Turkiya hukumati muxolifatga xayrixoh telekanalga o‘z rahbarini tayinladi, kanalning efirga uzatishi to‘xtatildi

hetq.am sayti fotosurati

Turkiya hukumati muxolifatchi deb hisoblanadigan Halk TV telekanalining Istanbuldagi idorasini yopib, ushbu OAVga o‘z vakilini rahbar etib tayinladi. 14 oktyabr kuni ertalab politsiya telekanal idorasida tintuv o‘tkazgan va uning 17 nafar vakilini hibsga olish uchun orderlar rasmiylashtirgan. Telekanal efirga uzatishni to‘xtatdi. Bu haqda Bi-Bi-Si xabar berdi.

Operatsiyani moliyaviy jinoyatlarni tergov qiluvchi politsiya bo‘linmasi xodimlari o‘tkazgan. Turkiya prokuraturasi tintuvlar Halk TV rahbari Jafer Maxirogluga nisbatan jinoiy ta’qib bilan bog‘liqligini ma’lum qildi. U korrupsiya, tenderlarda firibgarlik qilish va pul yuvishda ayblanmoqda. Telekanalga aloqador boshqa gumonlanuvchilar ham ushbu ish bo‘yicha tergov qilinmoqda.

Mamlakatdagi manbalarning ta’kidlashicha, Maxiroglu hozirda Turkiya tashqarisida. U ijtimoiy tarmoqlar orqali vaziyatga munosabat bildirib, telekanal xalqqa tegishli ekanini, hukumat uni egallab olish va «o‘z odami» boshqaruviga o‘tkazish huquqiga ega emasligini yozgan.

Halk TV muxolifatdagi Respublika xalq partiyasiga yaqin telekanal hisoblanadi. U mamlakatning amaldagi prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an boshchilik qilayotgan Adolat va taraqqiyot partiyasi siyosatini tez-tez ochiq tanqid qilib keladi.

Telekanal saytida boshqa siyosiy birlashmalar yetakchilarining fikrlari ham e’lon qilingan. Jumladan, muxolifat vakili Bugra Kavunju huquq-tartibot organlarining harakatlarini «telekanalni reyderlik yo‘li bilan egallab olish» deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya «hokimiyatga chanqoq rejim» yetib borishi mumkin bo‘lgan eng xavfli nuqtada turibdi.

Xalqlar tengligi va demokratiya partiyasi rahbariyati ham telekanalning yopilishini qoraladi va rasmiy Anqarani mustaqil matbuotga nisbatan tazyiqlarni to‘xtatishga chaqirdi. Siyosiy tashkilot hamraisi Tyulay Xatimogullari Halk TV'ga «ishonchli boshqaruvchi» tayinlanishini muxolifat ommaviy axborot vositalarini bo‘g‘ishga qaratilgan ochiq siyosiy aralashuv deb atadi.

«Jurnalistlarning hibsga olinishiga, veb-saytlar va ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarning bloklanishiga, shuningdek, muxolifat telekanallariga ishonchli vakillarning tayinlanishiga olib kelayotgan bu mentalitet Turkiyani zulmatga g‘arq etmoqda», — deb yozgan u.

  • Qozog‘iston sun’iy intellekt poygasida AQSH va Xitoy o‘rtasida qanday muvozanat saqlamoqda

  • Toliblarga qarshi muxolifat yetakchilari mamlakat kelajagi borasida turlicha fikr bildirdi

  • Mashhur san’atkorning Japarov oldida o‘zini qanday tutgani Qirg‘izistonda hokimiyatga sig‘inish va siyosiy o‘zgarishlar haqidagi bahslarga sabab bo‘ldi

  • Muhim minerallar, sun’iy intellekt — «Markaziy Osiyo — Koreya» formatidagi uchrashuvda yana nimalar muhokama qilindi?