Qozog‘istonda joylashgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan Silent Lynx xakerlar guruhi Rossiya janubidagi Orsk neftni qayta ishlash zavodiga hujum qilgan va Nijniy Novgorod ma’muriyati ustidan josuslik olib borgan. Bu haqda Reuters Cisco kompaniyasi tadqiqotchisi Chi-en Shen (Chi-en Shen) va Recorded Future kiberxavfsizlik kompaniyasi mutaxassisi Julian-Ferdinand Fyogele (Julian-Ferdinand Vögele)ning qo‘shma hisobotiga tayanib xabar berdi.
«Bu — Rossiyaning kichikroq qo‘shnisi tomonidan Moskvaga qarshi amalga oshirilgan kiberjosuslikning kam uchraydigan namunasidir», — deyiladi hujjatda.
Xakerlarning nishonlaridan biri Rossiya janubidagi «Orsknefteorgsintez» zavodi bo‘lgan. Avgust oyida Ukraina dronining zarbasidan keyin zavod bir necha oyga ishdan chiqqan edi. U Qozog‘iston chegarasidan taxminan 25 kilometr masofada joylashgan. Bundan tashqari, xabarda qayd etilishicha, xakerlar Volga va Oka daryolari qo‘shiladigan joyda, Kaspiy dengizidan yuqori oqimda joylashgan Nijniy Novgorod shahri hokimiyatining axborot tizimlariga ham kirish imkoniyatini qo‘lga kiritgan. Kaspiy dengizi Qozog‘iston uchun strategik ahamiyatga ega suv havzasi hisoblanadi.
Qozog‘istonda joylashgan Silent Lynx guruhi avval ham Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi davlat tashkilotlarining tizimlarini buzib kirgan bo‘lishi mumkin. Mutaxassislarning fikricha, guruhning Qozog‘iston bilan bog‘liqligini ko‘rsatuvchi bir nechta dalil mavjud: xakerlar zararli dasturlarni kompilyatsiya qilinganidan ko‘p o‘tmay Qozog‘iston hududidan turib sinovdan o‘tkazgan, ularning faolligi esa ushbu mamlakatdagi ish vaqtiga to‘g‘ri kelgan. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, guruhning josuslik kampaniyasi Qozog‘istonning strategik manfaatlariga ham mos kelgan. Misol tariqasida ular 2026 yil boshida Tojikiston davlat idorasi tizimining buzib kirilganini keltiradi. Bu voqea Qozog‘iston Tojikiston bilan tuzilgan shartnomani ratifikatsiya qilgan davrga to‘g‘ri kelgan. Shuningdek, aprel oyida Belarus va Qozog‘iston diplomatlari uchrashuvi arafasida Belarus davlat idorasining tizimiga ham buzib kirilgan.
Qozog‘iston, Rossiya, Tojikiston va Belarus hukumatlari izoh berish so‘rovlariga javob qaytarmagan. Reuters agentligi xakerlar bilan ham bog‘lana olmagan.
Tadqiqotchilar ma’lumotlariga ko‘ra, Silent Lynx maqsadli fishing (spear phishing) usulidan foydalanadi: guruh a’zolari muhim hujjatlar sifatida niqoblangan fayllar ilova qilingan elektron xatlarni yuboradi. Agar foydalanuvchi bunday faylni ochsa, uning qurilmasi zararli dastur bilan zararlanishi mumkin.
Reuters agentligi Jons Hopkins universitetining Ilg‘or xalqaro tadqiqotlar maktabi doktoranti Oleg Shakirovning fikrlarini keltiradi. Uning ta’kidlashicha, ushbu josuslik faoliyati kiberjosuslik bilan nafaqat dunyoning yetakchi kiberdavlatlari shug‘ullanishini eslatadi. «Boshqa mamlakatlar ham o‘z imkoniyatlarini bosqichma-bosqich kengaytirmoqda», — deb hisoblaydi u.
Ta’kidlash joiz, xakerlar hujumi haqidagi xabar Rossiya prezidenti Vladimir Putin Moskvada mamlakatda raqamli xavfsizlik darajasini oshirish masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazgan kunning o‘zida e’lon qilindi.



