O‘zbekiston delegatsiyasi prezidentning din va ma’rifat masalalari bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov boshchiligida 27–28 oktyabr kunlari Boku shahrida bo‘lib o‘tgan VII Madaniyatlararo muloqot forumida ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xabar berdi.
Forumda Markaz direktori Firdavs Abduholiqov ham ishtirok etdi.
Forum «Bo‘lingan dunyoda umumiy kelajak uchun muloqot: ko‘priklar barpo etish» shiori ostida o‘tkazildi. Unda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Islom olami ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO) Bosh direktori Salim bin Muhammad al-Malik, BMT Bosh kotibining o‘rinbosari, BMT Sivilizatsiyalar alyansining Oliy vakili Migel Anxel Moratinos, xalqaro tashkilotlar, diplomatik vakolatxonalar va diniy jamoalar vakillari qatnashdi.
Ishtirokchilar madaniyatlararo va dinlararo muloqotni rivojlantirish, tinchlik va bag‘rikenglikni mustahkamlash, ta’lim sohasidagi hamkorlik, yoshlar bilan ishlash hamda sun’iy intellektdan foydalanish masalalarini muhokama qildi.
28 oktyabr kuni Ozarbayjonning Diniy tuzilmalar bilan ishlash davlat qo‘mitasi BMT Sivilizatsiyalar alyansi bilan hamkorlikda «Dinlararo muloqot: umumiy kelajak sari yo‘l xaritasi» mavzusida yalpi majlis o‘tkazdi.
Unda so‘zga chiqqan Komilov O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglik va konfessiyalararo totuvlikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida gapirdi. Shuningdek, u O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tarixiy va madaniy aloqalarni qayd etib, Alisher Navoiy va Nizomiy Ganjaviy ijodini ikki mamlakat adabiy an’analari yaqinligining namunasi sifatida tilga oldi.
Butunjahon Madaniyatlararo muloqot forumi Ozarbayjon hukumati va xalqaro tashkilotlar ko‘magida Boku shahrida o‘tkazilmoqda. Uning ishtirokchilari turli madaniyat va din vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmat, ishonch va hamkorlikni mustahkamlash, umumiy qadriyatlar va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qiladi.
ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etilgan. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 550 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.



