Saudiya Arabistonida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan 2027 yilgi futbol bo‘yicha Osiyo kubogi qariyb bir yilga qoldirildi. Musobaqa 2027 yil 23 dekabrdan 2028 yil 21 yanvargacha bo‘lib o‘tadi, deb xabar beradi Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK).
Dastlab musobaqani 2027 yil 7 yanvardan 5 fevralgacha o‘tkazish rejalashtirilgan edi. OFK muddatlarning o‘zgartirilishini mintaqadagi vaziyatning rivojlanishi bilan bog‘liq «favqulodda holatlar», jumladan, jiddiy logistika muammolari va transport qatnovidagi uzilishlar bilan izohlaydi.
Musobaqani ko‘chirish to‘g‘risidagi qaror Osiyo kubogi tashkiliy qo‘mitasi tomonidan mahalliy tashkiliy qo‘mita va Saudiya Arabistoni futbol federatsiyasi bilan maslahatlashuvlardan so‘ng ma’qullangan. Turnirning yangi sanalari tasdiqlash uchun FIFAga taqdim etilishi kerak.
Avvalroq Yaponiya ommaviy axborot vositalari Osiyo kubogini o‘tkazish muddatlari o‘zgarishi mumkinligi haqida yozgan edi. Eurasia Football 2 noyabr kuni turnirni yanvardan aynan 2027 yil dekabriga ko‘chirish rejalashtirilayotgani haqidagi ma’lumotlar paydo bo‘lganini xabar qildi. Yaponiyaning Football Tribe nashriga tayangan ummonlik jurnalist Iso Said ma’lumotni OFK ichidagi manbadan olganini aytgan. Futbol eksperti Alisher Nikimbayev ham o‘z manbalariga tayanib, turnirni ko‘chirish haqidagi qaror qabul qilinganini ma’lum qilgandi.
Oktyabr oyidayoq Australian Associated Press Saudiya Arabistonida xavfsizlik vaziyati yomonlashishi va Ar-Riyod xalqaro aeroporti ishidagi uzilishlar fonida Osiyo kubogi boshqa muddatga ko‘chirilishi mumkinligini taxmin qilgandi. O‘shanda musobaqani 2028 yilda o‘tkazish ehtimoliy variantlardan biri sifatida tilga olingandi. Shunga qaramay, Elit Chempionlar ligasi doirasidagi o‘yinlar baribir bo‘lib o‘tdi.
Osiyo kubogining final bosqichida 24 ta milliy terma jamoa, jumladan, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston terma jamoalari ishtirok etadi. Saudiya Arabistoni qit’a chempionatiga ilk bor mezbonlik qiladi.



