Pokistonning Bank Alfalah banki Afg‘onistondagi faoliyatini butunlay to‘xtatdi va o‘z bank biznesini mahalliy Ghazanfar Bank’ga topshirdi, deb xabar berdi Ariana News nashri. Pokistonning Business Recorder nashri aniqlik kiritishicha, ushbu biznes bilan bog‘liq aktivlar va majburiyatlar ham Ghazanfar Bank ixtiyoriga o‘tgan.
Bank aksiyadorlarga yo‘llagan va 6 noyabr, juma kuni e’lon qilingan xabarnomasida bitim 5 noyabrda yakunlanganini ma’lum qildi. Bunga qadar u Pokiston Davlat banki hamda Afg‘oniston markaziy bankining roziligini olgan va boshqa shartlarni bajargan edi.
Xabarnomada qayd etilishicha, Bank Alfalah Afg‘onistondagi bank operatsiyalarini to‘xtatgan. Afg‘on filiallarini yopish jarayonini u tartibga soluvchi organlar talablariga muvofiq yakuniga yetkazadi.
Bank Kobulda 2005 yilda o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lib, an’anaviy hamda islomiy bank xizmatlarini taklif qilgan. Keyinchalik u Hirotda filialini ochgan.
Mamlakatdan chiqib ketish to‘g‘risidagi qaror deyarli bir yil davomida tayyorlangan. Business Recorder yozishicha, 2025 yil dekabrida bank direktorlar kengashi Ghazanfar Bank’ning xarid qilish bo‘yicha majburiy bo‘lmagan taklifini qabul qilgan. 2026 yil yanvarida esa ikkala davlatning markaziy banklari tekshiruv (due diligence) o‘tkazishga dastlabki rozilikni bergan. Bank o‘z mijozlari uchun sahifasida Kobul va Hirotdagi hisobvaraq egalaridan 2 noyabrgacha qoldiq mablag‘larini Ghazanfar Bank’ga o‘tkazish yoki pulni naqd yechib olib, hisobni yopish to‘g‘risida qaror qabul qilishni so‘ragan. Agar mijoz javob bermagan bo‘lsa, qoldiq mablag‘ Ghazanfar Bank’ga avtomatik tarzda o‘tkazilgan. O‘sha sahifada Bank Alfalah o‘zini Afg‘onistondagi eng yirik xorijiy bank deb atagan edi.
Toliblar davrida Afg‘oniston bank sektori inqiroz holatida qolmoqda. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat xalqaro bank tizimidan uzilgan, markaziy bank zaxiralari esa muzlatib qo‘yilgan. «Ozodlik» radiosi ta’kidlaganidek, inqiroz tufayli 12 ta davlat va tijorat bankidan ayrimlari yopilgan, qolganlari esa cheklovlar bilan ish olib borgan. 8am.media nashri yozishicha, 2021 yildan so‘ng xususiy banklarning aksariyat aksiyadorlari va egalari mamlakatni tark etgan.



