Kaliforniya shtatining Janubiy okrugi federal sudi AQSH Davlat departamentiga 2025 yil oxirida prezident Donald Tramp qarori bilan to‘xtatilgan Green Card lotereyasi o‘yinlarini qayta tiklashni buyurdi. Bu haqda Forbes.kz sudning tegishli qaroriga tayanib xabar berdi.
Shu tariqa, AQSH Davlat kotibi Marko Rubioga qarshi da’vo kiritgan Red Eagle Law yuridik firmasining iltimosnomasi qanoatlantirildi.
Dastlab sud lotereya uchun mas’ul idoralarga joriy yilning 18 oktyabrida ishtirokchilarni ro‘yxatga olishni boshlash va bu jarayonni 30 kun ichida yakunlashni buyurgan edi. Ya’ni 19 noyabrga qadar Green Card olishga da’vogar bo‘lgan g‘oliblar ro‘yxati e’lon qilinishi kerak edi. Biroq, keyinchalik da’vogar va javobgar sudyadan muddatlarni ikki haftaga surishni birgalikda so‘radi.
Endi Davlat departamenti ishtirokchilarni ro‘yxatga olishni kechi bilan 1 noyabrga qadar boshlashi, AQSHga kirish huquqini qo‘lga kiritgan «omadlilar»ni esa 3 dekabrga qadar e’lon qilishi kerak.
Shu bilan birga, Kaliforniya sudining qarori lotereya butunlay tiklanganini anglatmasligi ta’kidlanmoqda, chunki Tramp ma’muriyati ushbu qaror ustidan shikoyat berishi mumkin. Biroq, hozircha Oq uy hech qanday apellyatsiya shikoyatini bermagan.
Viza o‘yinlarini o‘tkazish dasturi o‘tgan yilning dekabr oyida Braun universitetida sodir bo‘lgan otishmadan so‘ng to‘xtatilgan edi. Hodisa oqibatida ikki kishi, jumladan, o‘zbekistonlik talaba Muhammad Aziz Umurzoqov halok bo‘lgandi. Ma’lum bo‘lishicha, universitetda o‘q ochgan portugaliyalik Klaudio Manuel Nevesh Valente 2017 yilda aynan viza lotereyasi orqali AQSHga kirgan va keyinchalik doimiy yashovchi maqomini olgan.
ℹ️ Green Card lotereyasi AQSH Davlat departamenti tomonidan 1990 yilda yo‘lga qo‘yilgan va har yili o‘tkazib kelingan. Unda so‘nggi besh yil davomida AQSHga 50 mingdan ortiq kishi immigratsiya qilgan mamlakatlar fuqarolaridan tashqari, dunyoning barcha mamlakatlari fuqarolari ishtirok etishi mumkin edi. Dastur har yili 55 mingtagacha viza ajratishni nazarda tutadi. Bunday hujjat sohiblari AQSHda doimiy yashash, qonuniy ishlash yoki biznes ochish, shuningdek, kelajakda Amerika fuqaroligini olish uchun ariza berish huquqiga ega bo‘ladi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari aholisi lotereyada faol ishtirok etib, ishtirokchilar va g‘oliblar soni bo‘yicha yuqori natijalarni ko‘rsatib kelgan. Bu borada nafaqat mintaqa, balki dunyo miqyosida ham yetakchilardan biri — O‘zbekiston bo‘lgan. Jumladan, 2025 yil may oyida e’lon qilingan lotereya natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston tanlab olingan g‘oliblar soni bo‘yicha mamlakatlar ro‘yxatida birinchi o‘rinni egallagan — 5564 kishi. Bu ko‘rsatkich eng yaqin raqiblar — Jazoir (5526 kishi) va Rossiya (5519 kishi) natijalaridan yuqori bo‘lgan.
2025 yil sentyabr oyida AQSH hukumati lotereyada ishtirok etish uchun 1 dollarlik to‘lovni joriy etdi. Yig‘ilgan mablag‘lar ishtirokchilar ma’lumotlarini qayta ishlash va himoya qilish, g‘oliblarni avtomatik tarzda tanlash hamda dasturning texnik infratuzilmasini qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq yillik xarajatlarni qoplashga yo‘naltirilishi kerak edi.



