Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi «Samruk-Kazina» jamg‘armasi boshqaruvi raisi Nurlan Jaqupov va «Qazaqstan temir joli» (QTJ) rahbari Eljas Otinshiyevning qo‘lga olinganini maʼlum qildi. Ular korrupsion jinoyat sodir etganlikda gumon qilinmoqda.
Ikkala rahbar hamda «boshqa shaxslar» qo‘mitaning Korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati tomonidan qo‘lga olingan.
«Ishning barcha holatlarini aniqlashga qaratilgan tergov harakatlari olib borilmoqda. Jinoyat-protsessual kodeksining 201-moddasiga muvofiq, sudgacha bo‘lgan tergov jarayoni to‘g‘risidagi boshqa maʼlumotlar oshkor qilinmaydi», — deyiladi xabarda.
Qo‘mita korrupsiyaga qarshi kurash ishlari davlat rahbarining topshiriqlarini bajarish hamda «Qonun va tartib» tamoyiliga rioya qilish doirasida davom etayotganini qo‘shimcha qildi.
Ulysmedia maʼlumotlariga ko‘ra, qo‘lga olingan top-menejerlar juda yirik miqdorda pora olishga suiqasd qilishda ayblanmoqda. Hozirda ular vaqtincha saqlash hibsxonasida qolmoqda.
ℹ️ «Samruk-Kazina» milliy farovonlik jamg‘armasi 2008 yilda Qozog‘istonning o‘sha paytdagi prezidenti Nursulton Nazarboyev farmoni bilan tashkil etilgan. Bu Qozog‘istonning eng yirik strategik korxonalarini, jumladan «KazMunayGaz», QTJ, «Kazatomprom», Air Astana, «Kazaxtelekom» va KEGOC kompaniyalarini boshqaradigan investitsiya xoldingidir. Jamg‘armaning yagona aksiyadori mamlakat hukumati hisoblanadi. Nurlan Jaqupov «Samruk-Kazina» rahbarligiga 2023 yilning aprelida kelgan.
Eljas Otinshiyev o‘tgan yozda QTJ — Qozog‘iston temir yo‘llari boshqaruvi raisi etib tayinlangan edi. U ushbu lavozimda atigi to‘rt oy ishladi, bungacha esa «Samruk-Kazina»ning strategiya va aktivlarni boshqarish bo‘yicha boshqaruvchi direktori bo‘lib ishlagan. Darvoqe, uning QTJ rahbari lavozimidagi o‘tmishdoshi Talg‘at Aldibergenov ham o‘z lavozimida uzoq qolmagan — bor-yo‘g‘i bir yil.
Davlat kompaniyalari top-menejerlari qo‘lga olingani haqidagi dastlabki xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda 12 noyabr kuni ertalab paydo bo‘ldi. Bundan oldin Ostonadagi «Atlant 6» turar joy majmuasi hududida nomaʼlum shaxslar derazadan dollar to‘la chamadonni uloqtirgani bilan bog‘liq hodisa yuz bergan edi. Voqea guvohlari majmuada tergov harakatlari olib borilayotganini xabar qilgan. Biroq ushbu hodisaning mazkur qo‘lga olishga aloqadorligi hozircha rasman tasdiqlanmagan.
Siyosatshunos Gaziz Abishev o‘zining Telegram-kanalida yuz bergan voqeaga munosabat bildirar ekan, «jamoatchilik bunday hibsga olishlarni kutayotgani» hamda ular eng yuqori doiralarda kelishilganini taxmin qildi.
«Menimcha, iqtisodiy rivojlanishning burilish nuqtasida turgan, resurslarni o‘ta yuqori darajada jamlash orqali iqtisodiy yuksalishga erishish va sanoatlashgan davlatlar qatoriga qo‘shilishni maqsad qilgan oliy hokimiyat davlat aktivlari ishonib topshirilgan rahbarlarning korrupsiyasiga toqat qila olmaydi», — deb yozdi u.



