Qozogʻiston Qorachigʻanoqda Shell va Eni ishtirokisiz GQIZ qurish boʻyicha shartnoma imzoladi

kmg.kz saytidan olingan surat

«QazaqGaz» milliy kompaniyasi Gʻarbiy Qozogʻiston viloyatidagi Qorachigʻanoq konida yillik quvvati 5 mlrd kub metr boʻlgan gazni qayta ishlash zavodi (GQIZ) qurilishi boʻyicha shartnoma imzoladi, deya xabar berdi kompaniya matbuot xizmati.

Janubiy Koreyaning Hyundai Engineering va SICIM Kazakhstan kompaniyalari pudratchi sifatida ish olib boradi.

Bitim 12 noyabr kuni «QazaqGaz» boshqaruvi raisi Alibek Jamauovning Koreya Respublikasiga amaliy tashrifi doirasida tuzildi. EPC-shartnomani milliy operatorning shoʻba korxonasi hisoblangan «QazaqGaz Processing» MChJ hamda Hyundai Engineering Co., Ltd. va SICIM Kazakhstan konsorsiumi imzoladi.

EPC-shartnoma loyihalash, asbob-uskunalarni xarid qilish va obyekt qurilishi boʻyicha toʻliq ishlar majmuini bajarishni nazarda tutadi. «QazaqGaz» maʼlumotlariga koʻra, zavodning ishga tushirilishi Qorachigʻanoqdan olinadigan xom gazni qayta ishlash hajmini oshirish hamda ichki bozorni qoʻshimcha tovar gaz, suyultirilgan uglevodorod gazi (SUG) va oltingugurt bilan taʼminlash imkonini beradi.

Qorachigʻanoqda GQIZ qurish loyihasi bir necha yildan buyon muhokama qilinmoqda. 2022 yilda uni konni oʻzlashtirayotgan xalqaro konsorsium bilan hamkorlikda amalga oshirish rejalashtirilgan edi. Ushbu konsorsium tarkibiga Shell va Eni (har biri 29,25 foizdan), Chevron (18%), «LUKOYL» (13,5%) hamda «KazMunayGaz» (10%) kiradi.

Dastlab zavodning quvvati yiliga 4 mlrd kub metr gaz deb baholangan, qurilish qiymati esa 3–3,5 mlrd dollarni tashkil etgan edi. Korxonani 2028 yilda ishga tushirish moʻljallangan edi.

Biroq 2025 yil iyun oyida Qozogʻiston va xalqaro konsorsium oʻrtasidagi kelishmovchiliklar tufayli loyiha toʻxtatib qoʻyildi. Bloomberg maʼlumotlariga koʻra, Eni va Shell boshchiligidagi investorlar Qozogʻiston tomonidan 1 mlrd dollar miqdoridagi xarajatlarni qoplashni va zavodni ishga tushirish muddatini 2030 yilga koʻchirishni talab qilgan. Tomonlar qurilish qiymati va loyihaning boshqa shartlari boʻyicha ham kelisha olmagan.

2026 yil mart oyida Shell va Eni GQIZ qurish huquqidan mahrum boʻldi.

ℹ️ Qozogʻistonda oʻz zavodiga ehtiyoj Qorachigʻanoqdagi gazning katta qismi Rossiyaga — Orenburg GQIZga qayta ishlash uchun yuborilishi bilan bogʻliq. Shu bilan birga, dronlar hujumi va taʼmirlash ishlari sababli ushbu zavodning faoliyati vaqti-vaqti bilan cheklanib, bu qozoq konidan xomashyo qabul qilishga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.