Nikimbayev: 2027 yilgi Osiyo kubogini boshqa muddatga ko‘chirish bo‘yicha qaror qabul qilingan

OFK fotosurati

2027 yilgi futbol bo‘yicha Osiyo kubogini boshqa muddatga ko‘chirish haqida qaror allaqachon qabul qilingan. Bu haqda rasman kelasi hafta oxiriga qadar e’lon qilinishi mumkin. Bu haqda futbol eksperti Alisher Nikimbayev o‘zining «Futbolium» Telegram-kanalida o‘z manbasiga tayanib xabar berdi.

«Zag‘izg‘on dumiga ilinib kelgan xabarga ko‘ra, 2027 yilgi Osiyo kubogini boshqa muddatga ko‘chirish haqida qaror allaqachon qabul qilingan, ammo bu haqda kelasi hafta oxiriga qadar e’lon qilinadi. Zag‘izg‘on rost gapirayaptimi yoki yo‘qmi, buni tekshirish uchun bir necha kun kutib turamiz», — deb yozadi Nikimbayev.

Shunga o‘xshash xabarlar xorijiy matbuotda ham paydo bo‘lgan. Yaponiyaning Football Tribe nashri Osiyo kubogi 2027 yil yanvaridan dekabr oyiga ko‘chirilishi mumkinligi haqida xabar bergan. Yaponiya nashri o‘z navbatida ummonlik jurnalist Iso Saidning ma’lumotlariga tayangan. Uning ta’kidlashicha, musobaqani ko‘chirish haqidagi ma’lumotni Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) ichidagi manbadan olgan. Jurnalistning aytishicha, rasmiy e’lon ham yaqin kunlarda berilishi kutilmoqda.

OFK hozircha bu ma’lumotni tasdiqlamagan. Bundan tashqari, 26 oktyabr kuni konfederatsiya musobaqa o‘yinlari boshlanish vaqtini va stadionlarni e’lon qilgan edi. Amaldagi taqvimga ko‘ra, Osiyo kubogi 2027 yil 7 yanvardan 5 fevralga qadar Saudiya Arabistonida o‘tkazilishi kerak.

Saudiya Arabistonida xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat yomonlashayotgani fonida musobaqani ko‘chirish imkoniyati oktyabr oyidan buyon muhokama qilinmoqda. OFK prezidenti shayx Salmon bin Ibrohim Al Xalifa avvalroq konfederatsiya vaziyatni kuzatib borayotganini va zarurat tug‘ilsa, Osiyo kubogini keyinroq muddatga qoldirishi mumkinligini ma’lum qilgandi. U variantlardan biri sifatida musobaqani 2028 yilda o‘tkazishni ham tilga olgan.

Osiyo kubogida 24 ta milliy terma jamoa ishtirok etishi kerak. Musobaqada Markaziy Osiyodan O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston terma jamoalari qatnashadi.