QFI Babanov tashabbusidan so‘ng legionerlar limitini kuchaytirishdan voz kechdi

Omurbek Babanov. QFI fotosurati

Qirg‘iziston futbol ittifoqi (QFI) Oliy liga klublarining murojaatlari va «Aziya» futbol klubi prezidenti, QFI Ijroiya qo‘mitasi a’zosi Omurbek Babanov tashabbusidan so‘ng legionerlarga qo‘yiladigan limitni kuchaytirish bo‘yicha avval qabul qilingan qarorini qayta ko‘rib chiqdi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.

Babanov xorijlik futbolchilarga nisbatan amaldagi cheklovlarni butunlay bekor qilishni taklif qildi. Masala 26 oktyabr kuni QFI Ijroiya qo‘mitasi a’zolari va Oliy liga klublari rahbarlari ishtirokidagi yig‘ilishda muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, Ijroiya qo‘mitasi klublarning umumiy pozitsiyasini qo‘llab-quvvatladi. 2027 va 2028 yilgi mavsumlarda 7/4 sxemasi amal qilishda davom etadi: maydonda bir vaqtning o‘zida yettitadan ortiq legioner va Qirg‘iziston fuqaroligiga ega kamida to‘rt nafar futbolchi bo‘lishi mumkin emas.

Shu tariqa, QFI legionerlar limitini bosqichma-bosqich kuchaytirish bo‘yicha avval rejalashtirilgan qaroridan voz kechdi. Ijroiya qo‘mitasining 12 oktyabrdagi qaroriga muvofiq, maydondagi legionerlar soni har yili bittaga kamaytirilishi, Qirg‘iziston futbolchilari soni esa bittaga oshirilishi kerak edi. Xususan, 2027 yilda oltita legioner va beshta mahalliy futbolchiga, 2028 yilda esa tegishlicha beshta legioner va oltita mahalliy futbolchiga ruxsat berilishi rejalashtirilgan. 2029 yilda bu nisbat to‘rt nafar legioner va yetti nafar mahalliy futbolchini tashkil etishi kerak edi.

Amaldagi nizomga ko‘ra, Oliy liga klublari bir mavsum uchun tarkibiga o‘n nafargacha legionerni kiritishi mumkin. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining boshqa davlatlari — Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Rossiya fuqarolari esa Qirg‘izistonda legioner hisoblanmaydi.

Omurbek Babanov — Qirg‘izistonning sobiq Bosh vaziri va 2026 yilgi mavsumda Oliy ligada ilk bor ishtirok etgan Talasning «Aziya» futbol klubi prezidenti. Jamoaning bosh murabbiyi — O‘zbekiston terma jamoasining sobiq hujumchisi Maksim Shatskix.

Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, «Aziya» tarkibida 11 nafar xorijlik futbolchi bor. Ularning biri — belaruslik darvozabon Roman Stepanov — YEOIIga a’zo davlat fuqarosi bo‘lgani uchun legionerlar limitiga kirmaydi. Shu tariqa, QFI nizomiga ko‘ra, klubning o‘n nafar xorijlik futbolchisi legioner hisoblanadi.

2026 yil bahorida Kamchibek Tashiyev lavozimidan ketganidan so‘ng Qirg‘iziston OAVlarida Babanov QFI prezidenti lavozimiga ehtimoliy nomzodlardan biri sifatida tilga olingan edi. Biroq, 15 aprel kuni bo‘lib o‘tgan kongressda ittifoq rahbari lavozimiga rasman nomzodlar ko‘rsatilmadi va saylovlar qoldirildi. O‘shanda Babanov QFI Ijroiya qo‘mitasining yangi tarkibiga kirdi. 12 may kuni Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi Odilbek Qosimaliyev ittifoq prezidenti etib saylandi, Babanov esa Ijroiya qo‘mitasidagi o‘rnini saqlab qoldi.