Britaniyalik komik Sasha Baron Koen o‘z videoroliklarida Borat obrazini yaratgani uchun qozog‘istonliklardan uzr so‘radi. U boshlovchi Josh Xorovis bilan Happy Sad Confused podkastida ta’kidlashicha, Qozog‘iston fuqarolariga chuqur hurmat bilan qaraydi va Boratning «Qozog‘istonga hech qanday aloqasi yo‘q».
Komikning tushuntirishicha, satirik loyiha aslo Qozog‘istonga qarshi qaratilmagan, balki Amerika va Yevropa jamiyatidagi qoloq qarashlar hamda stereotiplarni fosh etishga yo‘naltirilgan.
«Bularning barchasi men muloqot qilgan odamlarning savodsizligi va dunyoqarashi torligi haqida edi. Ular hayotida hech qachon eshitmagan joyda bunday bema’niliklar sodir bo‘lishi mumkinligiga ishonishga tayyor edilar», — dedi u.
Sasha Baron Koen haqidagi yangi muhokamalarga aktyorning yana bir mashhur qahramoni — Ali Jiga bag‘ishlangan Ali G: Who Iz I? filmi sabab bo‘ldi. Komediyaning ikkinchi treylerida Borat ham paydo bo‘lgan.
Promorolikda u soxta davlat idoralari — «Qozog‘iston kino komissiyasi» va «Qozog‘iston tili departamenti» nomidan chiqish qilib, Koenni irqchilik ruhidagi film yaratganlikda ayblaydi. Borat «Qozog‘iston juda g‘azabda va filmni o‘zining ikkita kinoteatridan birortasida ham namoyish etmaydi», deb bayonot beradi. Rolik oxirida u mamlakat nomidan filmni Buyuk Britaniya kinoteatrlarida boykot qilishga chaqiradi.
Borat Sagdiyev — britaniyalik komik Sasha Baron Koen yaratgan eng mashhur obrazlardan biri. U AQSH bo‘ylab sayohat qiladigan, qozoqlarni ayollarni kamsituvchi, irqchi va qoloq odamlar sifatida tasvirlaydigan to‘qima jurnalistdir. Sasha Baron Koen Borat obrazida ilk bor 2005 yilda Lissabonda bo‘lib o‘tgan Yevropa MTV mukofotlarini topshirish marosimida omma oldida paydo bo‘lgan.
«2003 yildan beri Qozog‘iston dunyodagi har qanday boshqa davlat kabi sivilizatsiyalashgan mamlakatga aylandi. Endi ayollar avtobuslarda yurishi mumkin, gomoseksuallarga ko‘k qalpoq kiymaslikka ruxsat berildi, “jinsiy aloqaga rozilik yoshi” esa sakkiz yoshgacha ko‘tarildi», — deb hazil qilgan edi Borat MTV telekanalida nomzodlarni e’lon qilish orasida millionlab tomoshabinlar oldida. O‘shanda Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi vakili Yerjan Ashikbayev bu chiqishni «behayo gaplar to‘plami» deb atagan va Koen Qozog‘iston imijini qoralashga qaratilgan qandaydir siyosiy buyurtmani bajarayotgan bo‘lishi mumkinligini istisno etmagan.
2006 yilda Borat haqidagi birinchi film ekranlarga chiqqan. Uning budjeti 18 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, jahon prokatida 260 million dollardan ortiq mablag‘ to‘plagan. Borat Sagdiyev sarguzashtlarining ikkinchi qismi premerasi 2020 yil 23 oktyabrda Amazon Prime Video striming platformasida bo‘lib o‘tgan.
Borat obrazi qozog‘istonliklarning ko‘pincha salbiy munosabatiga sabab bo‘lgan va turli mojarolarni keltirib chiqargan. Masalan, o‘tgan yozda erkaklar kiyimlari ishlab chiqaruvchi Shoqan brendi Borat ishtirokidagi reklamasi uchun uzr so‘ragan. Ushbu qahramonning cho‘milish kiyimi xorijlik futbol muxlislari orasida mashhur atributga aylangan. Bunday kiyimda futbol o‘yiniga kelgan muxlislar hibsga olingan. Bundan tashqari, filmning yakunida yangraydigan respublika madhiyasining parodiyasi ham janjalga sabab bo‘lgan. 2012 yilda Quvaytda bo‘lib o‘tgan o‘q otish bo‘yicha jahon chempionatida tashkilotchilar adashib, qozog‘istonlik sportchi Mariya Dmitriyenko taqdirlanishi vaqtida haqiqiy madhiya o‘rniga ana shu parodiyani qo‘yib yuborishgan.



