Qozog‘iston bilan aloqadorligi taxmin qilinayotgan xakerlar guruhi Tojikiston milliy xavfsizligiga oid 2000 dan ziyod hujjatni qo‘lga kiritishda sun’iy intellektdan (SI) foydalangan. Bu haqda Singapurning kiberxavfsizlik bo‘yicha CloudSEK kompaniyasi o‘tkazgan surishtiruvga tayanib, Reuters xabar bermoqda.
Mutaxassislar xakerlarning o‘z serverlaridan birini xatolik tufayli internet tarmog‘iga ochiq qoldirganidan so‘ng ularning iziga tushgan. Unda saqlangan materiallarni o‘rganib chiqqan tadqiqotchilar kiberhujumlarning borishini qayta tiklashga muvaffaq bo‘lishgan. Ma’lum bo‘lishicha, xakerlar harakatlarni mustaqil rejalashtirish, zarur dasturlarni ishga tushirish, ma’lumot yig‘ish va hisobotlar tuzish qobiliyatiga ega Hermes avtonom SI-agentlari platformasidan foydalangan.
CloudSEK ma’lumotlariga ko‘ra, Hermes tizimidan razvedka amaliyotlarida foydalanish taxminan 2026 yil avgust oyining o‘rtalarida boshlangan. Bir necha hafta o‘tib, xakerlar Tojikistonning davlat elektron hujjat aylanishi tizimiga kirib borgan. SI-agenti hujjatlarni yuklab olish, ularni tizimlashtirish va kichik qismlarga ajratish uchun maxsus dastur yaratib bergan, bu esa o‘g‘irlangan ma’lumotlarni uzatishni osonlashtirgan. Natijada xavfsizlik va mudofaa masalalariga oid 2000 dan ortiq hujjat g‘arazgo‘ylar qo‘liga tushgan.
Surishtiruv shuningdek, Tojikiston temir yo‘llarining kompyuter infratuzilmasiga hamda O‘zbekiston o‘rmon xo‘jaligida qo‘llaniladigan Smart Forestry raqamli platformasiga kirib borish alomatlarini ham fosh etdi. Bundan tashqari, serverda Turkmaniston tashkilotlariga fishing hujumlari uyushtirish uchun tayyorlangan materiallar aniqlandi. Biroq tadqiqotchilar keyingi hujumlar muvaffaqiyatli amalga oshirilganiga oid dalillarni keltirmagan.
Mutaxassislar ushbu guruhni avvalroq postsovet mamlakatlarining davlat muassasalariga qarshi kiberjosuslik operatsiyalarida payqalgan Silent Lynx guruhiga tegishli deb hisoblamoqda. Uning Qozog‘iston bilan bog‘liqligi haqidagi taxminlar bilvosita belgilarga asoslangan: xakerlar rus tilidan foydalangan, ularning faolligi Qozog‘istondagi ish soatlariga to‘g‘ri kelgan, shuningdek, serverga ulanish uchun ushbu mamlakatdagi internet-ulanishlardan foydalanilgan. Biroq tadqiqotchilar guruhni aynan kim boshqarganini aniqlay olmagan va hujumlarga Qozog‘iston davlat tuzilmalarining aloqadorligini isbotlovchi dalillarni taqdim etmagan.
Reuters izoh olish uchun Qozog‘iston va Tojikiston rasmiylariga murojaat qilgan, ammo maqola e’lon qilingunga qadar javob ololmagan. Jurnalistlar Silent Lynx vakillari bilan ham bog‘lana olishmagan.
ℹ️ 2026 yil oktyabr oyida Cisco Talos va Recorded Future kompaniyalari postsovet davlatlarining davlat muassasalariga qarshi kiberjosuslik faoliyati bo‘yicha tadqiqot natijalarini e’lon qilgan edi. Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, jinoyatchilar diplomatik yozishmalar, iqtisodiy siyosat, energetika, suv resurslari va qishloq xo‘jaligiga qiziqish bildirgan holda, kamida 2025 yilning yanvaridan buyon hujumlar uyushtirib kelgan. Tadqiqotchilar xakerlarning Qozog‘iston bilan aloqadorlik ehtimolini mo‘tadil deb baholab, mavjud ma’lumotlar ularning kelib chiqishi va ehtimoliy buyurtmachilarini ishonchli tarzda aniqlash imkonini bermasligini ta’kidlaganlar.



