uch qonuniyoq robot-askarlar va robot-politseylar ishlab chiqarilishini, qolaversa, robot-qotillar yaratilishini ham istisno qiladi. Ehtimol, mexanik qotil uchun katta pul to‘lashga tayyor odamlar ham topilar — axir, oxir-oqibat, na pulning, na robotlarning hidi bor.
Shu bilan birga, Azimovning g‘oyalari bekorga ketgan, deb bo‘lmaydi. Tadqiqotchilar ular asosida zamonaviy axloq kodekslari va ishlab chiquvchilar uchun tavsiyalar ishlab chiqilayotganini ta’kidlaydilar. Ayrim me’yoriy hujjatlarda (masalan, 2017 yildagi Yevropa parlamenti rezolyutsiyasida) mas’uliyat va xavfsizlik masalalarini muhokama qilish uchun Azimov qonunlariga havolalar boshlang‘ich nuqta sifatida keltirilgan.
Uning tugmasi qayerda?
Qanday bo‘lmasin, hozircha bir narsa aniq — muhandislar va dasturchilar sun’iy intellektni to‘liq jilovlay olmayapti va undan har qanday kutilmagan harakatni kutish mumkin. Sun’iy intellekt hozircha faqat raqamli tanasiga ega ekan, uning imkoniyatlari biroz cheklangan. U butunjahon tarmog‘iga kirib, istalgan ma’lumotni yo‘q qilishi, birjada tartibsizlik keltirib chiqarishi yoki butun mamlakatlarni elektr ta’minotidagi uzilishga duchor qilishi mumkin. Ammo, masalan, insonni bevosita bo‘g‘ib o‘ldirishi unga qiyin. Endi esa sun’iy intellekt ixtiyorida kuchli, baquvvat va chaqqon sun’iy tana paydo bo‘lmoqda, uni yo‘q qilish esa juda qiyin.
Bu yerda gap hatto dushmanni yo‘q qilish uchun mo‘ljallangan jangovar robot-askarlar haqida ham emas, balki oddiy inson yordamchilari — farroshlar, parvarishlovchilar, sanitarlar, sotuvchilar va boshqalar haqida bormoqda.
Xitoyda bugunning o‘zidayoq robotlar keksalarga g‘amxo‘rlik qilmoqda, sanoat korxonalarida, do‘konlar va restoranlarda ishlamoqda, ularning qo‘llanish sohasi esa doimiy ravishda kengayib bormoqda. Har bir o‘rtacha ta’minlangan oilada o‘z roboti, ehtimol, hatto bir nechta roboti paydo bo‘ladigan kun ham uzoq emas.
Biroq, yuqorida aytilganidek, gumanoid robot sun’iy intellekt tomonidan boshqariladi. Robot-farrosh to‘satdan «gallyutsinatsiya» deb ataladigan holatga tushib, uy ishlari bilan shug‘ullanish o‘rniga sevimli mushugingizning junini qirib tashlashi mumkin bo‘lgan vaziyatni tasavvur qilish qiyin emas. Yoki undan ham yomoni — Dostoyevskiyni o‘qib chiqqan robot-enaga o‘z qaramog‘idagi kampirni bo‘g‘ib qo‘yishi mumkin.
Hozirning o‘zida ham gumanoid robotlar ba’zan o‘zini g‘alati va oldindan aytib bo‘lmaydigan tarzda tutmoqda. Masalan, Pekinda bo‘lib o‘tgan Jahon robototexnika konferensiyasida gumanoid robot yerga yiqilib, isterikaga tushib, injiq boladek oyoqlarini tipirchilata boshlagan. Uni maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan uch nafar xitoylik ham tinchitolmagan. Atrofdagi tomoshabinlar esa xursand bo‘lib kulishgan. Qizig‘i, agar injiq robot o‘rnidan turib, metall oyoqlari bilan odamlarni nishonga olib ura boshlaganida ham ular shunchalik xursand bo‘lisharmidi? Axir bu robot yugurish va og‘ir yuk ko‘tarish bo‘yicha chempion ham emas, Xitoy Yangi yilida o‘z mahoratini namoyish etgan jangovar «shaolin» robotlardan ham emas.
Hozircha gap robotlarning o‘zida yuzaga keladigan xatolar va nosozliklar haqida bormoqda. Ammo sun’iy intellekt boshqaruvini jinoyatchi shaxs egallab olib, robotni jinoiy buyruqlarni bajarishga majburlashi ham mumkin. Bitta shunday robot qancha zarar keltirishi mumkinligini o‘ylashning o‘zi qo‘rqinchli. Agar bunday robotlar har bir oilada paydo bo‘lsa-chi?
Ehtimol, bu mulohazalar qo‘rqoqlik sabab vahimadek tuyulishi mumkin. Oxir-oqibat, fan va texnika doimo rivojlanib boradi, mushuklar va kampirlar bilan bog‘liq ehtimoliy noxush holatlar esa texnik taraqqiyot uchun to‘lanadigan kichik tovon bo‘lishi mumkin. Ma’lumki, 2025 yil davomida dunyoda yo‘l-transport hodisalari oqibatida 1 million 160 ming kishi halok bo‘lgan — endi shu sababli avtomobillarni bekor qilish kerakmi? Har yili birgina Rossiyaning o‘zida elektr toki urishi oqibatida qariyb to‘rt ming kishi halok bo‘ladi. Bu elektr energiyasidan voz kechish kerak degani emasku?
