Toshkentning «Paxtakor» klubi 63 yil ichida ilk bor o‘z maydonidagi o‘yinda darvozasidan oltita gol o‘tkazib yubordi. 2 noyabr kuni OFK Chempionlar ligasining elita bosqichi to‘rtinchi turida O‘zbekiston klubi Saudiya Arabistonining «An-Nasr» jamoasiga 2:6 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
Bunday holat avval 1963 yil 27 oktyabrda sodir bo‘lgan. O‘shanda «Paxtakor» SSSR chempionati doirasida Toshkentdagi Markaziy stadionda Moskva SSKA klubiga 1:6 hisobida mag‘lub bo‘lgan. Mezbonlarning yagona goliga Gennadiy Krasnitskiy mualliflik qilgan.
Shu bilan birga, toshkentliklar o‘z maydonida to‘rtta to‘p farqi bilan ancha keyin ham mag‘lub bo‘lgan. 2019 yil 31 may kuni «Paxtakor» Liga kubogining birinchi turida o‘z stadionida «Qo‘qon-1912»ga 0:4 hisobida yutqazgan.
«An-Nasr» bilan o‘yinda mehmonlar 32-daqiqadayoq uchta gol urishga ulgurdi. Joau Feliks dubl qayd etdi, shuningdek, Saudiya klubi safida Abdulla Al-Hamdan, Abdulela Al-Amri, Abdulrahmon G‘arib va Anjelo ham gol kiritdi. «Paxtakor» safida Flamarion va Dostonbek Hamdamov gol urishdi.
Qayd etish lozim, o‘zbekistonlik muxlislar katta intiqlik bilan kutayotgan Krishtianu Ronaldu «An-Nasr» tarkibida maydonga tushmadi. Dunyoning eng kuchli futbolchilaridan biriga dam berildi.
To‘rt turdan keyin «Paxtakor» turnirning asosiy bosqichida hali g‘alaba qozongani yo‘q. Toshkentliklar ikki ochko jamg‘ardi: «Al-Ahli» (1:1) va «Al-Qodisiya» (1:1) bilan durang o‘ynadi, shundan so‘ng Iroqning «Al-Quva Al-Javiya» (0:1) va «An-Nasr» (2:6) jamoalariga mag‘lub bo‘ldi. Jamoa keyingi uchrashuvini 23 noyabr kuni Jiddada «Al-Ittihod»ga qarshi o‘tkazadi.
O‘zbekistonning yana bir vakili — «Neftchi» to‘rtinchi turda Maskatda Eronning «Traktor» klubi bilan 2:2 hisobida durang o‘ynadi. Farg‘onaliklar ikki marta hisobda oldinga chiqdi: Stipe Peritsa 55-daqiqada hisobni ochdi, Vladimir Yovovich esa 90+4-daqiqada hisobni 2:1 ko‘rinishiga keltirdi. Biroq 61-daqiqadan boshlab Farshad Faraji maydondan chetlatilgani sababli o‘n kishi bo‘lib o‘ynagan «Traktor» 90+9-daqiqada Masud Zayerkazemayn goli evaziga hisobni tenglashtirdi.
To‘rtta o‘yindan keyin «Neftchi» hisobida to‘rt ochko bor. Birinchi turda farg‘onaliklar «Al-Quva Al-Javiya»ni mag‘lub etdi, keyin ikki marta mag‘lubiyatga uchradi va endi «Traktor» bilan durang o‘ynadi. Beshinchi turda, 23 noyabr kuni, «Neftchi» Farg‘onada Saudiya Arabistonining «Al-Hilol» klubi bilan baxslashadi.



