O‘zbekiston va Ummon islom merosini birgalikda o‘rganish bo‘yicha kelishib oldi

Firdavs Abduxoliqov Ummonda. ITsM surati

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Sulton Qobus nomidagi Madaniyat va fan oliy markazi hamda Ummonning «Bayt az-Zubayr» muzeyi bilan hamkorlik memorandumlarini imzoladi. Hujjatlar qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, ko‘rgazmalar tashkil etish va mutaxassislar almashinuvini ko‘zda tutadi. Bu haqda ITsM matbuot xizmati xabar berdi.

Kelishuvlar 4 noyabr kuni Masqatda O‘zbekiston va Ummonning tarixiy hamda madaniy aloqalariga bag‘ishlangan xalqaro simpoziumda imzolandi. Tadbirda 250 ga yaqin kishi, jumladan, davlat idoralari, diplomatik korpus vakillari, ikki mamlakat olimlari va madaniyat arboblari ishtirok etdi.

O‘zbekiston delegatsiyasiga Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchilik qildi.

Simpozium doirasida ko‘rgazma tashkil etilib, unda zamonaviy O‘zbekiston hududining katta qismini qamrab olgan Markaziy Osiyoning tarixiy hududi — Movarounnahrning ilmiy va madaniy merosiga bag‘ishlangan 150 dan ortiq kitob nashrlari, miniatyuralar, haykallar va boshqa eksponatlar namoyish etildi.

Ilmiy sessiya ishtirokchilari qo‘lyozmalarni asrab-avaylash va o‘rganish, ularni raqamlashtirish hamda ilmiy iste’molga kiritish masalalarini muhokama qildilar. Xususan, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov ikki mamlakatning qo‘lyozma merosi bilan birgalikda ishlash istiqbollarini taqdim etdi. Shuningdek, universitetlar va islom ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Tadbir davomida Ummon vaqflar va diniy ishlar vaziri Muhammad bin Said bin Xalfan al-Ma’mariyga Katta Langar Qur’onining faksimile nashri topshirildi. Ummon ilmiy va madaniy muassasalari vakillariga Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan chop etilgan kitoblar tuhfa qilindi. Nashrlarning bir qismi Ummon kutubxonalari hamda Milliy hujjatlar va arxivlar markaziga taqdim etildi.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekiston poytaxtida Hazrati Imom majmuasi yaqinida barpo etilgan. Bino o‘rta asrlar me’moriy obidalari uslubida qad ko‘targan bo‘lib, balandligi 34 metrlik to‘rtta peshtoq va 65 metrlik markaziy gumbazga ega. Bu yerda Qur’on zali, 550 o‘rinli anjumanlar zali hamda ekspozitsiyalari O‘zbekistonning butun tarixini — islomgacha bo‘lgan davrlardan to bugungi kungacha qamrab olgan muzey joylashgan. ITsM O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi, shuningdek, butun dunyodagi ilmiy-ma’rifiy markazlar bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish va uni zamon ruhida anglash maydoniga aylanishi ko‘zda tutilgan.