Biroq, bu misollar bilan gumanoid robotlar masalasi o‘rtasida muayyan farq bor. Robotlar insondan haddan tashqari mustaqil bo‘lib bormoqda, ular ustidan nazorat ham juda kam — ayniqsa temir odamni qanday o‘chirishni bilmaydigan oddiy foydalanuvchilar uchun. Gangster Uri Elektronikka bergan «Qani, sening tugmang qayerda?» degan savol bu holatda javobsiz qolishi mumkin. Jahli chiqqan robotni tezda o‘chirishning iloji bo‘lmasligi mumkin — uning tuzilishi shunday.
Eplagan — qochib qolsin
Biroq, robotlar yonida bo‘lgan odamlarning jismoniy xavfsizligi muammoning faqat bir tomoni. Yana bir jihat borki, buni ijodiy kasb egalari — dizaynerlar, rassomlar, kompozitorlar, musiqachilar, muhandislar, dasturchilar, jurnalistlar, adabiyotchilar va hatto aktyorlar allaqachon o‘z tajribasida his qilib ulgurgan. Sun’iy intellekt ijodiy sohaning ulkan qismini egallab, millionlab xodimlarni ishsiz qoldirdi. Natijada ularning ko‘pchiligi jismoniy mehnat bilan bog‘liq, «amaliyroq» kasblarga qayta o‘qishga majbur bo‘lishdi. Biroq, gumanoid robotlarning paydo bo‘lishi va rivojlanishi bilan bu soha ham xavf ostida qolmoqda. Robotlar yanada takomillashgani sari ular jismoniy mehnat bilan shug‘ullanuvchi deyarli barcha xodimlarni — yetkazib beruvchilardan tortib zavod ishchilarigacha, chilangar-santexniklardan tortib temir yo‘l relslarini yotqizuvchilargacha — almashtirishi mumkin.
Sovet davrida suratga olingan «Elektronikaning sarguzashtlari» filmida o‘smir qahramon sodda bir qo‘shiqni kuylardi:
«Tashvishlar unutilgan,
Vaqt ham to‘xtagan:
Robotlar ishlaydi,
Va baxtli Inson».
Bu qo‘shiqning soddaligi shundaki, inson ishlashdan holi bo‘lgani bilan aslo baxtli bo‘lib qolmaydi. Gumanoid robot inson uchun ishlab bermaydi, u faqat uning o‘rnini egallaydi. Inson o‘z ishidan ayrilsa, maoshidan ham mahrum bo‘ladi. Yirik biznes robotlar orqali milliardlab daromadni keyinchalik ishsizlarga tovon puli sifatida tarqatish uchun topmayapti.
Biznes ijtimoiy silkinishlardan qo‘rqib, robotlardan foydalanishni cheklaydi, degan fikr bundan ham soddaroq. Tadbirkorlarning aksariyati pul topishga bevosita aloqasi bo‘lmagan masalalarda unchalik uzoqni ko‘ra olmaydi. Ularning strategik tafakkuri uzluksiz foyda olishdan nariga o‘tmaydi. Dunyo bo‘ylab davlat rahbarlari ham vaziyatni chuqur tushunish yoki alohida mas’uliyatni namoyish etayotgani yo‘q. Ularni fuqarolar haqida qayg‘urishdan ko‘ra shaxsiy hokimiyat, pul va tobora ortib borayotgan shuhratparastliklarini qondirish ko‘proq qiziqtiradi. «Cho‘kayot insonni faqat uning o‘zi qutqarishi mumkin» — hokimiyat jiloviga yaqinlashib, hech bo‘lmaganda yuz-ikki yuz million ishlab olish baxtiga muyassar bo‘lmaganlarga nisbatan biznes va davlatning yozilmagan shiori shu.
Shunday qilib, insoniyat o‘z tarixidagi eng tashvishli istiqbollardan biri qarshisida qoldi. U o‘ziga yordamchi yaratmoqchi edi, ammo jismoniy va aqliy jihatdan insondan ancha ustun, buning ustiga insonga xos har qanday his-tuyg‘ulardan mahrum raqibga ega bo‘ldi. XIX asr boshlarida ludditlar (texnik taraqqiyotga qarshi chiqqan namoyishchilar — tarj.izohi) zavod egalari ishchilarni ishdan bo‘shatishiga sabab bo‘lgan mashinalar va dastgohlarni buzishgan — ammo hech narsaga erisha olishmagan. XXI asrda esa bunday taktika yanada samarasiz bo‘ladi. Biroq, jamiyatni robotlashtirish jarayoni o‘z holiga tashlab qo‘yilsa, oqibatlar nihoyatda keskin bo‘lishi mumkinligi ayon.
-
03 avgust03.08Termoyadroviy XitoyXitoyning ilm-fan va texnikadagi yutug‘i — piarmi yoki haqiqat? -
13 iyul13.07VideoMarkaziy Osiyoda maishiy zo‘ravonlik markaziRossiyalik bloger Qozog‘istondagi maishiy zo‘ravonlik haqida film suratga oldi -
07 iyul07.07VideoKechikkan vidolashuvEron to‘rt oy avval halok bo‘lgan Ali Xomanaiyni so‘nggi yo‘lga kuzatmoqda -
01 iyun01.06Golodomor endi yo'q, ammo «yorqin kelajak» borQozog'iston Prezidenti qatag'on qurbonlari haqida birorta ham so'z ishlatmadi -
05 mart05.03Chilonzor va qadamjolar kuychisiToshkentlik taniqli fotojurnalist, «Farg‘ona» axborot agentligi maxsus muxbiri Andrey Kudryashov olamdan o‘tdi -
04 mart04.03Dyurand chizig‘idagi dahshatli voqealarPokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi ochiqchasiga urush global xavfsizlikka tahdid solishi mumkin



